Asosiy materiallarga o‘tish

MUQADDAS KITOB HAYOTNI O‘ZGARTIRA OLADI

Hayotim tobora izidan chiqib ketayotgan edi

Hayotim tobora izidan chiqib ketayotgan edi
  • TUG‘ILGAN YILI: 1952

  • MAMLAKATI: QO‘SHMA SHTATLAR

  • O‘TMISHDA: ZO‘RAVON VA SHAFQATSIZ BO‘LGAN

OLDINLARI

Yoshligim Los-Anjelesda (AQShning Kaliforniya shtati) o‘tgan. Men o‘sgan hudud ko‘cha bezorilari va giyohvand savdosi bilan mashhur bo‘lgan. Men olti farzandning ikkinchisiman.

Oyim yevangelist bo‘lganlar va biz ham shu dinda katta bo‘ldik. Lekin o‘smirligimda ikki xil hayot tarzini kechira boshladim. Yakshanba kunlari cherkov xorida qo‘shiq kuylardim. Boshqa kunlari esa o‘tirishlarga borardim, giyohvand moddalarni qabul qilib, axloqsiz hayot kechirardim.

O‘zimni tuta olmasdim, jahlim burnim uchida turardi. G‘alaba qozonish uchun hech narsadan tap tortmasdim. Cherkovda o‘rganganlarim menga yordam bermasdi. Men shunday derdim: «Qasos Xudoning qo‘lida, men esa Uning quroliman».1960-yillar oxirida katta sinfda o‘qiganimda, qora tanli insonlarning huquqlarini himoya qilish uchun kurashadigan «Qora panteralar» nomli siyosiy partiyaga ilakishib qoldim. Men inson huquqlarini himoya qiluvchi talabalar uyushmasiga qo‘shildim. Maktablarni vaqtinchalik yopib bir necha bor norozilik harakatlarini uyushtirganmiz.

Lekin bu meni qoniqtirmasdi. Nafratga to‘lganimdan qon to‘kilishini istardim. Masalan, bir kuni do‘stlarim bilan Qo‘shma Shtatlarda qul bo‘lib azob chekkan afrikaliklar haqida film tomosha qildik. Bu bizni shunchalik g‘azablantirganidan kinoteatrdagi oq tanli yigitlarga tashlandik. Keyin yana kimnidir do‘pposlash uchun oq tanli odamlar yashaydigan qo‘shni tumanga bordik.

Hali 20 yoshga to‘lmasimdan, akalarim bilan haqiqiy kallakesarlarga aylandik. Buning dastidan hukumat bilan oramizda tez-tez mojarolar bo‘lib turardi. Ukalarimdan biri taniqli bir to‘daning a’zosi edi va men uning do‘stlari bilan ko‘p vaqt o‘tkazardim. Xullas hayotim tobora izidan chiqib ketayotgan edi.

MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI.

Bir do‘stimning ota-onasi Yahovaning Shohidlari edi. Bir safar ular meni jamoat uchrashuviga taklif qilishdi va men borishga rozi bo‘ldim. Birinchi e’tibor bergan narsam: Yahovaning Shohidlari boshqa dinlardan keskin farq qilardi. Hammaning Muqaddas Kitobi bor edi va uchrashuv mobaynida undan foydalanishardi. Hatto bolalar va o‘smirlar ham nutqlar bilan chiqishardi. Xudoning Yahova degan ismi borligini va uni bemalol qo‘llashayotganini eshitganimda hayron qoldim. (Zabur 83:18) Jamoatda turli millat vakillari bor edi, lekin ular orasida hech qanday irqiy bo‘linishlar yo‘qligi yaqqol ko‘rinib turardi.

Shohidlarning jamoat uchrashuvlariga borishni yoqtirsam-da, tadqiq o‘tishni xohlamasdim. Bir safar jamoat uchrashuvida bo‘lganimda, do‘stlarim konsyertga borishgan edi. Konsyertda bir o‘smir yigit charm kurtkasini do‘stlarimga bermagani uchun, ular uni do‘pposlab o‘ldirishdi. Ertasi kuni esa bu qilmishlari haqida maqtanib yurishdi. Ular bu haqida hatto sudda ham hazil qilishdi. Do‘stlarimning aksariyati umrbod qamoq jazosini oldi. O‘sha tunda ular bilan birga bo‘lmaganimdan nihoyatda xursandman. O‘shanda hayotimni o‘zgartirishga qaror qildim va Muqaddas Kitob tadqiqini boshladim.

Men millatchilik qilardim, lekin Shohidlarning bir-biriga bo‘lgan munosabati menda katta taassurot qoldirdi. Masalan, oq tanli Shohid chet elga ketishi kerak bo‘lganida, bolalarini qora tanli oilada qoldirgan edi. Shuningdek, bir qora tanli yigitga oq tanli oila o‘z uyidan boshpana berdi. Yahovaning Shohidlari Isoning Yuhanno 13:35 dagi so‘zlariga amal qilishlariga amin bo‘ldim. «Agar orangizda mehr-muhabbat bo‘lsa, sizlar mening shogirdlarim ekaningizni barcha bilib oladi». Haqiqiy birodarlikni topganimdan shubham yo‘q edi.

Tadqiq o‘tishni boshlagach, nuqtai nazarimni o‘zgartirishim kerakligini tushundim. Men o‘zimni nafaqat tinchlikparvardek tutishim, balki bu xislat shaxsiyatimga aylanishi uchun ongimni yangilashim kerak edi. (Rimliklarga 12:2) Sekin-asta ma’nan o‘sdim. 1974-yili yanvar oyida Yahovaning Shohidi sifatida suvga cho‘mdim.

Men o‘zimni nafaqat tinchlikparvardek tutishim, balki bu xislat shaxsiyatimga aylanishi uchun ongimni yangilashim kerak edi

Hatto suvga cho‘mganimdan keyin ham, fe’l-atvorimni o‘zgartirishda davom etishim lozim edi. Bir safar uyma-uy xizmat qilganimda, mashinamdan radiopriyomnikni o‘g‘irlab ketishdi va men o‘g‘rining orqasidan quvib ketdim. Unga endi yetay deganimda, u radioni tashlab, qochib ketdi. Bu haqida boshqalarga aytib berdim va oqsoqol mendan: «Stiven, agar unga yetib olganingizda, nima qilardingiz?»— deb so‘radi. Bu savol meni o‘ylantirib qo‘ydi va tinchlikparvarlik ustida ko‘proq ishlashga undadi.

1974-yili oktabr oyidan to‘la vaqtli xizmatni boshladim. Boshqalarga Muqaddas Kitob haqiqatlarini aytish uchun xizmatga har oy 100 soat vaqt ajratardim. Keyinchalik Yahova Shohidlarining Bruklindagi (Nyu-York shtati) xalqaro bosh idorasida ixtiyoriy xizmatchi sifatida xizmat qilish sharafiga ega bo‘ldim. 1978-yili betob onamga g‘amxo‘rlik qilish uchun Los-Anjelesga qaytdim. Ikki yil o‘tib, go‘zal rafiqam Aarondaga uylandim. Rafiqam onamning o‘limiga qadar unga g‘amxo‘rlik qilishimga yordam berdi. Vaqt o‘tib, Aaronda bilan birgalikda Gilad nomli Muqaddas Kitob maktabida o‘qidik. Bizni to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y sifatida Panamaga tayinlashdi. Hozirgacha u yerda xizmat qilyapmiz.

Suvga cho‘mganimdan keyin, ko‘p marotaba ig‘voli vaziyatlarga duch keldim. Kimdir jahlimni chiqarmoqchi bo‘lganida, vaziyatni yumshatishga va o‘zimni tuta olishga o‘rgandim. Bu kabi vaziyatlarni to‘g‘ri hal qilganim uchun ko‘plar, shu jumladan, rafiqam meni maqtaydi. Hatto o‘zimga-o‘zim hayron qolaman. Lekin bu o‘zgarishlarga o‘z kuchim bilan erishmadim. Bularning bari Muqaddas Kitobning kuchli ta’siri tufayli sodir bo‘ldi. (Ibroniylarga 4:12)

QANDAY FOYDA OLDIM?

Muqaddas Kitob hayot mazmunini topishimga va tinchlikparvar inson bo‘lishimga ko‘maklashdi. Hozir hech kim bilan mushtlashmayman. Aksincha, odamlarga ma’nan yordam beryapman. Hatto maktabdagi dushmanim bilan ham Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tganman. U suvga cho‘mganidan keyin, biroz vaqt mobaynida birga bitta uyda yashaganmiz. Haligacha u bilan yaqin do‘stmiz. Shu kungacha rafiqam bilan birgalikda 80 dan oshiq kishi bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tib, ularga Yahovaning Shohidi bo‘lishga yordam berdik.

Yahova hayotimni mazmunga to‘ldirib, haqiqiy do‘stlarni sovg‘a qilgani uchun Undan minnatdorman.