Chiqish 23:1-33

  • Isroil xalqi uchun qonun-qoidalar (1-19)

    • Halollikka va adolatga tegishli (1-9)

    • Shabbat va bayramlarga tegishli (10-19)

  • Isroil xalqini farishta boshlab boradi (20-26)

  • Yurtga egalik qilish va uning chegaralari (27-33)

23  Yolg‘on gaplarni tarqatmanglar+. Yomonlikni niyat qiladigan guvohga aylanib, yovuz odamga sherik bo‘lib qolmanglar+.  Ko‘pchilikka ergashib, yomon ishga qo‘l urmanglar. Bahsli masala bo‘yicha guvohlik berayotganingizda, ko‘pchilikning fikriga qo‘shilib haqiqatni buzmanglar.  Kambag‘al kishining masalasini hal qilayotganda, xolisona yo‘l tutinglar+.  Dushmaningizning buqasi yoki eshagi yo‘qolib qolganini ko‘rsangiz, uni egasiga eltib beringlar+.  Sizdan nafratlanadigan kishining eshagi yuk tagida cho‘kkalab qolganini ko‘rib qolsangiz, yonidan beparvo o‘tib ketmanglar. O‘sha kishiga eshagidan yukni tushirishga yordam beringlar+.  Kambag‘al kishining ishini ko‘rib chiqayotganda, adolatsiz hukm chiqarmanglar+.  Yolg‘on ayblov bo‘yicha biron ishga qo‘l urib, aybsiz va odil kishini o‘limga mahkum etmanglar. Zero Men bunday yovuz ishni qilgan insonni oqlamayman+.  Pora olmanglar. Chunki pora hatto oqilona hukm chiqaradigan odamni yo‘ldan ozdiradi, odil kishining esa qarorlarini buzadi+.  Musofirga zulm o‘tkazmanglar. O‘zlaringiz ham Misr yurtida musofir bo‘lganingiz bois, musofirchilik nima ekanini yaxshi bilasizlar+. 10  Olti yil yerga ishlov berib, uning hosilini yig‘ib olinglar+. 11  Yettinchi yili esa yerga ishlov bermanglar, shudgor ham qilmanglar. Yerdan unib chiqqan hosilni xalqingiz orasidagi kambag‘allar, ulardan ortganini esa dasht hayvonlari yesin. Tokzor hamda zaytunzorlaringiz bilan ham shunday yo‘l tutinglar. 12  Olti kun ishlanglar, yettinchi kuni esa hech qanday ish qilmanglar. Shunda ho‘kizingiz bilan eshagingiz tinim olib, qulingiz va musofir ham dam oladi+. 13  Sizlarga aytgan so‘zlarimning hammasini bajaringlar+ va boshqa xudolarning nomlarini aytib chaqirmanglar, ularni tilga ham olmanglar+. 14  Yiliga uch marta Menga atab bayram qilinglar+. 15  Xamirturushsiz non bayramini nishonlab+, sizlarga amr etganimday, yetti kun xamirturushsiz non yenglar. Buni belgilab qo‘yilgan abib* oyida nishonlanglar+, sababi Misr yurtidan aynan o‘sha vaqtda chiqqansizlar. Hech kim Mening oldimga bo‘sh qo‘l bilan kelmasin+. 16  Bundan tashqari, dalangizga urug‘ sepib, mehnat qilib o‘stirgan narsalarning ilk hosilini yig‘ib olganingizda Hosil bayramini* nishonlanglar+. Shuningdek, mehnat qilib o‘stirgan hosilingizni yilning oxirida dalangizdan yiqqaningizda, O‘rim-yig‘im bayramini* nishonlanglar+. 17  Barcha erkaklar yiliga uch marotaba Rabb Yahovaning huzuriga kelsin+. 18  Men uchun keltiriladigan qurbonlikning qonini hech qanday achitilgan narsa bilan birga tortiq etmanglar. Menga atalgan bayramda qurbonlikka keltirilgan yog‘ ertalabgacha qolib ketmasin. 19  Yerdan olgan birinchi hosilingizning eng yaxshisini Tangringiz Yahovaning uyiga olib kelinglar+. Uloqni onasining sutida qaynatmanglar+. 20  Sizlarni himoyalab, Men tayyorlab qo‘ygan joyga boshlab borishi uchun, oldingizda bir farishtani yuboryapman+. 21  Unga diqqatli bo‘lib, bo‘ysuninglar. Unga qarshi chiqmanglar, aks holda u qilmishlaringizni kechirmaydi+, chunki u Mening nomimdan ish yuritadi. 22  Agar unga astoydil bo‘ysunib, aytgan so‘zlarimning barchasiga amal qilsangizlar, dushmanlaringizga dushman bo‘lib, sizlarga qarshi chiqqanlarga qarshi chiqaman. 23  Sizlarni boshlab ketayotgan farishtam sizlarni amoriylar, xetiylar, pariziylar, kan’onliklar, xiviylar va yobusiylar oldiga olib boradi va Men ularni yo‘q qilaman+. 24  Ularning xudolariga sajda ham, xizmat ham qilmanglar va ularning xatti-harakatlariga taqlid qilmanglar+. Aksincha, xudolarini vayron qilib, muqaddas toshlarini* sindirib tashlanglar+. 25  Men Allohingiz Yahovaga xizmat qilinglar+ va Men sizlarga suv bilan nonni mo‘l-ko‘l qilib beraman+. Men sizlarni xastaliklardan xalos etaman+. 26  Yurtingizdagi ayollar homilasi tushib qolishdan yoki bepushtlikdan azob chekmaydi+. Umringizni uzoq qilaman. 27  Sizlar yetib bormasingizdan, o‘sha xalqlar Men haqimda eshitib, qo‘rquvga tushishadi+. Sizlar ro‘para keladigan barcha xalqlarni sarosimaga solaman va ularning hammasi mag‘lubiyatga uchrab, qochib ketadi+. 28  Sizlar borishingizdan oldin dushmanlaringizni tushkun ahvolga* solaman+ va xiviylar, kan’onliklar-u xetiylarni oldingizdan quvib chiqaraman+. 29  Ularni oldingizdan bir yilning ichida quvib chiqarmayman. Aks holda, yer kimsasiz qolib, u yerda yovvoyi hayvonlar ko‘payib, sizlarga ziyon yetkazadi+. 30  Sizlar uvali-juvali bo‘lib, yurtni egallab olguningizga qadar, ularni oldingizdan sekin-asta quvib chiqaraman+. 31  Yurtingiz chegarasi Qizil dengizdan filistimliklar dengizigacha, sahrodan Furot daryosigacha cho‘zilib boradi+, zero o‘sha yerning aholisini sizlarning qo‘lingizga topshiraman va sizlar ularni quvib chiqarasizlar+. 32  Ular bilan ham, ularning xudolari bilan ham ahd qilmanglar+. 33  Sizlarni Menga qarshi gunoh qilishga og‘dirmasligi uchun, ular yurtingizda yashamasligi kerak. Bordi-yu, ularning xudolariga xizmat qiladigan bo‘lsangiz, tuzoqga tushgan bo‘lasizlar»+.

Izohlar

So‘zma-so‘z «Haftalar bayramini». Lug‘atga q.
Shuningdek, Chaylalar (Chodirlar) bayrami deya tanilgan.
Boshqa variant «vahimaga; qo‘rquvga».