Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

135-BOB

Tirilgan Iso ko‘plarga zohir bo‘ladi

Tirilgan Iso ko‘plarga zohir bo‘ladi

LUQO 24:13–49 YUHANNO 20:19–29

  • ISO EMMAUSGA KETAYOTGAN SHOGIRDLARIGA ZOHIR BO‘LADI

  • ISO SHOGIRDLARIGA OYATLARNI KO‘P MARTA TUSHUNTIRADI

  • TO‘MA BOSHQA IKKILANMAYDI

Bugun yakshanba 16- nison kuni. Shogirdlarning ruhi tushkun. Ular nima yuz berganini va nega qabr bo‘sh ekanini tushunishmayapti. (Matto 28:9, 10; Luqo 24:11) Bu kunning o‘zidayoq, Kleopa va yana bitta shogird Quddusdan taxminan 11 kilometr narida joylashgan Emmausga yo‘l olishadi.

Yo‘lda ular nima sodir bo‘lgani haqida suhbatlashyapti. So‘ng ularga bir yo‘lovchi qo‘shiladi. U shunday so‘raydi: «Yo‘l-yo‘lakay qanday voqealarni muhokama qilib ketyapsizlar?» Kleopa javoban: «Siz Quddusda yashab turib, ushbu kunlarda shaharda nima sodir bo‘lganidan bexabar yurgan yagona musofirsiz shekilli-a?» — deydi. Yo‘lovchi quyidagicha savol beradi: «Nima bo‘lgan ekan o‘zi?» (Luqo 24:17–19)

«Nosiralik Isoni nima qilishganini bilmaysizmi? — deb shunday davom etishadi.— Biz esa u kishi Isroilni ozod qiladi, deya umid qilgandik». (Luqo 24:19–21)

Kleopa va uning sherigi o‘sha kuni sodir bo‘lgan voqealarni ayta boshlashadi. Ular ba’zi ayollar Iso qo‘yilgan qabr oldiga borishganini so‘zlab berishadi. Ayollar qabr bo‘sh ekanini va ajoyib bir hodisa bo‘lganini, ya’ni Iso tirik ekanini aytgan farishtalarni ko‘rishgan. Ular shuningdek, boshqa shogirdlar ham qabr yoniga borishganini va hammasi «ayollar aytganidek bo‘lib chiqqanini» aytishadi. (Luqo 24:24)

Ko‘rinib turganiday, shogirdlar sarosimada, ular yaqinda yuz bergan hodisalarning ma’nosini tushunishmayapti. Ularning Iso tirilganiga ishonmayotganiga sabab bo‘lgan noto‘g‘ri fikrlash tarzini o‘zgartirib, yo‘lovchi shunday deydi: «Eh, farosatsizlar! Payg‘ambarlar aytgan gaplarga ishonchi sust odamlar! Axir Masih ulug‘vorlikka erishish uchun bu azoblarni boshdan kechirishi kerak edi-ku!» (Luqo 24:25, 26) Shunday qilib, u Muqaddas Yozuvlardagi Masihga tegishli anchagina oyatlarni tushuntiradi.

Nihoyat uchovi Emmausga yaqinlashadi. Ikkita shogird yo‘lovchidan ko‘proq narsa eshitmoqchi bo‘lib unga: «Biz bilan qoling, axir kech kiryapti»,— deydi. U bunga rozi bo‘ladi. Dasturxon atrofida yonboshlashganda, yo‘lovchi shukrona duosini aytadi va nonni sindirib ularga bera boshlaydi. Shunda ular uni tanib qolishadi, ammo u g‘oyib bo‘ladi. (Luqo 24:29–31) Endi Iso tirik ekanini ular aniq bilishadi!

Bu ikki shogird ushbu voqea haqida qizg‘in tarzda shunday suhbat olib boradi: «Yo‘l-yo‘lakay biz bilan gaplashib, Muqaddas Yozuvlarni tushuntirib berganda, yuraklarimiz zavq-shavqqa to‘lmaganmidi?» (Luqo 24:32) Ular Quddusga shoshilib qaytadi-da, havoriylar-u boshqa shogirdlarni izlab topishadi. Kleopa va uning sherigi bo‘lib o‘tganlar haqida aytib ulgurmasidan, boshqa shogirdlar: «Haqiqatan ham Hazratimiz tirilib, Simunga zohir bo‘ldi!» — deyishganini eshitadi (Luqo 24:34) Keyin ikkita shogird Iso qanday zohir bo‘lganini aytib beradi. Ha, ular uni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi.

Hozir hammani lol qoldiradigan bir narsa yuz beradi — shogirdlar yig‘ilgan xonada Iso paydo bo‘ladi. Bu aqlga sig‘maydigan narsa, negaki ular yahudiylardan qo‘rqqani uchun eshikni qulflab olishgan edi. Ha, Iso ularning qarshisida turib: «Assalomu alaykum!» — deydi. Lekin ular qo‘rqishyapti. Ilgari bo‘lganiday, ular ruhiy mavjudotni ko‘ryapmiz deb o‘ylashadi. (Luqo 24:36, 37; Matto 14:25–27)

U allaqanday sharpa yoki quruq xayol emasligini, aksincha badani bor kishi ekanini isbotlash niyatida o‘z qo‘llari va oyoqlariga e’tibor qaratib, shunday deydi: «Nima uchun qo‘rqyapsizlar? Nega qalbingizda shubhalar tug‘ildi? Oyoq qo‘llarimga qaranglar, bu menman. Meni ushlab ko‘ringlar. Axir menda bo‘lgan et va suyak ruhiy mavjudotlarda bo‘lmaydi-ku». (Luqo 24:36–39) Shogirdlar xursand va hayron bo‘lib turishibdi, biroq yuz berayotgan narsaga haligacha ishonishmayapti.

Shubhalarni yengishlariga ko‘maklashish maqsadida Iso: «Eyishga biron-bir narsangiz bormi?» — deb so‘raydi. Unga qovurilgan baliqdan berishadi va u yeydi. So‘ng u shunday deydi: «Esingizdami, sizlar bilan birga bo‘lganimda [o‘limimdan oldin], Musoning Tavrot kitobida, payg‘ambarlar kitoblarida va Zaburda men haqimda yozilganlar bajo bo‘lishi kerak, deb aytgandim?» (Luqo 24:41–44)

Iso Kleopa va uning sherigiga Muqaddas Yozuvlarni tushunishga ko‘maklashgan, hozir ham yig‘ilgan barchaga bunda yordam berib shunday deydi: «Muqaddas Yozuvlarga binoan, Masih azob chekib, uchinchi kuni esa tirilishi kerak. Shuningdek, uning ismiga asoslanib, barcha xalqlarga tavba qilish haqidagi xabar va’z qilinadi. Bu Quddusdan boshlanadi. Sizlar bularning shohidi bo‘lasizlar». (Luqo 24:46–48)

Qaysidir sababga ko‘ra To‘ma hozir bu yerda emas. Bir necha kundan keyin boshqalar unga quvonch ila: «Biz Hazratimizni ko‘rdik!» — deyishadi. U esa: «Qo‘llarida mix izlarini ko‘rmagunimcha, uning mix izlariga barmoqlarimni tekkizmagunimcha, qo‘limni biqiniga qo‘ymagunimcha ishonmayman»,— deydi. (Yuhanno 20:25)

Sakkiz kun o‘tgach, shogirdlar yana bir uyda uchrashib, eshigini qulflab qo‘yishadi. Bu safar To‘ma ham ular orasida. Ularning qarshisida Iso insoniy tanada paydo bo‘lib: «Assalomu alaykum!» — deydi. So‘ng u To‘maga shunday deb aytadi: «Barmog‘ingizni bu yerga qo‘yib, qo‘llarimga qarang. Qo‘lingizni uzatib, biqinimga tekkizing. Boshqa shubhalanmay, imonli bo‘ling». Javoban To‘ma: «Yo Hazratim, yo Hazratim!» — deydi. (Yuhanno 20:26–28) Ha, endi u Iso tirikligiga va Tangri Yahovaning ilohiy vakili ekaniga shubhalanmayapti.

«Meni ko‘rganingiz uchun ishondingiz-a?— deydi Iso.— Ko‘rmasdan ishonayotganlar baxtlidir». (Yuhanno 20:29)