Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

2-SAVOL

Nega tashqi ko‘rinishim haqida tashvishlanaman?

Nega tashqi ko‘rinishim haqida tashvishlanaman?

NEGA BU MUHIM?

Oynada ko‘rgan narsalaringizdan ko‘ra muhimroq bo‘lgan boshqa narsalar bor.

SIZ QANDAY YO‘L TUTGAN BO‘LARDINGIZ?

Quyidagi vaziyatni tasavvur qiling: Djuliya har gal oynaga qaraganida, semizman, degan fikrga keladi. Garchi ota-onasi va do‘stlari unga: «O‘ziyam cho‘pday ozg‘insan»,— deyishsa-da, u baribir: «Ozishim kerak»,— deb yuradi.

Yaqin orada Djuliya «hech bo‘lmasa bir necha kilo» vazn tashlash maqsadida jiddiy choralar ko‘rish haqida o‘yladi. Uning fikricha, bu uchun bor-yo‘g‘i bir necha kun och yurishi kerak, xolos.

Agar siz ham o‘zingizni Djuliya singari his qilganingizda, qanday yo‘l tutgan bo‘lardingiz?

TO‘XTAB, O‘YLAB KO‘RING!

O‘zingiz haqingizdagi fikringizni qiyshiq oynadagi tasvirga o‘xshatsa bo‘ladi

Tashqi ko‘rinishingiz qanday ekani borasida tashvishlanishning yomon joyi yo‘q. Muqaddas Kitobda Sora, Rohila, Obigayl, Yusuf va Dovud kabi erkagu ayollarning tashqi ko‘rinishi chiroyli bo‘lgani haqida aytilgan. Shuningdek, Obisha ismli qiz «g‘oyatda go‘zal» bo‘lganini ham o‘qiymiz. (3 Shohlar 1:4)

Biroq ko‘plab yoshlar tashqi ko‘rinishi borasida keragidan ortiq tashvishlanishadi. Bu esa jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin. Misol uchun, quyidagi ma’lumotni ko‘rib chiqing:

  • Qo‘shma Shtatlarda 58 foiz qizlar o‘zlarini semiz, deb hisoblashadi. Aslida esa, faqat 17 foiz qizlarni rostdan ham semiz desa bo‘ladi.

  • Qo‘shma Shtatlardagi boshqa bir tadqiqotga ko‘ra, aslida vazni normadan kam bo‘lgan ayollarning 45 foizi o‘zlarini juda semiz deb bilishadi.

  • Vaznini kamaytirish niyatida o‘zini qiynab, och yurgan ba’zi yoshlar ovqat yeya olmaslik kabi hayotga xavf tug‘diruvchi kasallikka chalinishgan. Bu kasallik tibbiyotda anoreksiya, deb yuritiladi.

Agar sizda ham anoreksiyaning alomatlari yoki ovqat yeyish bilan bog‘liq boshqa muammolar bo‘lsa, yordam izlang. Bu haqda ota-onangizga yoki boshqa ishongan odamingizga ayting. Zero, Allohning Kalomida: «Do‘st har qachon sevish uchundir, aka-ukalar ham og‘ir kun uchun tug‘ilgan»,— deb bejiz yozilmagan. (Hikmatlar 17:17)

QILISHINGIZ MUMKIN BO‘LGAN ENG YAXSHI O‘ZGARISH!

Aslini olganda, insonni chiroyli qiladigan narsa — bu uning ichki dunyosidir. Keling, shoh Dovudning o‘g‘li Absalomning misolini ko‘rib chiqaylik. Muqaddas Kitobda u haqda shunday yozilgan:

«Absalom kabi chiroyli, kelishgan odam yo‘q edi. U boshdan-tirnog‘igacha benuqson edi». (2 Shohlar 14:25)

Lekin shunga qaramay, bu yigit mag‘rur, shuhratparast va sotqin bo‘lgan. Shuning uchun Muqaddas Yozuvlarda Absalom ijobiy tomondan tasvirlanmay, pastkash, sadoqatsiz va nafratga to‘la inson sifatida tilga olingan.

Shu bois ham, Muqaddas Kitobda biz uchun quyidagi maslahat yozib qoldirilgan:

«Yangi o‘zlikni kiyib olinglar». (Kolosaliklarga 3:10)

«Sizning chiroyingiz tashqi ko‘rinishdan... iborat bo‘lmasin. Aksincha, chiroyingiz qalbingizning tubida yashirilgan... bo‘lsin». (1 Butrus 3:3, 4)

Chiroyli tashqi ko‘rinishga ega bo‘lishning yomon joyi yo‘q. Lekin tashqi ko‘rinishdan ham muhimroq bo‘lgan narsa — bu sizning shaxsiyatingizdir. Umuman olganda, boshqalar nazarida sizni go‘zal qiladigan narsa — bu kuchli tana yoki kelishgan qomatingiz emas, balki maqtovga loyiq fazilatlaringizdir! Filisiya ismli bir qiz shunday fikr bildirdi: «To‘g‘ri, go‘zallik darrov e’tiborni jalb qiladi, ammo ichingizda qanday inson ekaningiz va yaxshi xislatlaringiz odamlarning xotirasida ko‘proq saqlanib qoladi».

TASHQI KO‘RINISHINGIZ QANDAY?

Tashqi ko‘rinishingiz tufayli tez-tez tushkunlikka tushasizmi?

Jismoniy nuqsoningizni to‘g‘rilash uchun plastik operatsiya yoki qattiq parhez qilish to‘g‘risida o‘ylagan paytlaringiz bo‘lganmi?

Imkoningiz bo‘lganida, tashqi ko‘rinishingizda nimani o‘zgartirgan bo‘lardingiz? (Sizga mos kelganini belgilang.)

  • BO‘Y

  • VAZN

  • SOCH

  • QOMAT

  • YUZ

  • TANA RANGI

  • BOSHQASI

Agar birinchi ikkita savolga «ha» deb javob berib, uchinchi savolga uchtadan ko‘proq javobni belgilagan bo‘lsangiz, unda mana shu fikr haqida o‘ylab ko‘ring: boshqalar sizga siz kabi salbiy nuqtai nazar bilan qarashlari amrimahol. Ha, muvozanatni yo‘qotib, o‘zingiz haqingizda haddan ortiq tashvishlanib qolishingiz hech gap emas. (1 Shohlar 16:7)