Asosiy materiallarga o‘tish

Nega jamoatdan chetlatilish sevgi ila ko‘rilgan chora?

Nega jamoatdan chetlatilish sevgi ila ko‘rilgan chora?

«O‘G‘LIM jamoatdan chetlatilgani haqidagi e’lonni eshitganimda, dunyo ko‘zimga qorong‘i bo‘lib ketdi. U to‘ng‘ich farzandim bo‘lgani uchun biz juda yaqin edik. Biz ko‘p ishlarni birgalikda bajarardik. U doim o‘rnakli o‘g‘il bo‘lgan, lekin afsuski keyinchalik noma’qul yo‘l tuta boshladi. Rafiqam tez-tez yig‘lardi, men esa unga qanday tasalli berishni bilmasdim. Ko‘pincha aqlimizga, ota-ona sifatida nimanidir noto‘g‘ri qildikmikan, degan xayol kelardi»,— deb bo‘lishdi Julian.

Jamoatdan chetlatilish shuncha ko‘p og‘riq keltirsa, uni qanaqasiga sevgi ila ko‘rilgan chora deyish mumkin? Bunday jiddiy chorani ko‘rish uchun Muqaddas Kitobda qanday sabablar bor? Nima asosida kishi jamoatdan chetlatiladi?

JAMOATDAN CHETLATILISH UCHUN IKKITA OMIL

Ikkita o‘zaro bog‘liq omil asosida Yahovaning Shohidi jamoatdan chetlatilishi mumkin. Birinchisi, suvga cho‘mgan masihiy jiddiy gunohga qo‘l urganda. Ikkinchisi, u gunohida tavba qilmaganda.

Yahova bizdan mukammallikni talab qilmasa-da, Uning xizmatchilari ilohiy me’yorlariga amal qilishlarini kutadi. Masalan, Yahova bizni axloqsizlik, butparastlik, o‘g‘rilik, talonchilik, qotillik va sehr-jodu bilan shug‘ullanish kabi jiddiy gunohlardan qochishga undaydi (1 Kor. 6:9, 10; Vah. 21:8).

Yahovaning pok prinsiplari oqilona ekaniga va himoyamiz uchun xizmat qilishiga qo‘shilsangiz kerak-a? Tinchlikparvar, odobli va ishonchli kishilar orasida yashashni kim ham istamaydi? Gap shundaki, o‘zimizni Xudoga bag‘ishlab, Uning Kalomida yozilgan yo‘l-yo‘riqlarga muvofiq yashashga va’da berganimizda, birodar-u opa-singillarimiz orasida shunday muhitga ega bo‘lganmiz.

Biroq suvga cho‘mgan masihiy tana zaifligi dastidan jiddiy gunohga qo‘l ursa-chi? Yahovaning o‘tmishda yashagan sodiq xizmatchilari ham xatolarga yo‘l qo‘yishgan, lekin Xudo ularni darhol rad etmagan. Shoh Dovudning misoli hammaga tanish. U, zino va qotillik qilgan. Bunga qaramay, Natan payg‘ambar unga: «Egam gunohingdan o‘tdi»,— deb aytgan (2 Shoh. 12:13).

Dovud chin dildan tavba qilgani uchun Alloh uni kechirgan (Zab. 32:1–5). Shunga ko‘ra, bugun ham Yahovaning xizmatchisi tavba qilmaganda yoki xatosini takrorlayvergan taqdirdagina jamoatdan chetlatiladi (Havor. 3:19; 26:20). Agar hakamlar qo‘mitasidagi oqsoqollar kishi sidqidildan tavba qilayotganini ko‘rishmasa, uni jamoatdan chetlatishlari kerak.

Boshida, gunoh qilgan kishini — ayniqsa u yaqinimiz bo‘lsa — chetlatish keskin yoki hatto shafqatsiz choraday ko‘rinishi mumkin. Shunga qaramay, Yahovaning Kalomida bu sevgi ila chiqarilgan qaror ekanida bizni ishontiradigan dalillar keltirilgan.

JAMOATDAN CHETLATISHNING FOYDASI

Iso aytganiday, «odamning donoligi odil ishlaridan ko‘rinadi» (Mat. 11:19). Tavba qilmayotgan aybdorni jamoatdan chetlatish haqidagi dono qaror, yaxshi samaralar keltiradi. Ulardan uchtasini ko‘rib chiqaylik.

Aybdor kishini jamoatdan chetlatish Yahovaning ismini sharaflaydi. Yahovaning ismi bilan atalgan xalq ekanmiz, har bir ishimiz Uning ismida aks etishi muqarrar (Ishayo 43:10). Xuddi o‘g‘ilning harakatlari ota-onasiga yo isnod yo sharaf keltirganiday, odamlarning Yahovaga bo‘lgan munosabati Uning nomi bilan atalgan kishilar o‘zlarini yaxshi yoki yomon tomondan namoyon etganiga qarab belgilanadi. Bu ismni olib yurganlar Yahovaning axloq borasidagi me’yorlariga amal qilishsa, Uning yaxshi nomini yanada ulug‘lagan bo‘lishadi. Hizqiyo payg‘ambar davrida boshqa xalqlar, yahudiylarni Xudoning ismi bilan bog‘liq deb bilishgan (Hiz. 36:19–23). Bugun ham odamlar Yahovaning Shohidlarini Yahova ismi bilan bog‘lashadi. Shuning uchun, agar Yahovaning qonunlariga bo‘ysunsak, Uning ismini sharaflagan bo‘lamiz.

Axloqsizlik qilib yursak, Xudoning muqaddas ismiga isnod keltiramiz. Havoriy Butrus masihiylarga quyidagicha maslahat bergan: «Itoatli bolalardek bo‘linglar, Xudo to‘g‘risida bilimingiz yo‘q bo‘lgan damlardagidek, istaklaringizga binoan yo‘l tutmanglar. Lekin sizlarni da’vat qilgan Alloh muqaddas bo‘lgani kabi, sizlar ham butun yurish-turishingizda muqaddas bo‘linglar. Boisi, Muqaddas Yozuvlarda: “Muqaddas bo‘linglar, chunki Men muqaddasman”,— deb aytilgan» (1 Butr. 1:14–16). Ha, pok va muqaddas yurish-turish Allohning ismiga shon-shuhrat keltiradi.

Bordi-yu, Yahovaning Shohidlaridan biri yomon ishlarni qilib yursa, hoynahoy do‘stlari va tanishlari bundan xabardor bo‘lishadi. Jamoatdan chetlatish esa, Yahovaning xalqi Muqaddas Yozuvlardagi yo‘l-yo‘riqlarga amal qilib, muqaddaslikni saqlaydigan pok kishilardan iborat ekanini ko‘rsatadi. Shveysariyada, Yig‘ilish Zalidagi uchrashuvga notanish bir kishi kelib, jamoat a’zosi bo‘lish istagi borligini aytibdi. Uning yaqin qarindoshi axloqsizlik uchun jamoatdan chetlatilgan ekan. U kishi, «yomon xulq-atvorga ko‘z yummaydigan» tashkilotga qo‘shilmoqchi ekanini bildiribdi.

Chetlatish jamoatning pokligini asraydi. Havoriy Pavlus Korinfdagi masihiylarni, o‘zboshimchalik bilan gunoh qilishda davom etayotganlarni oralarida qoldirish xavfidan ogohlantirgan. U, bunday kishilarning yomon ta’sirini, butun xamirni oshirib yuboradigan bir parcha xamirturushga o‘xshatgan. Havoriy, «ozgina xamirturush butun xamirni achitishini» ta’kidlagach, shunday maslahat bergan: «Yaramas odamni orangizdan chiqarib tashlanglar» (1 Kor. 5:6, 11–13).

Pavlus aytib o‘tgan «yaramas odam», behayolarcha zino qilib yurgani aniq. Jamoatning boshqa a’zolari esa, uning xulqini hatto oqlay boshlashgan (1 Kor. 5:1, 2). Agar bunday gunohga ko‘z yumilganida edi, boshqa masihiylarda o‘zlari yashayotgan shaharda odat tusiga aylangan axloqsizlikka ergashish moyilligi paydo bo‘lardi. Bila turib qilingan gunohlar ilohiy me’yorlarga yengiltaklik bilan qarashga olib kelardi (Voiz 8:11). Bundan tashqari, tavba qilmayotgan gunohkorlar «suv osti qoyalari» kabi bo‘lib, jamoatdagilarning imonini barbod qilishlari hech gap emas edi (Yahd. 4, 12).

Jamoatdan chetlatilish, aybdor kishi es-hushini yig‘ib olishiga yordam beradi. Bir safar Iso, otasining uyidan ketgan va kayf-safo qilib, butun merosini sovurib yuborgan yigit haqida aytib bergan edi. Darbadar o‘g‘il, ota uyidan tashqaridagi hayot bemazmun va shafqatsiz ekanini achchiq tajribasida his qilgan. Oxir-oqibat u es-hushini yig‘ib, pushaymon bo‘lgan va o‘z oilasiga qaytishga qaror qilgan (Luqo 15:11–24). Iso, o‘g‘li nuqtai nazarini o‘zgartirganidan quvonchga to‘lgan mehribon otani tasvirlagani, Yahovaning tuyg‘ularini tushunishimizga yordam beradi. Yahova bizni: «Fosiqning halokatidan sevinmayman. Aksincha, fosiqlar yomon yo‘lidan qaytib, yashashini xohlayman»,— deb ishontirmoqda (Hiz. 33:11).

Shunga o‘xshab, ortiq masihiylar jamoatining — ma’naviy oilasining — a’zosi bo‘lmagan chetlatilgan kishilar ham nimani yo‘qotganini tushunishi mumkin. Gunohining achchiq mevasini totish va Yahova hamda Uning xalqi bilan yaxshi munosabatlardan bahramand bo‘lgani haqidagi xotiralar, ularga es-hushini yig‘ib olishiga ko‘maklashadi.

Kutilgan natijaga erishish uchun sevgi va qat’iyat talab etiladi. Sano bastakori Dovud quyidagicha degan: «Mayli, solih odam meni uraversin, sodiq odam meni to‘g‘rilasin, boshim shunday a’lo moyni rad qilmasin» (Zab. 141:5). Masalan, ovqat yeyayotib, tiqilib qolgan odamni tasavvur qiling. Unga havo yetmagani uchun u holsizlanib qoladi va hatto gapira olmaydi. Agar unga kimdir darhol yordam bermasa, o‘lib qoladi. Shuning uchun do‘sti uning beliga kuch bilan uradi. To‘g‘ri, qattiq zarbadan uning joni og‘riydi, biroq bu hayotini saqlab qolishi mumkin. Shu kabi, Dovud ham odil kishining tanbehi og‘riqli bo‘lishi mumkinligini, ammo bu uning foydasiga xizmat qilishini tan olgan.

Ko‘pincha, jamoatdan chetlatilish gunoh qilgan kishi uchun aynan kerakli tartib-intizom chorasi bo‘ladi. Taxminan o‘n yildan keyin, maqolaning boshida tilga olingan Julianning o‘g‘li hayotini tartibga solib, jamoatga qaytgan va hozir oqsoqol bo‘lib xizmat qilyapti. U: «Jamoatdan chetlatilish, hayot tarzimning oqibatlarini yaqqol ko‘rishimga imkon berdi. Men aynan shunday tarbiyaga muhtoj edim»,— deb bo‘lishdi (Ibron. 12:7–11).

CHETLATILGANLARGA SEVGI ILA MUNOSABATDA BO‘LISH

Jamoatdan chetlatilish ma’naviy fojia ekani bor gap, lekin bu yengib bo‘lmas musibatga aylanmasligi kerak. Chetlatilishdan ko‘zlangan maqsadga erishish uchun, har birimiz o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim.

Tavba qilganlar Yahovaga qaytishiga yordam beradigan choralar

Oqsoqollar. Jamoatdan chetlatishdek qayg‘uli qarorni chiqarishda ishtirok etadigan oqsoqollar, Yahovaning sevgisini aks ettirishga intilishadi. Odamni bu haqda xabardor qilayotib, ular jamoatda qayta tiklanish uchun nimalar qilish kerakligini mehr ila va aniq tushuntirishadi. Chetlatilgan kishi Yahovaga qanday qaytishi mumkinligini eslatib turish uchun, oqsoqollar yurish-turishi o‘zgarayotgani sezilgan kishilarnikiga vaqti-vaqti bilan borib turishadi a.

Oila a’zolari esa, chetlatish qarorini hurmat qilib, jamoatga va gunoh qilgan kishiga nisbatan sevgisini ko‘rsatishadi. Julian birodarimiz: «U hamon mening o‘g‘lim edi, ammo tutgan hayot yo‘li oramizga to‘siq qo‘ydi»,— deb tushuntirdi.

Jamoatning barcha a’zolari chetlatilgan kishi bilan aloqa qilish va suhbatlashishdan qochib, Allohning Kalomiga asoslangan sevgini namoyon etishadi (1 Kor. 5:11; 2 Yuhan. 10, 11). Bu bilan ular, Yahova aybdor kishiga oqsoqollar orqali bergan tarbiyasini qo‘llab-quvvatlashadi. Ustiga-ustak, jamoat a’zolari chetlatilgan kishining qayg‘urayotgan oilasiga kuchli sevgi va yordam ko‘rsatishlari mumkin. Chunki ular ham, o‘zlarini imondoshlari bilan muloqot qilishdan mahrum etilganday his qilmasliklari kerak (Rim. 12:13, 15).

Julian akamiz shunday xulosa yasadi: «Jamoatdan chetlatish, bizga kerakli bo‘lgan choradir, chunki u Yahovaning me’yorlari bo‘yicha yashashimizga yordam beradi. Og‘riq uzoq davom etgan bo‘lsa-da, bu yaxshi samara keltirdi. Agar o‘g‘limning yomon xulqiga ko‘z yumganimda, u hech qachon ortga qaytmasdi».