Oilaviy baxtga eltuvchi dono maslahatlar
Nikoh va farzandlar — Yaratuvchimizning qimmatbaho sovg‘asidir! U oilamiz baxtli bo‘lishini istaydi. Shunga qadimda yozilgan Kalomi orqali U bizga maslahatlar bergan. Ular oilaviy hayotimizni yaxshiroq va baxtliroq qilishga yordam berishi mumkin. Keling, ushbu dono maslahatlardan bir nechtasini ko‘rib chiqaylik.
Erlar, xotiningizni seving
«Erlar ham o‘z xotinlarini o‘z tanalarini sevganday sevishlari kerak. O‘z xotinini sevgan o‘zini o‘zi sevadi. Hech bir kishi o‘z tanasidan nafratlanmaydi, aksincha, uni oziqlantirib, ardoqlaydi». (EFESLIKLARGA 5:28, 29)
Er — oilaning boshidir. (Efesliklarga 5:23) Yaxshi er qo‘pol va talabchan bo‘lmaydi. U xotinini qadrlaydi hamda uning jismoniy va hissiy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qiladi. Shuningdek, u nuqul o‘zinikida turib olmay, xotinining ko‘ngliga qaraydi. (Filippiliklarga 2:4) Er xotiniga o‘z his-tuyg‘ulari-yu fikrlarini ochiqchasiga aytib, uni tinglaydi. U xotiniga «g‘azablanmaydi», jismoniy zarar yetkazmaydi va uning dilini og‘ritadigan so‘zlarni aytmaydi. (Kolosaliklarga 3:19)
Xotinlar, eringizni hurmat qiling
«Xotin... erini chuqur hurmat qilsin». (EFESLIKLARGA 5:33)
Xotin erini hurmat qilsa va uning qarorlarini qo‘llab-quvvatlasa, oilasi tinch bo‘lishiga hissa qo‘shadi. Bordi-yu, eri xato qilsa, u erini kamsitmaydi, aksincha, unga muloyimlik va hurmat ila muomala qilishda davom etadi. (1 Butrus 3:4) Agar xotin eri bilan qandaydir muammo haqida gaplashmoqchi bo‘lsa, buning uchun qulay vaqtni tanlaydi va unga hurmat ila gapiradi. (Voiz 3:7)
Umr yo‘ldoshingizga sadoqatli bo‘ling
«Erkak kishi... xotiniga bog‘lanib qoladi va ular bir tan bo‘lishadi». (IBTIDO 2:24)
Erkak bilan ayol turmush qurganda, ularning o‘rtasida o‘zgacha rishtalar paydo bo‘ladi. Shunga turmush qurgan juftlik nikohni mustahkam saqlash uchun o‘zaro dildan suhbatlashishi va bir-biriga yoqimli bo‘ladigan ishlar qilishi muhim. Qolaversa, ular nikohdan tashqari jinsiy aloqa qilmay, bir-biriga sadoqatni saqlashlari kerak. Umr yo‘ldoshiga xiyonat qilgan inson unga kuchli og‘riq keltiradi. Xiyonat er-xotinning o‘rtasidagi ishonchni poymol etib, oilani barbod qilishi mumkin. (Ibroniylarga 13:4)
Ota-onalar, farzandlaringizga tarbiya bering
«Bolani tarbiyalab, to‘g‘ri yo‘lga sol, hatto ulg‘ayganda ham undan og‘maydi». (HIKMATLAR 22:6)
Alloh ota-onalarga farzandlariga tarbiya berish vazifasini topshirgan. Bunga farzandlariga o‘zini qanday tutishni o‘rgatish hamda ularga yaxshi namuna ko‘rsatish kiradi. (Qonunlar 6:6, 7) Farzand o‘zini yomon tutsa, dono ota-ona jahlga berilmaydi. Ular «tinglashga tayyor.., so‘zlashga va g‘azablanishga esa» shoshilmaydi. (Yoqub 1:19) Agar ota-onalar farzandini jazolash kerak deb hisoblashsa, ular buni jahl bilan emas, sevgi bilan qilishadi.
Farzandlar, ota-onangizga quloq solinglar
«Farzandlar,.. ota-onalaringizga quloq solinglar... Ota-onangizni hurmat qiling». (EFESLIKLARGA 6:1, 2)
Farzandlar ota-onasiga quloq solishi va ularni chuqur hurmat qilishi lozim. Farzandlar ota-onasiga hurmat ko‘rsatganida, oilada quvonch va tinchlik hukm surishiga hissa qo‘shishadi. Voyaga yetgan yoshi katta farzandlar ota-onasiga yaxshi g‘amxo‘rlik qilib, ularni hurmat qilayotganini ko‘rsatishadi. Bunga ota-onasining uyini yaxshi holatda saqlashga yordam berish yoki ularga moddiy jihatdan ko‘maklashish kirishi mumkin. (1 Timo‘tiyga 5:3, 4)