Havoriylar 27:1-44

  • Pavlus Rimga yo‘l oladi (1-12)

  • Bo‘ron ko‘tariladi (13-38)

  • Kema halokati (39-44)

27  Italiyaga suzib borishimiz haqida qaror chiqarilgach+, Pavlusni va boshqa mahbuslarni Avgustning* harbiy bo‘linmasidan bo‘lgan Yuliy ismli yuzboshiga topshirishdi.  Biz Osiyo sohillariga Adramitdan suzib kelayotgan kemaga o‘tirib jo‘nadik. Biz bilan Salonika* shahridan bo‘lgan makedoniyalik Aristarx+ ham bor edi.  Ertasi kuni biz Sidon shahriga kelib to‘xtadik. Yuliy Pavlusga odamgarchilik ko‘rsatib, do‘stlari unga g‘amxo‘rlik qilishsin, deya ularning oldiga borishga ruxsat etdi.  Biz yana u yerdan suzib chiqib, qarshimizdan shamol esgani uchun Kipr orolini panalab o‘tdik.  So‘ng ochiq dengizga chiqib Kilikiya va Pamfiliya bo‘ylab suzib, Likiya viloyatidagi Mira shahriga yetib keldik.  O‘sha yerda yuzboshi Iskandariyadan kelgan va Italiyaga ketadigan kemani topib, bizni unga o‘tqizdi.  Bir necha kun qiynalib suzib, zo‘rg‘a Knidosga yetib keldik. Shamol bizga to‘sqinlik qilgani uchun biz Krit orolini panalab, Salmon yonidan olg‘a suzib ketdik.  Krit sohili bo‘ylab mashaqqat bilan suzib, Laseya shahriga yaqin bo‘lgan Go‘zal bandargohlar degan joyga yetib keldik.  Ko‘p vaqt o‘tdi va suzish endi xavfli edi. Gunohni yuvish kuni+ uchun tutiladigan ro‘za tugagani bois, Pavlus ularni ogohlantirib, shunday dedi: 10  «Janoblar, menimcha, bu suzish nafaqat yuk va kemaga, balki jonlarimizga* ham ziyon keltiradi». 11  Lekin yuzboshi Pavlusning gapiga emas, kema egasi va uning kapitaniga quloq soldi. 12  Bandargoh qishlashga moslashtirilmagani uchun ko‘pchilik u yerdan suzib ketib, Krit orolining Finik bandargohida qishlaylik, deb maslahat berdi. U yerdan shimoli-sharq va janubi-sharq tomon suzib ketish mumkin edi. 13  Shu payt janubdan shamol esayotgandi. Shunda ular maqsadimizga erishdik, deb langarni ko‘tarishdi-da, Krit sohili bo‘ylab suzib ketishdi. 14  Biroq ko‘p vaqt o‘tmay, orol tomondan kuchli shimoli-sharqiy shamol* ko‘tarildi. 15  Shamol shunchalik qattiq esdiki, kema unga qarshi tura olmaganidan biz taslim bo‘ldik va shamol esgan tomonga suzib ketdik. 16  Unchalik katta bo‘lmagan Kavda orolini panalab suzib o‘tishimizga qaramasdan, kema quyrug‘idagi qayiqni zo‘rg‘a ko‘tarib oldik. 17  Uni ko‘tarib olishgandan keyin kemani arqonlar bilan bog‘lab, mahkamlay boshlashdi. Sirtdagi* qumloq sayozlikka botib qolishdan qo‘rqib, ular kemaning kanop va sim arqonlarini tushirishdi. Shunday qilib, biz shamolga taslim bo‘lib, suzib borardik. 18  Bo‘ron kemani qattiq tebratgani uchun, ertasiga ular yukni dengizga tashlay boshlashdi. 19  Uchinchi kuni esa o‘z qo‘llari bilan kema jihozlarini ham otib yuborishdi. 20  Ancha kun mobaynida na quyosh, na yulduzlar ko‘rinardi. Bo‘ron esa hech tinmasdi. Oxir-oqibat qutulishga bo‘lgan umidimiz puchga chiqdi. 21  Kemadagi odamlar ko‘pdan beri hech narsa yeyishmagani uchun, Pavlus ularning orasida turib: «Janoblar, Krit orolidan dengizga chiqmanglar, degan maslahatimga quloq solsangiz bo‘lmasmidi? O‘shanda bunday ziyon ko‘rmas edingizlar+. 22  Lekin tushkunlikka tushmanglar, chunki kemadan tashqari hech bir jon halok bo‘lmaydi. 23  Zero bu kecha men topinadigan Alloh O‘z farishtasini+ yubordi. 24  U menga shunday deb aytdi: “Qo‘rqma, Pavlus. Sen podshohning* oldida turishing kerak+. Tangri sen bilan birga bo‘lganlarning hayotini saqlab qoladi”. 25  Shuning uchun janoblar, bardam bo‘linglar. Sababi men, Xudo aytgan barcha narsalar ro‘yobga chiqishiga ishonaman. 26  Faqat kemamiz qaysidir orol yaqinida halokatga uchraydi»+. 27  Adriya dengizida* shamolga taslim bo‘lib yurishimizning 14- kechasida, qariyb tunning yarmida dengizchilar qaysidir quruqlikka yaqinlashishganini payqadilar. 28  Ular chuqurlikni o‘lchashganida, taxminan 36 metr* chiqdi. Biroz suzgandan keyin yana o‘lchab, qariyb 27 metr* ekanini aniqlashdi. 29  Qoyalarga urilishdan qo‘rqib, kemaning orqa qismidan to‘rtta langarni tashladik-da, tong otishini sabrsizlik bilan kutdik. 30  Ammo dengizchilar qochib ketish niyatida kema tumshug‘idan langar tashlamoqchiday bo‘lib, qayiqni dengizga tushira boshladilar. 31  Shunda Pavlus yuzboshi va askarlarga: «Agar bu kishilar kemada qolishmasa, sizlar qutula olmaysizlar»+,— dedi. 32  So‘ng askarlar qayiqning arqonlarini kesib, uni tushirib yuborishdi. 33  Kun chiqishidan oldin Pavlus hammani biror narsa yeyishga undab, shunday dedi: «Xavotirlanib hech narsa yemay o‘tirganingizga mana 14 kun bo‘ldi. 34  Iltimos, omon qolishingiz uchun biron-bir narsa yeb olinglar. Boshingizdan bir tola soch ham tushmaydi». 35  Pavlus gapini tugatib nonni oldi va hammaning oldida shukrona duosini aytib, sindirib yeya boshladi. 36  Shunda hamma dadil bo‘lib yeyishga kirishdi. 37  Kemada jami bo‘lib, 276 nafar jon edik. 38  Qorinlarini to‘yg‘azgach, bug‘doyni dengizga otib kemani yengillatishdi+. 39  Kun yorishgach, qirg‘og‘i qumloq bir yerni ko‘rishdi-yu, lekin qaysi joy ekanini tanishmadi+. Ular iloji boricha kemani o‘sha yerga to‘xtatishga qaror qilishdi. 40  Oxiri langarlarni uzib tashlab, ularni dengizda qoldirishdi. Shu paytning o‘zida yo‘naltiruvchi eshkaklarning arqonlarini yechib, oldingi yelkanni shamol tomon ko‘tarib, sohil bo‘yiga suzib ketishdi. 41  Kema ikki tomonidan dengiz yuvib turadigan sayoz joyga tumshug‘i bilan tiqilib qimirlamay qoldi. Shunda kemaning quyrug‘i to‘lqinlarning kuchi bilan parchalana boshladi+. 42  So‘ng askarlar, mahbuslardan hech biri qochib ketmasin, deya ularni o‘ldirishga qaror qilishdi. 43  Biroq yuzboshi Pavlusni qutqarishni istab ularni bunday qilishdan to‘xtatdi. Suzishni bilganlarga esa dengizga sakrab, quruqlikka birinchi bo‘lib chiqishlarini buyurdi. 44  Qolganlarga bo‘lsa xoh taxtalarga, xoh kemaning biron siniq bo‘lagiga ilashib, ketidan suzishlarini aytdi. Shunday qilib, hamma quruqlikka eson-omon yetib oldi+.

Izohlar

Rim imperatorining unvoni, odamning ismi emas.
Yoki «Saloniki».
Yoki «hayotimizga».
Yun. Evrakilon.
Yoki «qaysarning». Yun. sezar.
Adriya hozirgi Adriatika va Ioni dengizlarining hamda O‘rta dengizning Sisiliya bilan Krit orasidagi qismini o‘z ichiga olgan.
So‘zma-so‘z «20 dengiz sarjini». Ilovaning B14 mavzusiga q.
So‘zma-so‘z «15 dengiz sarjini». Ilovaning B14 mavzusiga q.