Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

94-BOB

Ibodat va kamtarlikning muhimligi

Ibodat va kamtarlikning muhimligi

LUQO 18:1–14

  • SABOTLI BEVA AYOL HAQIDA MASAL

  • FARZIY VA SOLIQCHI

Iso shogirdlariga ibodatda sabotli bo‘lish muhim ekanligi haqida misol keltirdi. (Luqo 11:5–13) Ehtimol, hozir u Samariyada yoki Jalilada bo‘lib, umidni yo‘qotmasdan tinmay ibodat qilish kerakligini yana ta’kidlaydi. Iso bu mavzuga taalluqli quyidagi masalni aytib beradi:

«Bir shaharda Allohdan qo‘rqmaydigan va odamlarni mensimaydigan qozi yashar ekan. O‘sha shaharda bir beva ayol ham bor ekan. Bu ayol hadeb qozining yoniga borib: “Da’vogar kishi bilan o‘rtamizdagi masalaga nisbatan adolatli qaror chiqaring”,— deb aytar ekan. Qozi avvaliga bevaning istagini bajargisi kelmabdi. Ammo keyin o‘zicha o‘ylabdi: “Garchi men Tangridan qo‘rqmaydigan va odamlarni mensimaydigan kishi bo‘lsam-da, bu beva ayol oldimga kelaverib, jig‘imga tekkani uchun uning masalasi bo‘yicha adolatli qaror chiqara qolay. Bo‘lmasa jonimdan to‘ydirib yuboradi”». (Luqo 18:2–5)

Keyin Iso ushbu masalni tushuntirib, shunday deydi: «Bu adolatsiz qozining aytgan gapiga e’tibor berdingizmi?! Unda nahotki Xudo Unga kecha-yu kunduz yolvorayotgan tanlanganlari uchun adolatni o‘rnatmasa?» (Luqo 18:6, 7) Iso bu so‘zlari bilan Otasi haqida nima demoqchi?

Albatta, Tangri Yahova ushbu adolatsiz qoziga o‘xshamaydi. Hatto adolatsiz qozi tinimsiz qilingan iltimoslarga javob bergan bo‘lsa, adolatli va mehribon bo‘lgan Xudo O‘z xizmatchilarining tinimsiz aytilgan iltijolariga javob berishi shubhasiz. Shuning uchun Iso: «Sizlarga aytib qo‘yay, [Xudo] ular uchun adolatni tezda o‘rnatadi»,— deydi. (Luqo 18:8)

Ko‘pincha oddiy va kambag‘al kishilarga adolatsiz yo‘l tutishadi, obro‘li va boy kishilarga esa iltifot ko‘rsatishadi. Ammo Xudo adolat ila yo‘l tutadi. Vaqti kelganda U yovuzlarni jazolab, xizmatchilariga esa abadiy hayotni beradi.

Beva ayolnikiga o‘xshash imon kimda bor? Isoni tinglayotganlarning qanchasi Xudo «ular uchun adolatni tezda o‘rnatishiga» ishonadi? Hozirgina Iso ibodatda sabotli bo‘lish kerakligini ta’kidladi. Endi esa Iso ibodatning kuchiga ishonish haqida savol beradi: «Biroq Inson O‘g‘li qaytib kelganida, yer yuzida bunday imonni toparmikan?» (Luqo 18:8) Uning so‘zlari shundan dalolat beradiki, Masih qaytib kelganida, bunday imon hammada ham bo‘lmaydi.

Isoni tinglayotganlardan ba’zilari o‘z imoni bilan mag‘rurlanishadi. Ular o‘zlarini odil hisoblab, boshqalarni nazar-pisand qilishmaydi. Shuning uchun Iso ularga qaratib quyidagi masalni gapirib beradi:

«Ikki kishi ibodat qilish uchun ma’badga kiribdi. Ulardan biri farziy, ikkinchisi esa soliqchi ekan. Farziy tik turgancha ichida shunday deya ibodat qilibdi: “Yo Alloh, Senga ming qatla shukurki, men boshqalar singari talonchi, adolatsiz, zinokor hamda mana bu soliqchi kabi emasman. Men haftasiga ikki marta ro‘za tutib, olgan hamma narsamdan ushr beraman”». (Luqo 18:10–12)

Farziylar soxta odilligini ko‘z-ko‘z qilib, boshqalarda taassurot qoldirishga intilishardi. Ular ro‘za tutish uchun dushanba va payshanba kunlarini belgilashdi. Odatda bu kunlari bozor gavjum bo‘lgani uchun ularni ko‘pchilik ko‘rardi. Bundan tashqari, ular hatto arzimas o‘tlardan sinchkovlik bilan ushr berishardi. (Luqo 11:42) Bir necha oy oldin ular oddiy xalqni nazar-pisand qilmasligini ko‘rsatib: «[Farziylarning nuqtai nazari bo‘yicha] Tavrotni bilmaydigan bu odamlar la’nati bo‘lsin»,— deb aytishgan. (Yuhanno 7:49)

Iso masalining davomida shunday deydi: «Soliqchi esa chetroqda turib, hatto boshini ko‘kka ko‘tarishga ham jur’at eta olmasdi. U ko‘ksiga urgancha shunday debdi: “Ey Tangrim, men gunohkorga rahm qil”». Ha, soliqchi o‘z gunohlarini kamtarlik bilan tan oladi. Keyin Iso quyidagicha xulosa qiladi: «Sizlarga aytib qo‘yay, Xudoning nazarida bu odam narigisidan ko‘ra adolatliroq bo‘lib uyiga ketadi. Boisi, kim o‘zini yuqori tutsa — pasaytiriladi, kimki o‘zini past olib yursa — yuksaltiriladi». (Luqo 18:13, 14)

Shunday qilib, Iso kamtarlikning muhimligini ta’kidlaydi. Bu, o‘ziga ishongan va mavqega katta ahamiyat beradigan farziylarning orasida o‘sib-ulg‘aygan shogirdlari uchun foydali maslahatdir. Darhaqiqat, Isoning bu maslahati uning hamma izdoshlariga foydali bo‘ladi!