Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

58-BOB

Xaloyiqni to‘ydiradi va xamirturush haqida ogohlantiradi

Xaloyiqni to‘ydiradi va xamirturush haqida ogohlantiradi

MATTO 15:32–16:12 MARK 8:1–21

  • ISO 4 000 KISHINI TO‘YDIRADI

  • FARZIYLARNING XAMIRTURUSHIDAN OGOHLANTIRADI

O‘nkentga, Jalila dengizining sharqiy qirg‘og‘iga Isoning oldiga ulkan olomon oqib keladi. Ular Isoni tinglash va dardlaridan forig‘ bo‘lish uchun kelishadi. Ular o‘zlari bilan yegulik solingan katta savatlar olib kelishgan.

Bir qancha vaqtdan so‘ng Iso shogirdlariga shunday deydi: «Xalqqa rahmim kelyapti. Mana uch kundan beri men bilan yurishibdi-yu, yegani hech narsalari yo‘q. Agar ularni och holda jo‘natsam, yo‘lda holdan toyib qolishadi. Axir ba’zilari juda uzoqdan kelishgan-ku». Shogirdlari bo‘lsa undan: «Bu xilvat joyda shuncha kishini to‘ydirish uchun qayerdan non topamiz?» — deb so‘rashadi. (Mark 8:2–4)

Iso: «Nechta noningiz bor?» — deb so‘raydi. «Yettita non va bir nechta kichkina balig‘imiz bor»,— deb aytishadi ular. (Matto 15:34) So‘ngra Iso xalqqa yerga yonboshlashni buyuradi. U nonni va baliqlarni oladi-da, Xudoga shukrona aytib, ularni shogirdlariga beradi. Shogirdlari esa xalqqa tarqatishadi. Buni qarangki, hamma yeb to‘yadi. Qolgan burdalarni yig‘ib olishganda, yettita katta savat to‘ladi. Yeganlar esa, ayollar-u bolalardan tashqari 4 000 ta erkak bo‘ladi!

Keyin Iso xalqqa ruxsat berib, shogirdlari bilan birga qayiqqa o‘tiradi-da, Jalila dengizining g‘arbiy sohiliga, Magadan yurtiga suzib ketishadi. Magadanda Isoning yoniga farziylar bilan sadduqiylar mazhabidan bo‘lganlar kelishadi va uni sinamoqchi bo‘lib osmondan biror alomat ko‘rsatishini so‘rashadi.

Iso ularning niyatlarini bilib, shunday javob beradi: «Kech kirayotganda, sizlar: “Osmon qizarib turibdi, demak havo ochiq bo‘larkan”,— deysizlar; tong otganda esa: “Osmon qizarib turgani bilan, havo buzuq, demak sovuq va yog‘ingarchilik bo‘ladi”,— deysizlar. Sizlar osmonga qarab, ob-havo qanaqa bo‘lishini aniqlay olasizlar-u, ammo shu vaqtga tegishli alomatlarni aniqlay olmayapsizlar». (Matto 16:2, 3) Keyin Iso farziylar-u sadduqiylarga Yunus payg‘ambarnikidan boshqa alomat ko‘rsatilmasligini aytadi.

Iso shogirdlari bilan birga qayiqqa o‘tirib, Jalila dengizining shimoli-sharqiy sohiliga, Baytsaydaga suzib ketadi. Yo‘lda shogirdlar o‘zlari bilan non olishni unutishganini payqab qolishadi. Ularda faqat bitta non bor ekan, xolos. Iso farziylar va Hirodning tarafdorlari bo‘lmish sadduqiylar bilan bo‘lgan uchrashuvni nazarda tutib, shogirdlarini qat’iy ogohlantiradi: «Qaranglar, farziylarning va Hirodning xamirturushidan ehtiyot bo‘linglar»,— deydi. «Xamirturush» so‘zini eshitishganda shogirdlar esdan chiqib qolgan non haqida gap ketyapti deb o‘ylashadi. Shogirdlarining noto‘g‘ri tushunganini ko‘rib, Iso ulardan: «Nimaga nonimiz yo‘q, deb bahslashyapsizlar?» — deb so‘raydi. (Mark 8:15–17)

Iso yaqindagina minglab odamlarni non bilan to‘yg‘izdi. Shuning uchun shogirdlar Isoning tom ma’nodagi non haqida tashvishlanmayotganini tushunishlari kerak edi. «Esingizdami,— deydi Iso,— beshta nonni 5 000 erkakka bo‘lib berganimda, burdalaridan nechta savat terib olgan edingiz?» «12 ta»,— deya javob berishadi ular. Iso davom etib: «Yettita nonni 4 000 ta erkakka bo‘lib berganimda, burdalaridan nechta savat terib olgan edingiz?» — deb so‘raydi. Ular: «Yettita»,— deya javob berishadi. (Mark 8:18–20)

«Sizlarga non haqida gapirmayotganimni nahot tushunmagan bo‘lsangiz? — deb so‘raydi Iso.— Men, farziylar bilan sadduqiylarning xamirturushidan ehtiyot bo‘linglar, dedim». (Matto 16:11)

Nihoyat, shogirdlar Iso nimani nazarda tutganini anglashadi. Xamirturush xamirni achitib, ko‘taradi. Bu yerda esa «xamirturush» so‘zi ramziy ma’noda ishlatilib buzilishni anglatadi. Demak, Iso shogirdlarlarini ta’siri yomon bo‘lgan «farziylar bilan sadduqiylarning ta’limotidan» ogohlantiradi. (Matto 16:12)