Shohlar birinchi kitob 10:1-27
10 Shomuil ichiga moy quyilgan idishni olib, Shoulning boshiga moy quydi+. U Shoulni o‘pib, shunday dedi: «Yahova seni O‘z xalqining+ rahnamosi+ etib moyladi.
2 Bugun oldimdan ketgach, Benyamin qabilasi hududidagi Zilzax yaqinida, Rohilaning maqbarasi+ oldida ikki kishini uchratasan va ular senga: “Sen izlab yurgan eshaklar topildi. Lekin otang eshaklarni+ unutib: “O‘g‘limga nima bo‘ldi ekan?” — deya sendan tashvishlanib o‘tiribdi”,— deb aytishadi.
3 U yerdan ketib Tovurdagi katta daraxtga yetganingda, haq Tangriga topinish uchun Baytilga+ ketayotgan uch kishini uchratasan. Birining qo‘lida uchta uloq, yana birinikida nonlar, boshqasining qo‘lida sharob quyilgan katta ko‘za bo‘ladi.
4 Ular sendan hol-ahvol so‘rashadi va senga ikkita non berishadi. Nonlarni olishing kerak.
5 Undan keyin haq Xudoning tepaligiga, filistimliklarning harbiy kuchlari joylashgan istehkomga yetib borasan. Shaharga yaqinlashganingda, tepalikdan tushib kelayotgan bir guruh payg‘ambarlarni uchratasan. Ular bashorat qilib kelayotgan bir paytda, oldilarida torli asbob, childirma, nay va arfa chalib ketayotgan odamlar bo‘ladi.
6 Shunda Yahovaning ruhi ustingga tushadi+ va sen ham ularga o‘xshab payg‘ambarlik qilasan. Sen boshqa insonga aylanib qolasan+.
7 Bu alomatlar senda namoyon bo‘lganda, qo‘lingdan kelganini qil, chunki haq Tangri sen bilandir.
8 Keyin mendan oldin Gilgalga+ tush. Men ham kuydiriladigan qurbonliklar va tinchlik qurbonliklarini baxshida etish uchun sening oldingga tushib boraman. Oldingga borgunimcha, yetti kun kutishing kerak. O‘shanda nima qilishing kerakligini senga ma’lum qilaman».
9 Shoul Shomuilning oldidan ketmoqchi bo‘lib burilgan ham ediki, Alloh uning yuragini o‘zgartira boshladi. Aytilgan alomatlarning hammasi o‘sha kuni amalga oshdi.
10 Shoul va xizmatkori u yerni tark etib, tepalik tomon yo‘l olishdi. Yo‘lda bir guruh payg‘ambarlarga duch kelishdi. Shu zahoti uning ustiga Xudoning ruhi tushdi+ va u ularga qo‘shilib payg‘ambarlik qila boshladi+.
11 Shoul payg‘ambarlarga qo‘shilib payg‘ambarlik qilayotganini ko‘rgan tanishlari bir-biriga: «Kishning o‘g‘liga nima bo‘ldi? Shoul ham payg‘ambarlardan birimi?» — deb aytishdi.
12 Ulardan bittasi: «Boshqa payg‘ambarlar-chi? Ularning otalari kim?» — dedi. «Shoul ham payg‘ambarlardan birimi?» — degan gap* o‘shandan paydo bo‘ldi+.
13 Payg‘ambarlik qilib bo‘lgach, u tepalikka chiqdi.
14 Keyin Shoulning amakisi undan va xizmatkoridan: «Qayerda edingizlar?» — deb so‘radi. Shoul esa: «Eshaklarni izlab yurgan edik+, topa olmagandan keyin Shomuilning oldiga bordik»,— deb javob berdi.
15 Amakisi unga: «Shomuil sizlarga nima deganini menga ham aytib bergin»,— dedi.
16 Shoul amakisiga: «U kishi bizga eshaklar allaqachon topilganini aytdilar»,— dedi. Ammo Shomuil unga shoh bo‘lishi haqida aytganini amakisiga gapirib bermadi.
17 So‘ng Shomuil xalqni Mispaxga, Yahovaning huzuriga chaqirdi+
18 va isroilliklarga quyidagilarni aytdi: «Isroil Xudosi Yahova shunday demoqda: “Isroilni Misrdan olib chiqqan, Misrning hamda sizlarga zulm o‘tkazgan barcha shohliklarning qo‘lidan qutqargan Menman+.
19 Biroq sizlar, barcha yovuzliklar va qayg‘ulardan qutqargan Tangringizni bugun rad etib+: “Mayli, biz rozimiz. Shohimiz bo‘lishida qarorimiz qat’iy”,— deb aytdingizlar. Endi Yahovaning huzurida qabilalaringiz va oilalaringiz* bo‘yicha saf tortinglar”».
20 Shomuil Isroilning barcha qabilalarini birin-ketin yoniga chaqirdi+ va Benyamin qabilasi tanlandi+.
21 So‘ng Benyamin qabilasini oilalari bo‘yicha yoniga chaqirdi va Matri oilasi tanlandi. Nihoyat, Kish o‘g‘li Shoul tanlandi+. Ammo uni izlab topa olishmadi.
22 Ular Yahovadan: «O‘sha odam shu yerdami?» — deb so‘rashdi+. Yahova: «U yuklarning orasida yashirinib o‘tiribdi»,— deb javob berdi.
23 Ular yugurib borib, uni yuklar orasidan olib kelishdi. U odamlar orasida turganda, bo‘yi balandligidan hamma odamlar uning yelkasidan kelardi+.
24 Shomuil butun xalqga: «Yahova kimni sizlarga tanlaganini+ ko‘ryapsizlarmi? Butun xalq ichida unga o‘xshagani yo‘q»,— deb aytdi. Shunda odamlarning hammasi: «Shoh hazratlarining umri uzoq bo‘lsin!» — deya hayqira boshladi.
25 Shomuil xalqga shoh ulardan nimalarni talab qilishga haqli ekanini gapirib berdi+. Aytilganlarni esa kitobga yozib, uni Yahovaning oldiga qo‘ydi. So‘ng har biri o‘z uyiga qaytishi uchun, Shomuil butun xalqga ijozat berdi.
26 Shoul ham Givodagi uyiga ketdi va dovyurak jangchilar unga hamroh bo‘lishdi, chunki buni Yahova ularning ko‘ngliga solgan edi.
27 Biroq ayrim yaramas odamlar: «Bizni qutqaradigan odam mana shumi?»+ — deb aytishdi. Uni nazarlariga ilishmagani uchun, unga hech qanday hadya tortiq etishmadi+. Shoul bo‘lsa hech narsa demadi*.
Izohlar
^ Yoki «hikmat».
^ Yoki «minglab odamlardan tarkib topgan bo‘linmalar».
^ So‘zma-so‘z «soqovga o‘xshab turaverdi».