Luqo 17:1-37
17 So‘ngra Iso shogirdlariga quyidagilarni aytdi: «Odamlarni qoqintiradigan narsalar bo‘lishi muqarrar. Biroq bunga sababchi bo‘lganning holiga voy!
2 Bunday inson uchun, bu kichiklarning birini qoqintirganidan ko‘ra, bo‘yniga tegirmon toshini osib, dengizga cho‘ktirib yuborishlari yaxshiroq bo‘lardi+.
3 O‘zingizga diqqatli bo‘ling. Agar birodaringiz gunoh qilsa, unga tanbeh bering+. Bordi-yu, tavba qilsa, uni kechiring+.
4 Hatto u bir kunning o‘zida sizga qarshi yetti marta gunoh qilsa-yu, yetti marta qaytib kelib: “Tavba qildim”,— desa uni kechiring»+.
5 Keyin havoriylar kelib, Hazratimizga: «Imonimizga imon qo‘shing»+,— deb aytishdi.
6 Shunda Hazratimiz quyidagilarni aytdi: «Agar imoningiz xantal urug‘iday bo‘lsa-yu, shu qora tut daraxtiga: “Ildizing bilan qo‘porilib chiq-da, dengizga ko‘chib o‘t”,— desangiz, u sizlarga quloq soladi+.
7 Orangizdan qay biringizning yer haydovchi yoki poda boquvchi quli daladan qaytganida: “Tezda kelib dasturxon atrofiga yonboshla”,— deb aytadi?
8 Aksincha, unga: “Kechki ovqatimni tayyorla-da, belingni bog‘lab, yeb-ichgunimcha menga xizmat qil. Keyin o‘zing ham yeb-ichasan”,— demaysizmi?
9 Buyurilgan ishning hammasini bajargani uchun xo‘jayin quliga tashakkur aytadimi?
10 Sizlar ham o‘zingizga buyurilgan hamma ishni bajargandan so‘ng: “Biz hech narsaga arzimas qullarmiz. Zimmamizdagi ishni qildik, xolos”+,— deb aytinglar».
11 Iso Quddusga ketayotib Samariya va Jalilaning orasidan o‘tdi.
12 U bir qishloqga kirayotganida, o‘nta moxov uni ko‘rib olisda turgancha+
13 baland ovozda: «Ey Ustozimiz Iso, bizga rahm-shafqat qiling!» — dedi.
14 Ularni ko‘rgach, Iso: «Borib o‘zingizni ruhoniylarga ko‘rsatinglar»+,— deb aytdi. Ular hali yo‘lda ekan sog‘ayib ketishdi+.
15 Ulardan biri esa poklanganini ko‘rib baland ovozda Xudoni sharaflagancha orqaga qaytdi.
16 U Isoning oyoqlariga yuztuban tiz cho‘kib unga tashakkur ayta boshladi. Bu kishi samariyalik+ edi.
17 Iso bo‘lsa unga: «Poklanganlar o‘n kishi emasmidi? Qolgan to‘qqiztasi qani?
18 Allohni sharaflash uchun o‘zga millatdan bo‘lgan bu kishidan boshqa hech kim qaytib kelmadimi?» — dedi.
19 So‘ng u odamga: «O‘rningizdan turib, boravering. Ishonchingiz tufayli sog‘ayib ketdingiz»+,— deb aytdi.
20 Kunlarning birida farziylar Isodan Xudoning Shohligi qachon kelishini so‘rashdi+. Iso ularga quyidagicha javob berdi: «Xudoning Shohligi hammaning ko‘ziga ko‘rinadigan tarzda kelmaydi.
21 U haqda: “Mana, bu yerda!” yoki “Ana, u yerda!” — deyishmaydi. Axir Xudoning Shohligi orangizda-ku»+.
22 Keyin Iso o‘z shogirdlariga dedi: «Shunday kunlar keladiki, Inson O‘g‘lining atigi bitta kunini ko‘rishni xohlaysizlar-u, lekin ko‘ra olmaysizlar.
23 O‘shanda odamlar: “Ana, u yerda!” yoki “Mana, bu yerda!” — deb aytishadi. Ammo sizlar chiqib ularning orqasidan yugurmanglar+.
24 Zero chaqmoq chaqib, osmonning bir chetidan boshqa chetigacha yoritib yuborganiday, Inson O‘g‘li+ oshkor bo‘ladigan kunda ham xuddi shunday bo‘ladi+.
25 Lekin u avvaliga ko‘p azob chekib, ushbu nasl tomonidan rad etilishi kerak+.
26 Nuh payg‘ambar davrida qanday bo‘lgan bo‘lsa+, Inson O‘g‘lining kunlarida ham shunday bo‘ladi+.
27 Nuh payg‘ambar kemaga kirguncha+, odamlar yeb-ichishgan, uylanib, erga tegishgan. O‘shanda To‘fon kelib, barchani halok qilgan+.
28 Lutning davrida ham aynan shunday bo‘lgan+: odamlar yeb-ichishgan, oldi-sotdi qilishgan, ekin-tikin va qurilish bilan band bo‘lishgan.
29 Biroq Lut Sado‘mdan chiqqan kuni osmondan olov va oltingugurt yog‘ib, hammani yo‘q qilgan+.
30 Inson O‘g‘li oshkor bo‘ladigan kuni+ ham xuddi shunday bo‘ladi.
31 O‘sha kuni tomda turgan kishi narsalarini olish uchun uyga kirmasin. Daladagi kishi ham narsalarini olish uchun qaytmasin.
32 Lutning xotini esingizda bo‘lsin+.
33 Agar kimdir o‘z jonini* saqlamoqchi bo‘lsa, undan mahrum bo‘ladi. Ammo meni deb jonidan mahrum bo‘lgan, uni saqlab qoladi+.
34 Sizlarga aytib qo‘yay, o‘sha kecha bir to‘shakda yotgan ikki kishidan biri olinadi, biri qoldiriladi+.
35 Tegirmon tortayotgan ikki ayoldan biri olinadi, biri qoldiriladi».
36 * ——
37 Shunda shogirdlar undan: «Hazrat, bular qayerda yuz beradi?» — deya so‘rashdi. Iso ularga: «Murda qayerda bo‘lsa, burgutlar ham o‘sha yerda to‘planadi»+,— dedi.