Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

16-BOB

Yahovaga xizmat qilishda ko‘rsatgan g‘ayrati

Yahovaga xizmat qilishda ko‘rsatgan g‘ayrati

YUHANNO 2:12–22

  • ISO MA’BADNI TOZALAYDI

Kanaxdagi to‘ydan keyin Iso Kafarnahum shahriga qarab yo‘l oladi. Isoning onasi va uning Yoqub, Yusuf, Simun va Yahudo ismli ukalari u bilan birga ketishadi.

Ammo nega Iso Kafarnahumga jo‘nab ketyapti? Nosira va Kanax shaharlariga qaraganda, Kafarnahum shahri kattaroq bo‘lib, qulay yerda joylashgan. Bundan tashqari, Isoning aksariyat shogirdlari Kafarnahumning o‘zida yoki uning tevarak-atrofida yashaydilar. Shuning uchun shogirdlar o‘z uylaridan uzoqqa bormay, Isodan ta’lim olishlari mumkin.

Iso Kafarnahumda ko‘pgina mo‘jizalar yaratadi. Bu haqda shahar aholisi va atrofdagilar eshitishadi. Ammo Xudoga sodiq bo‘lgan yahudiylar — Iso va shogirdlari mil. 30- yilda o‘tadigan Fisih bayramini nishonlash uchun Quddusga borishlari kerak.

Quddusdagi ma’badda shogirdlar uchun Iso shaxsiyatining boshqa tomonlari ochiladi va bu ularda katta taassurot qoldiradi.

Tavrotga binoan isroilliklar hayvonlarni qurbon qilishlari shart. Shuningdek, Quddusga kelganlarga ozuqa kerak bo‘ladi. Shu sababli, uzoqdan kelgan odamlar Tavrotga ko‘ra, «qoramol, qo‘y-echkilar» va boshqa kerakli narsalarni Quddusning o‘zida sotib olishlari mumkin edi. (Qonunlar 14:24–26) Buni bilgan savdogarlar naq ma’badning hovlisida hayvon va qushlarni sotishadi. Ulardan ba’zilari baland narxlar qo‘yib odamlarni talashadi.

Bundan g‘azablangan Iso pul almashtiruvchilarning xontaxtalarini ag‘daradi-da, tangalarini sochib, ularni ma’baddan quvib chiqaradi. Iso shunday deydi: «Bularni yo‘qotinglar bu yerdan! Otamning uyini chayqov bozoriga aylantirmanglar!» (Yuhanno 2:16)

Isoning shogirdlari buni ko‘rib, Xudoning O‘g‘li haqidagi: «Sening uyingga bo‘lgan rashkim ichimni kemiradi»,— degan bashoratni eslashadi. Shunda yahudiylar Isodan: «Bunday yo‘l tutishga haqqing borligini qanday alomat bilan isbotlaysan?» — deb so‘rashadi. Iso ularga javoban: «Bu ma’badni buzinglar va men uch kun ichida uni tiklayman»,— deydi. (Yuhanno 2:17–19; Zabur 69:9)

Yahudiylar u tom ma’nodagi ma’bad haqida gapiryapti, deb o‘ylab Isodan: «Bu ma’bad 46 yil davomida qurilgan. Sen uni uch kunda tiklamoqchimisan?» — deya so‘rashadi. (Yuhanno 2:20) Aslida esa, Iso ma’bad deganda o‘zining tanasini nazarda tutgan bo‘ladi. Bundan uch yil o‘tib Iso tirilganida, shogirdlar uning shu so‘zlarini eslashadi.