Doniyor 3:1-30

  • Navuxodonosor oltin haykal yasaydi (1-7)

    • Haykalga sajda qilish farmoni (4-6)

  • Bo‘ysunmagani uchun uchta yigit ayblanadi (8-18)

    • «Xudolaringizga sig‘inmaymiz» (18)

  • Qizdirilgan pechga tashlanadi (19-23)

  • Mo‘jizaviy tarzda pechdan qutqariladi (24-27)

  • Shoh Yahovani madh etadi (28-30)

3  Shoh Navuxodonosor balandligi 60 tirsak*, eni 6 tirsak* bo‘lgan oltin haykal yasadi. Uni Bobil viloyatidagi* Durax tekisligida o‘rnatdi.  Keyin shoh Navuxodonosor satraplar*, boshliqlar, hokimlar, maslahatchilar, xazinabonlar, hakamlar, qonun posbonlari hamda viloyatlarning barcha boshqaruvchilariga xabar yuborib, o‘rnatgan haykalning ochilish marosimiga chaqirtirdi.  Shunday qilib, shoh Navuxodonosor o‘rnatgan haykalning ochilish marosimiga satraplar, boshliqlar, hokimlar, maslahatchilar, xazinabonlar, hakamlar, qonun posbonlari hamda viloyatlarning barcha boshqaruvchilari kelishdi. Ular shoh Navuxodonosor o‘rnatgan haykal oldida turishdi.  Jarchi shunday deb jar soldi: «Ey xalqlar, millatlar va turli tilda gapiradiganlar, shohning farmoniga quloq soling!  Burg‘u, nay, sitra, arfa, torli asbob va boshqa musiqiy asboblarning tovushini eshitganingizda muk tushib, shoh Navuxodonosor o‘rnatgan oltin haykalga sajda qiling.  Kimki muk tushib sajda qilmasa, shu zahotiyoq yonib turgan pechga tashlanadi»+.  Shunda xalqlar, millatlar va turli tilda gapiradiganlarning bari burg‘u, nay, sitra, arfa, torli asbob va boshqa musiqiy asboblarning tovushini eshitganda muk tushib, shoh Navuxodonosor o‘rnatgan oltin haykalga sajda qildi.  Shu payt ba’zi xaldeylar shohning yoniga kelib, yahudiylarni ayblay boshlashdi*.  Shoh Navuxodonosorga shunday deyishdi: «Ey, shoh hazratlari, umringiz boqiy bo‘lsin! 10  Ey shohimiz, har bir kishi burg‘u, nay, sitra, arfa, torli asbob va boshqa musiqiy asboblarning tovushini eshitganda muk tushib, oltin haykalga sajda qilishini buyurgan edingiz. 11  Kimki muk tushib sajda qilmasa, shu zahotiyoq yonib turgan pechga tashlansin deb amr etgan edingiz+. 12  Biroq yahudiylar orasida siz Bobil viloyatlarini boshqarishga tayinlagan Shadrax, Meshax va Abednaxu+ deganlari bor. Ey, shoh hazratlari, bu kishilar sizni nazar-pisand qilmayapti. Xudolaringizga sig‘inishdan, siz o‘rnatgan oltin haykalga sajda qilishdan bosh tortyapti». 13  Navuxodonosorning g‘azabi qaynab, Shadrax, Meshax va Abednaxuni keltirishni buyurdi. Ularni shoh huzuriga olib kirishdi. 14  Navuxodonosor ularga shunday dedi: «Shadrax, Meshax, Abednaxu! Mening xudolarimga+ sig‘inmay, men o‘rnatgan oltin haykalga sajda qilishdan bosh tortayotganingiz rostmi? 15  Endi, burg‘u, nay, sitra, arfa, torli asbob va boshqa musiqiy asboblarning tovushini eshitganingizda muk tushib, men yasagan haykalga sajda qilsangiz, o‘zingizga yaxshi. Ammo sajda qilishdan bosh tortsangiz, shu zahotiyoq yonib turgan pechga tashlanasizlar. Ana o‘shanda, sizlarni qo‘limdan qaysi xudo qutqara olishini ko‘ramiz!»+ 16  Shadrax, Meshax va Abednaxu shohga quyidagicha deyishdi: «Ey, shoh Navuxodonosor, bu borada gapirishning hojati ham yo‘q. 17  Agar pechga tashlansak, biz xizmat qiladigan Tangrimiz bizni qutqara oladi. Ey shohimiz, U bizni yonib turgan pechdan ham, sizning qo‘lingizdan ham qutqarishga qodir+. 18  Bordi-yu, U bizni qutqarmasa ham, ey, shoh hazratlari shuni bilingki, xudolaringizga sig‘inmaymiz, siz o‘rnatgan oltin haykalga sajda qilmaymiz»+. 19  Shunda Navuxodonosor Shadrax, Meshax va Abednaxudan darg‘azab bo‘lib, avzoyi buzildi. U pechni odatdagidan yetti barobar qattiqroq qizdirishni buyurdi. 20  So‘ngra qo‘shinidagi qudratli jangchilarning bir nechtasiga Shadrax, Meshax va Abednaxuni bog‘lab, yonib turgan pechga tashlashni buyurdi. 21  Ularni bog‘lashdi-da, egnidagi ustki va ichki kiyimlari, bosh kiyimi, xullas butun ust-boshi bilan yonib turgan pechga tashlashdi. 22  Shohning buyrug‘i o‘ta shafqatsiz edi. Pech shu qadar qattiq qizdirilgan ediki, Shadrax, Meshax va Abednaxuni pechga tashlagan kishilar olov alangasidan halok bo‘lishdi. 23  Ammo uchovi — Shadrax, Meshax va Abednaxu bog‘langan holda yonib turgan pech ichiga qulab tushdi. 24  Shoh Navuxodonosor qo‘rqib ketib, o‘rnidan sakrab turdi-da, amaldorlariga: «Biz bog‘langan uchta kishini olovga tashlamaganmidik?» — dedi. Ular javoban: «Xuddi shunday, shoh hazratlari!» — deyishdi. 25  Shoh: «Qaranglar! Olov ichida bog‘lanmagan to‘rt kishi yuribdi-ku. Ularga ziyon ham yetmabdi. To‘rtinchisi xudolarning o‘g‘liga o‘xshaydi-ya!» — dedi. 26  Navuxodonosor yonib turgan pechning eshigi oldiga kelib: «Ey, Alloh Taoloning+ xizmatkorlari, Shadrax, Meshax, Abednaxu! Bu yoqga chiqinglar!» — dedi. Shunda Shadrax, Meshax va Abednaxu olov ichidan chiqib kelishdi. 27  U yerga yig‘ilgan satraplar, boshliqlar, hokimlar va shohning amaldorlari+ olov bu kishilarning tanasiga ziyon yetkazmaganini+, boshlaridagi bir tola soch ham, ustki kiyimlari ham kuymaganini ko‘rib, ulardan hatto olov hidi ham kelmayotganini payqashdi. 28  So‘ng Navuxodonosor shunday dedi: «Farishtasini yuborib, O‘z xizmatkorlarini qutqarib qolgan Shadrax, Meshax va Abednaxuning Tangrisiga madhlar bo‘lsin!+ Ular Unga tayanib, shohning amriga qarshi borishdi, hatto o‘lishga ham tayyor bo‘lishdi. O‘z Xudosidan bo‘lak boshqa xudoga sig‘inishdan, sajda qilishdan bosh tortishdi+. 29  Endi shunday farmon chiqaraman: bordi-yu, xalqlar, millatlar yoki boshqa tilda gapiradiganlar orasidagi birorta kishi Shadrax, Meshax va Abednaxuning Xudosiga qarshi so‘z aytsa, tanasi bo‘lak-bo‘lak qilinib, uylari hojatxonaga* aylantiriladi. Chunki U kabi qutqarishga qodir boshqa hech qanday xudo yo‘q»+. 30  Bundan keyin shoh Bobil viloyatida Shadrax, Meshax va Abednaxuning mansabini ko‘tardi+.

Izohlar

Yoki «qaramog‘ ostidagi viloyat».
Yoki «tuhmat qilishdi».
Boshqa variant «axlatxonaga; go‘ng uyumiga».