Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

83-BOB

Alloh ziyofatga kimlarni taklif qiladi?

Alloh ziyofatga kimlarni taklif qiladi?

LUQO 14:7–24

  • KAMTARLIK TO‘G‘RISIDAGI SABOQ

  • TAKLIF ETILGANLAR BAHONA QIDIRADI

Iso hali ham farziyning uyida. U istisqo kasalligiga yo‘liqqan kishini endigina sog‘aytirdi. Iso boshqa mehmonlar dasturxon atrofida o‘zlariga yaxshi joylarni tanlayotganini kuzatadi va fursatdan foydalanib, kamtarlikning muhimligini tushuntiradi.

«Kimdir sizni nikoh bazmiga taklif qilsa,— deydi Iso,— to‘rga chiqib yonboshlashga shoshilmang. Ehtimol, taklif etilganlar orasida sizdan obro‘liroq kishi bordir. Tag‘in mezbon kelib: “Qani, bu joyni unga bo‘shatib bering-chi”,— demasin. O‘shanda siz xijolat bo‘lib, ostonada o‘tirishga majbur bo‘lasiz». (Luqo 14:8, 9)

Iso quyidagicha davom etadi: «Mehmonga chaqirilganda, ostonaga yonboshlang. Toki mezbon kelib: “Do‘stim, to‘rga o‘ting”,— desin. Shunda barcha mehmonlarning oldida sizga hurmat ko‘rsatiladi». Bu, yaxshi xulq-atvordan ko‘ra ko‘proq narsani o‘z ichiga oladi. Iso shunday deb tushuntiradi: «Zero kim o‘zini yuqori tutsa — pasaytiriladi, kimki o‘zini past olib yursa — yuksaltiriladi». (Luqo 14:10, 11) Demak, Iso tinglovchilarini kamtarlikni rivojlantirishga undaydi.

Shundan so‘ng, Iso uni mehmonga taklif qilgan farziyga murojaat qilib, unga yana bir saboq beradi. Allohning roziligini olish uchun qanday ziyofat tayyorlash kerakligini tushuntiradi: «Ziyofat uyushtirganingizda do‘st, aka-uka, qarindosh-urug‘ va boy qo‘shnilaringizni chaqirmang. Chunki ular bir kuni sizni ham chaqirib, mehmon qilishi mumkin. Aksincha, ziyofat qilganingizda, kambag‘al, mayib, cho‘loq va ko‘rlarni chaqiring. Shunda baxtiyor bo‘lasiz. Boisi, ular sizni mehmon qila olishmaydi». (Luqo 14:12–14)

Do‘stlarni, qarindosh-u qo‘shnilarni mehmonga chaqirish istagi tabiiy. Iso bunday qilish noto‘g‘ri deb aytmayapti. Balki muhtojlarni, ya’ni kambag‘al, mayib, ko‘r kabi kishilarni taklif qilib, mezbon ko‘p barakalar olishini ta’kidlamoqchi. Iso uy egasiga tushuntirib: «Siz odil insonlar tirilgan vaqtda mukofot olasiz»,— deb aytadi. Mehmonlardan biri: «Xudoning Shohligida taom yeydigan kishi baxtlidir»,— deydi. (Luqo 14:15) Bu katta sharaf ekanini u tan oladi. Biroq Isoning keyingi masalidan ko‘ringanidek, hamma ham bunday imkoniyatning qadriga yetmaydi.

«Bir kishi ziyofat uyushtirib, ko‘p mehmon chaqiribdi... U taklif etilganlarga: “Kelinglar, hammasi tayyor”,— deb aytish uchun xizmatkorini yuboribdi. Lekin ularning hammasi bahona qila boshlabdi. Birinchisi: “Men yer sotib oldim, uni ko‘rib kelishim kerak. Uzr, borolmayman”,— debdi. Boshqasi bo‘lsa: “Men o‘nta ho‘kiz sotib oldim, ularni sinamoqchi edim. Kechirasiz, borolmayman”,— deb aytibdi. Uchinchisi: “Men yaqinda uylandim, shu sababli borolmayman”,— debdi». (Luqo 14:16–20)

Qanday bema’ni uzrlar! Axir, yerni sotib olishdan oldin ko‘rishadi-ku, ho‘kizlarni xarid qilishdan avval sinashadi-ku. Ularni sotib olgandan keyin, ko‘rishning va sinashning hojati yo‘q. Uchinchisiga keladigan bo‘lsak, to‘yga tayyorgarlik ko‘rmayapti, u uylanib bo‘ldi-ku! Bunday muhim taklifni qabul qilishiga hech nima to‘sqinlik qilmaydi. Shuning uchun, xo‘jayin ushbu bahonalarni eshitib g‘azabga to‘ladi-da, xizmatkoriga shunday deydi:

«Tezda shaharning katta ko‘chalari va yo‘laklariga chiqib, kambag‘al, mayib, ko‘r va cho‘loqlarni bu yerga chaqirib kel». Xizmatkor aytilganlarni qilgach ham bo‘sh joylar qoladi. Shunda xo‘jayin xizmatkoriga buyuradi: «Yo‘llarga chiq, so‘qmoqlarga bor. Uchraganlarni bu yerga majburlab olib kel, toki uyim to‘lsin. Sizlarga aytib qo‘yay, dastlab chaqirilganlardan hech biri mening ziyofatimdan totib ko‘rmaydi». (Luqo 14:21-24)

Bu masaldan ko‘rinyaptiki, Tangri Yahova Iso Masihga odamlarni Osmon Shohligiga taklif qilish huquqini berdi. Bu taklifni birinchi bo‘lib yahudiylar, ayniqsa din rahbarlari qabul qilishlari kerak edi. Iso yer yuzida xizmat qilgan vaqt davomida ulardan aksariyati bu taklifni rad etdi. Ammo bu taklif boshqalarga ham beriladi. Kelajakda ikkinchi taklif bo‘lishini va u oddiy yahudiylar-u yahudiy diniga kirganlarga taalluqli ekanini Iso aniq qilib aytadi. Keyin esa uchinchi va oxirgi taklif, yahudiylarning fikriga ko‘ra Xudoning marhamatiga sazovor bo‘lmaganlarga tegishli bo‘ladi. (Havoriylar 10:28–48)

Ha, Isoning so‘zlari mehmonlardan biri: «Xudoning Shohligida taom yeydigan kishi baxtlidir»,— degan gapini tasdiqlaydi.