Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

97-BOB

Uzumzordagi mardikorlar haqidagi masal

Uzumzordagi mardikorlar haqidagi masal

MATTO 20:1–16

  • UZUMZORDAGI «OXIRGI» MARDIKORLAR «BIRINCHI» BO‘LISHADI

Iso hali ham Pereyada. U hozirgina tinglovchilariga: «Birinchilardan ko‘pi oxirgi, oxirgilar esa birinchi bo‘lishadi»,— deb aytdi. (Matto 19:30) Endi u buni bir uzumzordagi mardikorlar haqidagi masal yordamida ta’kidlab o‘tadi.

«Osmon Shohligi,— deb boshlaydi u,— tong saharda uzumzoriga mardikorlarni yollagani chiqqan bog‘ egasiga o‘xshaydi. Kuniga bir dinordan kelishgandan so‘ng, u mardikorlarni uzumzoriga jo‘natibdi. Ertalab soat to‘qqizlarda uzumzor egasi yana chiqib, bozor maydonida ishsiz turgan kishilarni ko‘ribdi-da, ularga: “Sizlar ham uzumzorimga boringlar, haqlaringizni to‘layman”,— deb aytibdi. Shunda ular ham ketishibdi. Uzumzor egasi kunduzi soat o‘n ikki va tag‘in uchlarda chiqib, yana shunday yo‘l tutibdi. Nihoyat u soat beshlarda chiqibdi-da, o‘sha joyda turgan boshqalarni ko‘rib: “Nega kun bo‘yi bu yerda ishsiz turibsizlar?” — deb so‘rabdi. Javoban ular: “Bizni hech kim ishga yollamadi”,— deyishibdi. Shunda u: “Sizlar ham uzumzorimga boringlar”,— deb aytibdi». (Matto 20:1–7)

Ehtimol, «Osmon Shohligi» va «uzumzor egasi» degan so‘zlarni eshitishganda, tinglovchilar Tangri Yahova haqida o‘ylashgan bo‘lsa kerak. Muqaddas Yozuvlarda Yahova uzumzor, ya’ni Isroil xalqining egasi deb tasvirlanadi. (Zabur 80:8, 9; Ishayo 5:3, 4) Isroil xalqi bilan qilingan ahdga tobe bo‘lganlar uzumzordagi mardikorlar bilan solishtirilgan. Biroq Isoning masalida gap qadimgi payt haqida emas, Isoning zamonasidagi vaziyatga taalluqli.

Din rahbarlari, ya’ni yaqinda Isoni sinash niyatida ajralish mavzusini ko‘targan farziylar ancha yillardan beri Xudoga xizmat qilib kelishyapti. Ularni masaldagi kun bo‘yi ishlaydigan va bu uchun bir dinor oladigan mardikorlar bilan solishtirsa bo‘ladi.

Bu guruhga tegishli bo‘lganlar, jumladan, ruhoniylar va boshqalar, oddiy yahudiylar Xudoga kam xizmat qilishyapti, ya’ni Xudoning uzumzorida kun bo‘yi ishlashmaydi, deb hisoblashadi. Isoning masalida ular «ertalab soat to‘qqizlarda» yoki undan ham kech: kunduzi soat o‘n ikki, uchlarda va nihoyat soat beshlarda yollangan mardikorlar bilan solishtiriladi.

Isoning orqasidan ergashayotganlarga «la’nati» odamlardek qarashardi. (Yuhanno 7:49) Chunki ular hayotining ko‘p qismini baliq ovlashga va boshqa ishlarga sarflashgan. Ammo «uzumzor egasi», ya’ni Xudo mil. 29- yili kuzda Isoni yuborib, bunday odamlarni Masihning shogirdlari tariqasida xizmat qilishga chaqirdi. Ular «oxirgilar» bo‘lib Iso aytib o‘tganidek, soat beshlarda uzumzorda ishlay boshlashgan.

Iso masaliga yakun yasab, ish kunining so‘ngida nimalar bo‘lganini quyidagicha tasvirlaydi: «Kech kirganda, uzumzor egasi boshqaruvchisiga shunday debdi: “Mardikorlarni chaqirib, oxirgisidan boshlab birinchisigacha haqlarini to‘la”. Soat beshlarda ish boshlaganlar kelib, har biri bir dinordan olishibdi. Shu sababli birinchi yollanganlar ko‘proq haq olamiz deb o‘ylashibdi. Ammo ularga ham bir dinordan to‘lanibdi. Haqlarini olgach, ular uzumzor egasiga nolib: “Oxirgi kelganlar atigi bir soat ishlashdi. Siz esa ularni jaziramada kun bo‘yi og‘ir mehnat qilgan bizlar bilan teng ko‘rdingiz!” — deyishibdi. Uzumzor egasi javoban ulardan biriga shunday debdi: “Do‘stim, men sizga nohaqlik qilganim yo‘q. Axir siz bilan bir dinorga kelishmaganmidik? Haqingizni olgin-da, ketavering. Sizga qancha bergan bo‘lsam, oxirgi kelganlarga ham shuncha bermoqchiman. O‘z pullarimdan xohlaganimcha foydalanishga haqqim yo‘qmi? Yoki saxiyligimni ko‘rolmayapsizmi?” Shunday qilib, oxirgilar birinchi, birinchilar esa oxirgi bo‘ladi». (Matto 20:8–16)

Ehtimol, Isoning shogirdlarida masalning oxirgi qismi to‘g‘risida savollar paydo bo‘lgan bo‘lsa kerak. O‘zlarini «birinchi» deb hisoblaydigan yahudiy din rahbarlari qanday qilib «oxirgi» bo‘lib qolishadi? Isoning shogirdlari qanday qilib «birinchi» bo‘lishadi?

Farziylar va boshqalar «oxirgi» deb bilgan Isoning shogirdlari birinchi bo‘lib to‘liq ish haqini olishadi. Iso o‘lganida tom ma’nodagi Quddus rad etiladi, bundan so‘ng Xudo yangi xalqni tanlaydi. Bu xalq «Xudoning Isroili» deb nomlanadi. (Galatiyaliklarga 6:16; Matto 23:38) Yahyo muqaddas ruhga cho‘mish haqida aytganda, shu xalqni nazarda tutgan. «Oxirgi» bo‘lganlar birinchi bo‘lib muqaddas ruhga cho‘mishadi va «yerning chetlariga qadar» Iso haqida shohidlik berish sharafiga ega bo‘lishadi. (Havoriylar 1:5, 8; Matto 3:11) Ehtimol, shogirdlar Iso qanday olamshumul o‘zgarishlar haqida gapirayotganini muayyan darajada tushungan bo‘lishlari mumkin va«oxirgi» bo‘lib qoladigan din rahbarlarida bu o‘zgarish norozilik tug‘dirishini taxmin qilishgandir.