Ayub 1:1-22
1 Uz degan yurtda Ayub*+ ismli kishi yashardi. U to‘g‘ri, benuqson+, Xudodan qo‘rqadigan va yomonlikdan uzoq yuradigan inson edi+.
2 U yetti o‘g‘il va uchta qizning otasi edi.
3 Uning 7 000 ta qo‘yi, 3 000 ta tuyasi, 1 000 ta qoramoli va 500 ta eshagi bor edi. Xizmatkorlari ham ko‘p edi. Shu bois, u Sharqdagi barcha xalqlar orasida eng obro‘li odamga aylangan edi.
4 Ayubning har bir o‘g‘li, o‘z navbati kelgan kuni uyida ziyofat uyushtirardi. Ular birga yeb-ichish uchun uchta singlisini* ham taklif qilishardi.
5 Hamma farzandlari ziyofat berib bo‘lgandan so‘ng, Ayub ularga Xudo oldida o‘zlaringizni poklanglar, degan xabar yuborardi. O‘zi esa sahar turib, har bir farzandi uchun kuydiriladigan qurbonliklar keltirardi+. Chunki u: «Farzandlarim gunoh qilib qo‘ygandir yoki ko‘ngillarida Xudoni haqorat qilgan bo‘lishi mumkin»,— deb o‘ylardi. Ayub doim shunday qilardi+.
6 Haq Tangrining o‘g‘illari*+ Yahovaning huzuriga kiradigan kun keldi va ular Uning oldida o‘z o‘rinlarini egallashdi+. Ularga qo‘shilib Shayton+ ham kirib keldi+.
7 Shunda Yahova Shaytondan: «Qayerdan kelyapsan?» — deb so‘radi. U Yahovaga: «Butun yer yuzini aylanib, ko‘zdan kechirib kelyapman»+,— deb javob berdi.
8 Yahova Shaytonga: «Xizmatchim Ayubga e’tibor berdingmi? Yer yuzida unga teng keladigani yo‘q. U benuqson+, to‘g‘ri, xudotars va yomonlikdan uzoq yuradi»,— dedi.
9 Shayton esa Yahovaga: «Ayub bekorga xudotarsmi?+
10 Axir uning o‘zini, xonadonini va bor narsasini himoya qilib turgan Sen emasmi?!+ Qilgan mehnatiga baraka berding+, chorvasi esa butun yurt bo‘ylab tarqalgan.
11 Lekin qo‘lingni uzatib, uning hamma narsasini olib qo‘ygin-chi! O‘shanda ko‘z oldingda u Seni la’natlaydi»,— deb javob qaytardi.
12 So‘ng Yahova Shaytonga: «Mayli, uning bor narsasini qo‘lingga topshiraman. Faqat uning o‘ziga tegma!» — dedi. Shunday qilib, Shayton Yahovaning huzuridan chiqib ketdi+.
13 Bir kuni Ayubning o‘g‘illari bilan qizlari katta akalarining uyida ovqat yeb, sharob ichib o‘tirishganda+,
14 Ayubning oldiga xizmatkorlaridan biri kelib, shunday dedi: «Ho‘kizlar yerni shudgor qilayotgan edi, eshaklar atrofda o‘tlab yurgandi.
15 To‘satdan savoliklar hujum qilib, mollarni haydab ketishdi. Xizmatkorlarni esa qilichdan o‘tkazishdi. Yolg‘iz men qochib qutulib, sizga bu xabarni yetkazgani keldim».
16 U hali gapirib turganida, boshqasi kelib: «Osmondan Xudoning olovi* tushib, qo‘ylar bilan cho‘ponlar orasida lov etib yondi-da, ularni yutib yubordi. Yolg‘iz men qochib qutulib, sizga bu xabarni yetkazgani keldim»,— deb aytdi.
17 U hali gapirib turganida, boshqasi kelib: «Xaldeylar+ uch guruhga bo‘linib, tuyalarga hamla qilishdi va ularni haydab ketishdi, xizmatkorlarni esa qilichdan o‘tkazishdi. Yolg‘iz men qochib qutulib, sizga bu xabarni yetkazgani keldim»,— dedi.
18 U hali gapirib turganida, yana boshqasi kelib: «O‘g‘il va qizlaringiz katta akalarining uyida ovqat yeb, sharob ichib o‘tirishganda,
19 nogahon sahro tomondan kuchli shamol esib, uyning to‘rt burchagiga urildi. Uy farzandlaringizni bosib qoldi va ular nobud bo‘lishdi. Yolg‘iz men omon qolib, sizga bu xabarni yetkazgani keldim»,— dedi.
20 Shunda Ayub o‘rnidan turdi, kiyimini yirtib, sochini qirqib tashladi. So‘ng yerga muk tushib, ta’zim qildi
21 va quyidagini aytdi:
«Onamning qornidan yalang‘och tug‘ildim,Yalang‘och holda tuproqga qaytaman+.
Bergan ham Yahova+, olgan ham Yahova.
Yahovaning ismiga hamd-u sanolar bo‘lsin!»
22 Bu ko‘rgiliklarga qaramay, Ayub gunoh qilmadi va Xudoni ayblamadi.
Izohlar
^ Taxminiy ma’nosi «adovat qurboni».
^ Yoki «opasini». Bu oyatdagi ibroniycha so‘z ham opaga, ham singilga qarata qo‘llaniladi.
^ Ibroniycha ushbu ibora Xudoning farishtalariga nisbatan qo‘llaniladi.
^ Boshqa variant «chaqmoq».