9-DARS
Oilaviy baxtning siri nimada?
1. Oila baxtli bo‘lishi uchun nega nikohni rasmiylashtirish muhim?
Xushxabar Manbai baxtiyor Tangri Yahovadir. U barcha oilalar baxtli bo‘lishini istaydi. (1 Timo‘tiyga 1:11) U nikohning asoschisi. Rasmiylashtirilgan nikoh ota-ona va bolalar o‘zlarini baxtli hamda sevimli his qilishiga zamin yaratadi. Xudoga bo‘ysunishni istagan kishilar nikohni ro‘yxatdan o‘tkazish borasidagi mahalliy qonunlarga amal qilishi lozim. Luqo 2:1, 4, 5 ni o‘qing.
Alloh nikohga nisbatan qanday nuqtai nazarda? U er-xotin orasidagi rishtalar mustahkam va doimiy bo‘lishini istaydi. Yahova er va xotin bir-biriga sadoqatli bo‘lishini xohlaydi. (Ibroniylarga 13:4) U ajralishdan nafratlanadi. (Malaki 2:16) Biroq umr yo‘ldoshi zino qilgan holdagina Xudoning xizmatchilari ajrashib, qayta turmush qurishi mumkin. Matto 19:3–6, 9 ni o‘qing.
2. Er va xotin bir-biriga qanday munosabatda bo‘lishi kerak?
Yahova nikohda erkak va ayol bir-birini to‘ldirib tursin deb yaratgan. (Ibtido 2:18) Oila boshi sifatida er oila a’zolarining jismoniy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilishi va ularga Xudo haqida ta’lim berishi lozim. U xotini uchun fidoyilikka borishga tayyor bo‘lishi kerak. Turmush o‘rtoqlar bir-birini sevib, hurmat qilishi darkor. Barcha er va xotinlar nomukammal bo‘lgani uchun, bir-birini kechirishga o‘rganishi zarur. Bu — oilaviy baxtning siri. Efesliklarga 4:31, 32; 5:33; 1 Butrus 3:7 ni o‘qing.
3. Nikohda baxtsiz bo‘lsangiz nima qilishingiz kerak?
Agar nikohda qiyinchiliklar paydo bo‘lsa, er va xotin bir-biriga sevgi ila munosabat qilishga intilishi kerak. (1 Korinfliklarga 13:4, 5) Xudoning Kalomida nikohdagi muammolarni alohida yashash orqali hal qilish mumkinligi haqida aytilmagan. 1 Korinfliklarga 7:10–13 ni o‘qing.
4. Farzandlar, Alloh siz uchun nimani xohlaydi?
Yahova baxtiyor bo‘lishingizni istaydi. Yoshlik chog‘ingiz quvonchga to‘la bo‘lishi uchun U sizga eng a’lo maslahatlarni beradi. Shuningdek, U ota-onangizga quloq solishingizni istaydi. Sababi, ular sizdan donoroq bo‘lib, ko‘proq tajribaga ega. (Kolosaliklarga 3:20) Parvardigorimiz Unga ma’qul keladigan ishlarni qilishingizni va bu sizga quvonch keltirishini xohlaydi. Voiz 11:9–12:1; Matto 19:13–15; 21:15, 16 ni o‘qing.
5. Ota-onalar, bolalaringiz baxtli bo‘lishiga qanday hissa qo‘sha olasiz?
Bolalaringizda yegulik, turar joy va kiyim-kechak bo‘lishi uchun ko‘p harakat qilishingiz lozim. (1 Timo‘tiyga 5:8). Lekin farzandlaringiz baxtiyor bo‘lishlari uchun ularga Allohni sevishni va Unga quloq solishni ham o‘rgatishingiz darkor. (Efesliklarga 6:4) Bolalaringiz uchun sizning o‘rnagingiz muhim ahamiyatga ega. Agar ular Xudoni sevishingizni ko‘rishsa, bu ularning qalbiga qattiq ta’sir qiladi. Xudoning Kalomi bolangizni yaxshi tarbiyalab, to‘g‘ri fikrlash tarzini payvand qilishingizga yordam beradi. Qonunlar 6:4–7; Hikmatlar 22:6 ni o‘qing.
Bolalarga dalda berib, ularni maqtab turish foydali. Ammo ularni tuzatish va jazolab turish ham kerak. Bunday tarbiya ularni yomon yo‘ldan asraydi. (Hikmatlar 22:15) Lekin ularni tuzatayotganda shafqatsiz yoki qo‘pol bo‘lmang. Kolosaliklarga 3:21 ni o‘qing.
Yahovaning Shohidlari yordam tariqasida ota-ona va bolalar uchun mo‘ljallangan bir nechta kitoblarni chop etishgan. Bu adabiyotlar Muqaddas Kitobga asoslangan. Zabur 19:7, 11 ni o‘qing.