Luqo 13:1-35

  • Tavba qilish yoki o‘lish (1-5)

  • Anjir daraxti haqidagi masal (6-9)

  • Qaddi bukilgan ayol Shabbat kuni shifo topadi (10-17)

  • Xantal urug‘i va xamirturush haqidagi masallar (18-21)

  • Tor eshikdan kirish uchun jon kuydirish kerak (22-30)

  • Hirod «o‘sha tulki» (31-33)

  • Iso Quddus uchun achinadi (34, 35)

13  Shu payt u yerdagilarning ba’zilari Isoga, Pilat o‘ldirgan jalilaliklar haqida aytib berishdi. Pilat ularning qonini o‘zlari keltirgan qurbonliklar qoniga aralashtirib yuborgan edi.  Iso ularga javoban shularni aytdi: «Bu jalilaliklar shuncha azob chekishgan ekan, demak, ular boshqa jalilaliklardan ko‘ra ko‘proq gunohkor bo‘lgan, deb o‘ylaysizlarmi?  Aslo, lekin sizlarga aytib qo‘yay, agar tavba qilmasangiz, ularga o‘xshab halok bo‘lasiz+.  Masalan, Siloamda 18 kishining ustiga minora qulab tushgandi. Xo‘sh, ular Quddusda yashovchilardan ko‘ra ko‘proq gunohkor bo‘lgan, deb o‘ylaysizlarmi?  Yo‘q, ammo sizlarga aytib qo‘yay, agar tavba qilmasangiz, ularga o‘xshab nobud bo‘lasiz».  Keyin Iso ularga bir masal aytib berdi: «Bitta kishining uzumzorida anjir o‘tqazilgan ekan. Bir kuni u kelib, undan meva izlay boshlabdi. Lekin hech narsa topolmabdi+.  Keyin u bog‘bonga: “Mana uch yildirki, bu anjir daraxtidan meva izlab kelaman-u, lekin topolmayman. Uni chopib tashla! Bekordan-bekor yerni band qilib turmasin!” — deb aytibdi.  Bog‘bon unga javob berib debdi: “Xo‘jayin, keling uni yana bir yilga qoldiraylik. Uning tagini yumshatib, go‘ng solib ko‘ray-chi.  Bordi-yu, yanagi yil meva bermasa, mayli uni chopib tashlayvering”»+. 10  Shabbat kuni Iso ibodatxonalarning birida ta’lim berayotgandi. 11  U yerda 18 yildan beri yovuz ruh ta’siridan dardga chalingan bir ayol bor edi. U ikki bukilgan bo‘lib, hecham qaddini rostlay olmasdi. 12  Iso shu ayolni ko‘rib, unga: «Dardingizdan xalos bo‘ldingiz*»+,— dedi va 13  qo‘lini ayolning ustiga qo‘ydi. Shu zahoti ayol rostlanib, Allohni sharaflay boshladi. 14  Iso buni Shabbat kunida qilgani uchun ibodatxona boshlig‘i achchiqlanib, xalqga shunday dedi: «Ishlash uchun olti kun bor+. Shifo topish uchun ana shu kunlari kelinglar, Shabbat kuni emas»+. 15  Biroq Iso bunga javoban dedi: «Ey ikkiyuzlamachilar+, axir Shabbat kunida molxonadagi ho‘kiz yoki eshagingizni yechib, suv ichirgani olib chiqmaysizlarmi?+ 16  Mana, 18 yildan beri Shayton kishanlab qo‘ygan, Ibrohim qizi hisoblangan bu ayolni Shabbat kunida ozod qilish o‘rinli emasmi?» 17  Iso bu so‘zlarni aytganda, unga qarshi chiqqan hamma uyatga qoldi. Butun xalq esa uning ulug‘vor ishlaridan xursand bo‘ldi+. 18  Shundan keyin Iso quyidagilarni aytdi: «Xudoning Shohligi nimaga o‘xshaydi? Uni nima bilan solishtiray? 19  U, bir odam o‘z bog‘iga ekkan xantal urug‘iga o‘xshaydi. Urug‘ unib chiqib, daraxtga aylanibdi va uning shoxlarida qushlar in quribdi»+. 20  Iso so‘zida davom etib dedi: «Xudoning Shohligini yana nima bilan solishtiray? 21  U, bir ayol butun xamirni oshirish uchun o‘n kilo* unga aralashtirgan xamirturushga o‘xshaydi»+. 22  Quddusga yo‘l olib, Iso shaharlar-u qishloqlar bo‘ylab ta’lim berar edi. 23  So‘ng bir kishi undan so‘radi: «Hazrat, nahotki najot topadiganlar oz bo‘lsa?» Iso shunday dedi: 24  «Tor eshikdan kirish uchun jon kuydiringlar+. Zero ko‘plar undan kirishga intilishadi-yu, lekin kira olishmaydi. 25  Axir uy egasi turib, eshikni yopib olganda, sizlar esa tashqarida turgancha, eshikni taqillatib: “Hazrat, eshikni oching”+,— deganingizda, u bo‘lsa: “Men sizlarni tanimayman”,— deydi. 26  O‘shanda sizlar: “Axir biz siz bilan birga yeb-ichgandik va siz katta ko‘chalarda bizga ta’lim bergandingiz-ku”+,— deb aytasizlar. 27  Biroq u sizlarga: “Men sizlarni tanimayman. Ketinglar yonimdan, ey yovuzlik qiluvchilar!” — deydi. 28  Bobokalonimiz Ibrohim, Is’hoq, Yoqub va barcha payg‘ambarlar Xudoning Shohligida ekanini ko‘rib, o‘zlaringiz esa tashqariga haydalganingizda, yig‘lab, tishlaringizni g‘ijirlatasizlar+. 29  Bundan tashqari, odamlar sharq-u g‘arbdan, shimol-u janubdan kelib, Xudoning Shohligida dasturxon atrofida yonboshlashadi. 30  Birinchilar oxirgi, oxirgilar esa birinchi bo‘lishadi»+. 31  Shu paytda Isoning oldiga ba’zi farziylar kelib: «Bu yerdan keting, chunki Hirod* sizni o‘ldirish payiga tushdi»,— deyishdi. 32  Iso bo‘lsa ularga shunday dedi: «Borib o‘sha tulkiga aytib qo‘yinglar: “Bugun va ertaga men jinlarni quvib chiqarib, odamlarga shifo beraman. Uchinchi kuni esa bu ishlarni tugataman”. 33  Lekin bugun, ertaga va indinga men yo‘lda davom etishim kerak. Sababi, payg‘ambar Quddusdan tashqarida o‘ldirilishi mumkin emas+. 34  Eh Quddus, Quddus! Payg‘ambarlarni o‘ldirib, oldingga yuborilganlarni toshbo‘ron qiluvchi shahar!+ Tovuq jo‘jalarini qanotlari ostiga to‘plaganiday, men ham necha marta bolalaringni to‘plamoqchi bo‘ldim! Ammo sen xohlamading+. 35  Mana shu sababli bu ma’bad* huvullab qoladi+. Sizlarga aytib qo‘yay: “Yahovaning* nomidan kelayotgan muborak!”+ — deb aytmaguningizcha, meni ko‘rmaysizlar».

Izohlar

So‘zma-so‘z «Ey ayol, dardingizdan xalos bo‘ldingiz».
So‘zma-so‘z «uch sexa». Bir sexa=7,33 l. Ilovaning B14 mavzusiga q.
Ya’ni Hirod Antipa. Lug‘atga q.
So‘zma-so‘z «uyingiz».