Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

99-BOB

Iso ko‘r kishilarni sog‘aytiradi va Zakkayga yordam beradi

Iso ko‘r kishilarni sog‘aytiradi va Zakkayga yordam beradi

MATTO 20:29–34 MARK 10:46–52 LUQO 18:35–19:10

  • ISO YERIXODA KO‘R KISHILARNI SOG‘AYTIRADI

  • SOLIQCHI ZAKKAY TAVBA QILADI

Iso va u bilan birga bo‘lganlar Yerixoga kelishadi. Quddusdan u yergacha bir kun yo‘l yurish kerak. Yerixo ikkita shahardan iborat desa bo‘ladi, ya’ni eski shahar rimliklarning yangi shahridan taxminan bir yarim kilometr narida joylashgan. Iso ko‘pgina odamlar bilan ushbu shaharlarning bittasidan boshqasiga ketayotganida, sadaqa so‘rab o‘tirgan ko‘r ikki kishi xaloyiqning shovqinini eshitib qoladi. Ulardan birining ismi Bartimey bo‘ladi.

Bartimey va uning sherigi Isoning o‘tib ketayotganini eshitib: «Hazrat, Dovudning O‘g‘li, bizga rahm-shafqat qiling!» — deb qichqirishadi. (Matto 20:30) Odamlar ularga jim bo‘lishni aytishsa ham, ular yanada balandroq ovozda baqirishadi. Iso shovqinni eshitib to‘xtaydi va qichqirayotgan odamlarni chaqirishni so‘raydi. Ular borib, sadaqa so‘rab o‘tirgan ko‘zi ojiz bir kishiga: «Dadil bo‘lib, o‘rningizdan turing. U sizni chaqiryapti»,— deyishadi. (Mark 10:49) Ko‘zi ojiz kishi hayajonlanib ustki kiyimini yechib tashlaydi-da, shartta o‘rnidan turib, Isoning yoniga boradi.

«Mendan nima istaysizlar?» — deb so‘raydi Iso. Ular: «Hazrat, iltimos, ko‘zlarimiz ochilsin»,— deb yalinishadi. (Matto 20:32, 33) Isoning rahmi kelib, ko‘zlariga qo‘l tekkizadi va ulardan biriga murojaat qilib: «Boravering, ishonchingiz tufayli sog‘ayib ketdingiz»,— deb aytadi. (Mark 10:52) Sadaqa so‘rab o‘tirgan bu ikki kishining ko‘zi ochilib, Allohni sharaflashni boshlashadi. Bu voqeaning guvohi bo‘lganlar ham Xudoga maqtovlar aytishadi. Shifo topgan o‘sha ikki kishi esa Isoga ergashadi.

Iso Yerixo shahridan o‘tib ketayotganda, to‘da-to‘da odamlar yig‘iladi. Har bir odam o‘sha ko‘r kishilarga shifo bergan kishini ko‘rishni xohlaydi. Xaloyiq Isoni har tarafdan o‘rab olgani uchun ba’zilar uni hatto ko‘ra olmaydi. Yerixo va uning atrofida soliqchilarning boshlig‘i bo‘lmish Zakkay ham Isoni ko‘rmoqchi bo‘ladi. Bo‘yi past bo‘lgani sababli u nimalar bo‘layotganini ko‘rolmaydi. Shunda Zakkay oldinga yugurib boradi-da, Iso ketayotgan yo‘l bo‘yidagi yovvoyi anjir (shikamora) daraxtiga chiqib oladi. Bu yerdan Zakkay hamma narsani yaxshi ko‘ra oladi. Daraxtning yoniga yaqinlashganida, Isoning ko‘zi Zakkayga tushadi va unga: «Hoy Zakkay, tezroq pastga tushing. Chunki men bugun uyingizda qolishim kerak»,— deydi. (Luqo 19:5) U daraxtdan tushib, shunday aziz mehmonni kutib olish uchun uyga shoshilib boradi.

Lekin buni ko‘rgan odamlar norozilik bildirishadi. Chunki ularning fikricha, Iso uchun ular gunohkor deb hisoblaydigan odamning uyiga borish to‘g‘ri kelmaydi. Axir Zakkay boshqalardan soliq yig‘ib, pul undirgani uchun boyib ketgan-ku.

Iso Zakkayning uyiga kirganida, odamlar: «U gunohkor odamnikida qoldi»,— deb javrashadi. Lekin Iso u tavba qilishi mumkinligini ko‘radi. Isoning umidi puchga chiqmaydi. Zakkay o‘rnidan turib, unga deydi: «Hazratim, endi mol-mulkimning yarmini kambag‘allarga tarqataman. Kimdan biror narsa tortib olgan bo‘lsam, ularga to‘rt barobar qilib qaytaraman». (Luqo 19:7, 8)

Zakkayning tavbasi samimiy bo‘lgani shubhasiz! Unda har bir odamdan yig‘ib olgan soliq haqida yozuvlari borligi ehtimoldan yiroq emas va har bir yahudiydan qancha olganini hisoblab chiqishi mumkin. Zakkay zararni to‘rt barobar qoplashi haqida va’da beradi. Bu hatto Xudoning qonuniga binoan talab qilinadigan narsadan ham ko‘proq. (Chiqish 22:1; Levilar 6:2–5) Bundan tashqari, Zakkay mol-mulkining yarmini kambag‘allarga tarqatishni va’da qiladi.

Iso Zakkayning tavba qilganini ko‘rib suyunadi va shunday deydi: «Bugun shu uyga najot keldi. Zero bu odam ham Ibrohimning o‘g‘li. Axir Inson O‘g‘li adashganlarni izlab topib, qutqarish uchun kelgan». (Luqo 19:9, 10)

Bundan sal oldin Iso yo‘qolgan o‘g‘il haqidagi masalni aytganda, «yo‘qolgan» insonlarning ahvolini tasvirlagan edi. (Luqo 15:11–24) Endi odamlar hayotiy bir misolni, ya’ni ilgari yo‘qolgan keyin esa topilgan kishining misolini ko‘rishyapti. Garchi din rahbarlari-yu ularning izdoshlari Isoni Zakkay kabi odamlarga e’tibor qaratayotgani uchun ayblashsa ham, u Ibrohimning «yo‘qolgan» o‘g‘illarini izlab, ularni to‘g‘ri yo‘lga yetaklashda davom etyapti.