Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

3- QISM

Hayotni o‘zgartiradigan maslahatlar

Hayotni o‘zgartiradigan maslahatlar

TASAVVUR qiling, mahallangizga yangi shifokor keldi. Boshida uning yaxshi shifokor ekaniga ishonmassiz. Ammo do‘stlaringiz unga murojaat qilib, tuzalib ketishgan. Xo‘sh, uning qabuliga kirishni istamasmidingiz?

Qaysidir jihatdan Allohning Kalomini shunday shifokorga o‘xshatish mumkin. Ba’zi kishilar avvaliga Muqaddas Kitobni tan olgisi kelmaydi. Lekin uning dono maslahatlarini qo‘llashganda, hayotlari yaxshi tomonga o‘zgaradi. Mana, ba’zi misollar.

Oilaviy muammolarni yechish

Nikohda muammolari bo‘lgan bir ayol shunday deb bo‘lishdi: «Endigina turmush qurganimizda xo‘jayinim menga beparvo ekanini sezardim. O‘zimni tuta olmagan paytda men unga so‘kinib, qo‘limga tushgan narsani otib yuborardim va hatto mushtlashib ketardim. Ba’zan asabiylashib, holdan toyardim.

Turmush o‘rtog‘im Muqaddas Yozuvlarni o‘rgana boshlaganda, ustidan kulardim. Rostini aytsam, erim o‘rgangan paytda men boshqa xonada yashirincha quloq solib o‘tirardim. Bir kuni men: “Xotinlar Hazratimizga itoat etganday erlariga bo‘ysunishsin... Xotin... erini chuqur hurmat qilsin”,— deb o‘qilgan oyatlarni eshitib qoldim (Efesliklarga 5:22, 33). Bu so‘zlar menda chuqur taassurot qoldirdi. Erimni haqorat qilganim uchun Xudodan meni kechirishini hamda yaxshi xotin bo‘lishim uchun yordam berishini so‘radim. Ko‘p o‘tmay xo‘jayinimga qo‘shilib Allohning Kalomini o‘rgana boshladim».

Oilalari saqlanib qoldi

Shuningdek, Injilda: «Erlar ham o‘z xotinlarini o‘z tanalarini sevganday sevishlari kerak»,— degan maslahat bor (Efesliklarga 5:28). Olgan bilimlarini hayotda qo‘llashni boshlagan o‘sha ayol shunday fikr bildirdi: «Ushbu ta’limot ikkalamizga ham ta’sir qildi. Erim ishdan qaytganda men unga choy damlab kelib, u bilan hurmat ila gaplashardim. Xo‘jayinim ham menga ko‘proq mehr ko‘rsatib, uy ishlarida yordam berardi. Ikkovimiz ham: “Bir-biringizga mehribon, rahm-shafqatli bo‘linglar... bir-biringizni chin dildan kechiringlar”,— degan maslahatga rioya etishga harakat qilardik (Efesliklarga 4:32). Natijada, bir-birimizga bo‘lgan sevgi va hurmat o‘sib borardi. Mana, nikoh qurganimizga 40 yildan ham oshib qoldi va biz juda baxtlimiz. Ha, Alloh Kalomidagi dono maslahatlar nikohimizni saqlab qoldi!»

G‘azabni tiyish

Ilgari g‘azabini tiyishga qiynalgan bir kishi shunday dedi: «Achchig‘im tez edi. Tez-tez mushtlashardim va odamlarga qurol bilan tahdid solardim. Bundan tashqari, jinim qo‘ziganda men xotinimni rosa do‘pposlardim. Ko‘p odamlar mendan qo‘rqardi.

Ibodat g‘azabini tiyishga yordam berdi

Bir kuni men Iso payg‘ambarning: “Men sizlarga yangi amr beryapman: bir-biringizni sevinglar. Men sizlarni sevganimdek, sizlar ham bir-biringizni sevinglar”,— degan gaplarini o‘qidim (Yuhanno 13:34). Bu so‘zlar menga chuqur ta’sir qildi va men o‘zgarishga qaror qildim. Qonim qaynab ketganida, men Tangriga ibodat qilib, Undan tinchlikni saqlashimga yordam berishini so‘rardim. Shunda tinchlanib qolardim. Rafiqam bilan birga Injildagi: “G‘azablanib, gunoh qilmanglar. Quyosh botguncha g‘azabdan qaytinglar. Iblisga imkon bermanglar”,— degan maslahatga rioya etardik (Efesliklarga 4:26, 27). Biz har kecha Muqaddas Kitobni o‘qib, birga ibodat qilardik. Natijada kun mobaynida yig‘ilgan asablar tinchirdi va munosabatlarimiz yaqin bo‘layotganini sezardik.

Endi meni tinchlikparvar deb bilishadi. Umr yo‘ldoshim va bolalarim meni sevib, hurmat qilishadi. Mening ko‘p do‘stlarim bor va Xudo bilan yaqin munosabatdaman. Men chindan ham baxtiyorman!»

Giyohvandlikdan xalos bo‘lish

Bangilikni tashladi

Yoshligida giyohvand moddalarni iste’mol qilgan bir kishi quyidagilarni aytdi: «Men o‘smirlar to‘dasiga qo‘shilib yurardim, ashaddiy kashanda edim va ko‘pincha g‘irt kayf bo‘lib ko‘chada cho‘zilib yotardim. Shuningdek, men giyohvand moddalarni (nasha va qoradori) ham iste’mol qilardim, ham sotardim. Men ularni egnimdagi o‘q o‘tkazmaydigan nimchada olib yurardim. O‘shanda “ketvorgan” yigit bo‘lib ko‘rinsam ham, aslida hamisha qo‘rqib yashardim.

Bir kuni menga: “O‘g‘lim so‘zlarimni unutma... Ular umringga umr qo‘shadi, hayoting tinch bo‘ladi”,— degan oyatni ko‘rsatishdi (Hikmatlar 3:1, 2). Men o‘zi uzoq umr ko‘rishni va tinchgina yashashni orzu qilardim! Shuningdek, men: “Azizlarim, bizlarga shunday va’dalar berilgan ekan, kelinglar, tana va ruhiyatimizni bulg‘aydigan har qanday narsadan o‘zimizni poklab, Xudodan qo‘rqib, muqaddasligimizni kamolotga yetkazaylik”,— degan so‘zlarni o‘qidim (2 Korinfliklarga 7:1). Bundan so‘ng men giyohvandlikdan xalos bo‘ldim va eski oshna-og‘aynilar bilan orani ochiq qilib, Xudoga ma’qul keladigan hayot kechira boshladim.

Mana, giyoh moddalardan qutulganimga 17 yildan oshyapti. Hozir sog‘ligim yaxshi, oilam baxtli, zo‘r do‘stlarim va toza vijdonim bor. Endi esa men har kecha ko‘chada cho‘zilib yotganim yo‘q, aksincha, o‘z to‘shagimda tinchgina uxlayapman».

Irqchilikni yengish

Boshqa irq vakillaridan nafratlangan bir kishi mana shularni aytdi: «O‘smirligimdayoq jinoiy hayot kechirardim. Qurbonlarimdan aksariyati men nafratlangan mayda irqlarga mansub edi.

Vaqt o‘tib men Xudoni izlay boshladim. Oxiri men Muqaddas Kitobni o‘rganish uchun yig‘iladigan bir guruh odamlarni uchratdim. Oralarida men nafratlangan aynan o‘sha mayda irqlarga mansub kishilar ham bo‘lgan! Ular meni samimiy kutib olishgandi. Bundan tashqari, men turli irq vakillari bir-biri bilan maza qilib, bemalol suhbatlashishlarini ko‘rdim. Ularga besh ketdim! Oxir-oqibat men tushundim, “Xudo yuzxotirchilik qilmas ekan. Ammo Undan qo‘rqib, adolat bilan yo‘l tutgan har bir kishini U millatiga qaramay qabul qilarkan” (Havoriylar 10:34, 35).

Endi yuragimda zarracha ham nafrat qolmagan. Yaqin do‘stlarimning orasida ilgari men nafratlangan irqdan ham bor. Xudo O‘z Kalomi orqali menga sevishni o‘rgatdi».

Turli irq vakillarini sevishni o‘rgandi

Zo‘ravonlikdan voz kechish

O‘tmishda juda zo‘ravon bo‘lgan bir kishi quyidagicha bo‘lishdi: «O‘smir bo‘lganimda meni uch marta qamoqqa olishgan — ikki marta o‘g‘rilik uchun va bir marta pichoqbozlik uchun. Keyinchalik men qo‘zg‘olonchi guruhga qo‘shilib, ko‘p odamlarning joniga qasd qildim. Nizo tugaganda esa men tovlamachilar to‘dasiga boshliq bo‘ldim. Mening shaxsiy soqchilarim bo‘lgan. Men zo‘ravon va xavfli kishi edim.

Zo‘ravonlikni tashlab, Allohning Kalomidan ta’lim beradigan hurmatli kishiga aylandi

Kunlarning birida men Injildan: “Sevgi uzoq sabrli va mehribondir. Sevgi rashk qilmaydi, maqtanmaydi, kekkaymaydi, odobsizlik qilmaydi, o‘z manfaatini ko‘zlamaydi, achchiqlanmaydi, xafagarchiliklarni hisoblab yurmaydi”,— degan gaplarni o‘qidim (1 Korinfliklarga 13:4, 5). Bu so‘zlarni o‘qiganimda, yuragimga o‘q qadalganday bo‘ldi. Men boshqa joyga ko‘chib ketdim va Muqaddas Kitobni o‘rganib, maslahatlarini hayotimda qo‘llay boshladim.

Hozir esa meni zo‘ravon odam sifatida emas, balki Allohning Kalomidan ta’lim beradigan kishi deb bilishadi. Ha, endi hayotim mazmun va maqsadga ega».

Allohning Kalomi kuchli ta’sirga ega

Bu va boshqa misollar «Xudoning kalomi jonli bo‘lib, kuchli ta’sirga ega» ekanidan dalolat beryapti (Ibroniylarga 4:12). Darvoqe, uning maslahatlari sodda va amaliydir.

Muqaddas Kitob sizga ham muammolaringizni yechishga yordam bera oladimi? Albatta! Zero «har bir Muqaddas Yozuv Xudo tomonidan ilhomlantirilgan bo‘lib, o‘rgatish, tanbeh berish, tuzatish, odillik yo‘lida tarbiyalash uchun foydalidir. Toki Allohning bandasi har taraflama bilimga ega bo‘lib, har bir yaxshi ishga butunlayin tayyor tursin» (2 Timo‘tiyga 3:16, 17).

Endi keling, Muqaddas Kitobning asosiy ta’limotlarini ko‘rib chiqaylik.