Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

50-BOB

Ta’qiblarga qaramay va’z qilishga tayyorgarlik

Ta’qiblarga qaramay va’z qilishga tayyorgarlik

MATTO 10:16–11:1 MARK 6:12, 13 LUQO 9:6

  • ISO SHOGIRDLARIGA TA’LIM BERIB, VA’ZGO‘YLIKKA JO‘NATADI

Iso havoriylarini ikkitadan va’z qilishga jo‘natishdan oldin, ularga amaliy yo‘l-yo‘riqlar beradi. U faqatgina maslahat berish bilan kifoyalanib qolmaydi. Iso havoriylarini ularga qarshi chiqadiganlar to‘g‘risida ogohlantiradi. vU shunday deydi: «Men sizlarni yuboryapman, ammo sizlar xuddi bo‘rilar orasidagi qo‘ylarday bo‘lasizlar... Ehtiyot bo‘linglar, chunki odamlar sizlarni mahalliy mahkamalarga topshirib, ibodatxonalarida savalashadi. Men tufayli sizlarni hokimlar-u podshohlar qoshiga olib borishadi». (Matto 10:16–18)

Ha, Isoning shogirdlari kuchli ta’qiblarga duchor bo‘lishi mumkin, lekin Iso ularni shunday deb ishontiradi: «Sizlarni ularning qo‘liga topshirishganida, nima deyman, qanday gapiraman deb tashvishlanmanglar, chunki nima deyish kerakligini o‘sha paytning o‘zida bilib olasizlar. Sababi, o‘z-o‘zingizdan emas, balki samoviy Otangizning qudrati yordamida gapirasizlar». U yana shunday deydi: «Aka ukasini, uka akasini va ota o‘z bolasini o‘limga topshiradi. Farzandlar ota-onalariga qarshi chiqib, ularni o‘ldirishadi. Mening nomim tufayli hamma sizlardan nafratlanadi. Faqat oxirigacha chidagan qutuladi». (Matto 10:19–22)

Va’zgo‘ylik faoliyati judayam muhim ishdir. Shu sababli, Iso ozodlikda qolib, xizmatni davom ettirish uchun ehtiyotkor bo‘lish lozimligini ta’kidlaydi. «Sizlarni bir shaharda ta’qib qilishsa, boshqasiga qochinglar,— deydi u.— Ishonavering, Isroilning shahar-u qishloqlarida va’z qilib chiqishga ulgurmasingizdan Inson O‘g‘li kelib qoladi». (Matto 10:23)

Garchi bu yo‘l-yo‘riqlar, ogohlantirishlar va daldali so‘zlarni Iso asosan 12 ta havoriysiga aytgan bo‘lsa-da, bu so‘zlar uning o‘limi-yu tirilishidan so‘ng va’zgo‘ylik faoliyatida ishtirok etadiganlarga ham taalluqlidir. Bu Isoning: «Hamma sizlardan nafratlanadi»,— degan ogohlantirishidan ayon bo‘lyapti. Havoriylar esa faqat isroilliklarga va’z qilishga yuborilgandi. Bundan tashqari, havoriylarning Jaliladagi qisqa muddatli va’zgo‘ylik faoliyati davomida ularni hokimlar-u podshohlar qoshiga yetaklab borishgani yoki ulardan kimdir oila a’zosi tomonidan o‘limga topshirilgani haqida Muqaddas Kitobda hech narsa aytilmagan.

Iso shogirdlariga murojaat qilayotib kelajakka ham ishora qiladi. Shogirdlar barcha shaharlarda va’z qilib chiqishga ulgurmasidan oldin «Inson O‘g‘li kelib qolishi» nimani anglatishini ko‘rib chiqaylik. Bu degani, shogirdlar Shohlik to‘g‘risidagi xabarni yer yuzi bo‘ylab va’z qilishga ulgurmasidan, ulug‘vor Shoh Iso Masih Alloh tomonidan tayinlangan hakam sifatida keladi.

Shogirdlar va’zgo‘ylik faoliyatida ta’qiblarga duch kelganda, hayron qolmasliklari kerak. Sababi, Iso shunday degan: «Shogird ustozidan, xizmatkor esa xo‘jayinidan ustun emas». Isoning gaplarida jon bor. Agar Shohlik haqidagi xabarni va’z etgani uchun odamlar Isodan nafratlanib ta’qib qilgan bo‘lishsa, demak, shogirdlar bilan ham xuddi shunday bo‘ladi. Biroq Iso ularga shunday maslahat beradi: «Sizlarni o‘ldirishga qurbi yetadigan, ammo kelajakdagi hayotdan mahrum eta olmaydigan odamlardan qo‘rqmanglar. Aksincha, sizlarni jahannamda yo‘q qilib yuborishga qodir bo‘lgan Zotdan qo‘rqinglar». (Matto 10:24, 28)

Isoning o‘zi hali bu borada o‘rnak ko‘rsatadi. Har narsaga qodir bo‘lgan Zot, ya’ni Alloh Yahovaga sodiq qolish uchun, Iso qo‘rqmay o‘limga yuz tutadi. Ha, Qodir Tangrining odamni kelajakdagi hayotdan mahrum etishga yoki abadiy yashash uchun tiriltirishga qurbi yetadi. Bu so‘zlar havoriylarning imoniga imon qo‘shgani aniq!

Keyin Iso, Tangri shogirdlariga mehr ila g‘amxo‘rlik qilishini ko‘rsatadigan bir misol keltiradi. «Ikkita chumchuq bir tangaga sotilmaydimi? — deb savol beradi u.— Biroq ulardan bittasi yerga tushsa ham, samoviy Otangizning nazaridan chetda qolmaydi. [...] Shuning uchun qo‘rqmanglar, sizlar ko‘pgina chumchuqlardan ko‘ra qadrliroqsiz». (Matto 10:29, 31)

Isoning shogirdlari va’z qiladigan Shohlik to‘g‘risidagi xabar tufayli oilalarda bo‘linishlar yuz beradi. Oila a’zolarining ayrimlari uni qabul qilsa, boshqalari qabul qilmaydi. «Meni dunyoga tinchlik keltirgani kelgan deb o‘ylamanglar»,— deydi Iso. Shunday ekan, oilaning bir a’zosi Muqaddas Kitobdagi haqiqatni qabul qilishi uchun undan jasorat talab etiladi. «Mendan ko‘ra otasini yoki onasini ko‘proq sevgan kishi mening shogirdim bo‘lishga munosib emas,— deb tushuntiradi Iso,— Mendan ko‘ra o‘g‘lini yoki qizini ko‘proq sevgan ham mening shogirdim bo‘lishga loyiq emas». (Matto 10:34, 37)

Lekin shogirdlarni yaxshi qabul qiladiganlar ham bo‘ladi. Iso shunday deydi: «Kimki bu kichiklardan biriga mening shogirdim bo‘lgani uchun bir piyola sovuq suv bersa, ishonavering, u mukofotsiz qolmaydi». (Matto 10:42)

Havoriylar Isoning yo‘l-yo‘riqlari, ogohlantiruvchi hamda daldali so‘zlarini eshitgach, «o‘sha hududdagi qishloqlar bo‘ylab har yerda xushxabarni va’z etishar va kasallarni sog‘aytirishardi». (Luqo 9:6)