Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

ILOVA

Qiyomat kuni — u qanday kun o‘zi?

Qiyomat kuni — u qanday kun o‘zi?

QIYOMAT kuni to‘g‘risida qanday fikrdasiz? Ko‘plarning fikricha qiyomatda odamlar tirilib, Xudoning taxti oldida birma-bir so‘roq qilinadi. Ularning savob va gunohlari o‘lchanib, shunga qarab odamlar yo jannat rohatlariga yo do‘zax azoblariga jo‘natiladi. Biroq Muqaddas Kitob bunday o‘rgatmaydi. Xudoning Kalomi bu kunni dahshatli emas, balki orzu-umid vaqti, deb tasvirlamoqda.

Bu kun to‘g‘risida Injilda shunday deyilgan: «Keyin buyuk bir oq taxt va taxtda o‘tirgan Siymoni ko‘rdim. Uning huzuridan yeru osmon qochar edi, lekin ularga joy topilmadi. Men Xudo taxti oldida turgan katta-kichik o‘liklarni ko‘rdim. Kitoblar ochildi. Hayot kitobi degan boshqa bir kitob ham ochildi. O‘liklarning har biri, kitoblarda yozilgani bo‘yicha, qilmishlariga yarasha hukm etildi» (Vahiy 20:11, 12). Xo‘sh, odamlarni kim hukm etar ekan?

Butun olamning Hukmdori — Haq Taolo Yahovadir. Biroq hukm qilish huquqini U muayyan bir Zotga bergan. Xo‘sh, u kim ekan? Aziz havoriy Pavlus aytganday, «O‘zi qo‘ygan Zot orqali U Xudo dunyoni adolat bilan hukm etadigan bir kun tayin etdi» (Havoriylar 17:31). Ushbu Zot Iso Masihning o‘zidir (Yuhanno 5:22). Biroq, Qiyomat kuni qachon boshlanib, qachon yakunlanadi?

Injilga binoan, Hor-Magido‘n deb atalgan Xudoning jangida Shaytonning yovuz dunyosi bartaraf qilinganidan so‘ng Qiyomat kuni boshlanadi * (Vahiy 16:14, 16; 19:19–20:3). Hor-Magido‘n jangidan so‘ng Shayton va uning jinlari ming yil muddatga tubsizlik qa’riga kishanlab qo‘yiladi. Ushbu vaqt davomida Iso Masih hamda uning 144 000 dan iborat bo‘lgan vorisdoshlari «Masih bilan ming yil hukm suradilar» (Vahiy 14:1–3; 20:1–4; Rimliklarga 8:17). Bundan ko‘rinib turibdiki, Qiyomat kuni tom ma’noda 24 soatdan iborat bo‘lmay, ming yil davom etadi.

Ushbu ming yil davomida Iso Masih «tirigu o‘liklarni hukm qilajak» (2 Timo‘tiyga 4:1). «Tiriklar» Hor-Magido‘ndan omon qolgan «ulkan bir olomonni» tashkil etadi (Vahiy 7:9–17). Aziz pir Yuhanno shuningdek, «Xudo taxti oldida turgan katta-kichik o‘liklarni» ko‘rgan edi. Ha, Isoning va’dasiga ko‘ra, «qabrda yotgan marhumlarning hammasi... qabrdan chiqadilar» (Yuhanno 5:28, 29; Havoriylar 24:15). Biroq odamlar qay asosda hukm etiladi?

Injilda shuningdek: «Kitoblar ochildi... o‘liklarning har biri, kitoblarda yozilgani bo‘yicha, qilmishlariga yarasha hukm etildi»,⁠— deb yozilgani bor. Bu kitoblarda odamlarning o‘tmishda qilgan ishlari qalamga olinganmi? Yo‘q, odamlarning o‘limidan oldin qilgan ishlari aslo eslatilmaydi. Buni qayerdan bilamiz? Muqaddas Kitobda: «O‘lgan odam gunoh qilishdan ozoddir»,⁠— deb aytiladi (Rimliklarga 6:7). Marhumlar tirilib, hayotini yangidan boshlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Demak, yuqorida eslab o‘tilgan «kitoblarda» Xudoning kelajakda beradigan buyruqlari bayon etilgan. Hor-Magido‘n jangidan omon qolgan hamda tirilgan insonlarning barchasi Xudoning amrlariga va shu kabi yangi beradigan buyruqlariga itoat qilishsagina abadiy yashay oladilar. Xullas, odamlar Qiyomat kuni davomida qilgan ishlariga qarab hukm qilinadilar.

Qiyomat kuni ba’zi odamlarga ilk bor Xudoning irodasini o‘rganib, unga muvofiq yashashga imkoniyat beriladi. Bu, umumjahon ma’rifat dasturi asosida ro‘yobga chiqariladi. Darhaqiqat, jannatda odamlar haqiqatni o‘rganur (Ishayo 26:9). Biroq hamma ham Xudoning irodasini bajarishga tayyor turmaydi. Tavrotda: «Fosiqqa xayrixohlik ko‘rsatilgan taqdirda ham, u to‘g‘rilikni o‘rganmas. Adolat yurtida nohaqlik qilib, Yahovaning ulug‘vorligiga parvo ham qilmas»,⁠— deb aytiladi (Ishayo 26:10, YADT). Qiyomat kunida barcha fosiqlar abadiy qirib tashlanadi (Ishayo 65:20).

Qiyomat kunining oxirida, omon qolgan odamlar kamolotga erishadi va shu yo‘sin «tiriladilar» (Vahiy 20:5). O‘sha davr mobaynida butun insoniyat dastlabki mukammal holiga qaytadi (1 Korinfliklarga 15:24–28). So‘ng odamlar oxirgi sinovdan o‘tadilar. Shayton ozod qilinib, odamlarni so‘nggi marta vasvasaga tushirishga urinadi (Vahiy 20:3, 7–10). Oxirigacha chidaganlar, Muqaddas Kitobdagi ushbu bashoratning guvohlari bo‘ladilar: «Solihlar yer yuziga ega bo‘lib, unda mangu yashaydilar» (Zabur 36:29). Darhaqiqat, Xudoga sodiq qolganlar uchun, Qiyomat kuni naqadar ulug‘ bir kunga aylanadi!

^ 1- x.b. Hor-Magido‘n jangi to‘g‘risida Yahovaning Shohidlari tomonidan ko‘p tillarda nashr etilgan «Tanho Haq Xudoga topining» kitobining 20- bobi hamda «Muqaddas Kitobni anglamoq» ensiklopediyasining 1- jild, 594-, 595-, 1037- va 1038- sahifalariga qarang.