Luqo 19:1-48
19 Keyin Iso Yerixo shahriga kirib, uning ichidan o‘tib ketayotgandi.
2 O‘sha yerda Zakkay ismli kishi bor edi. U soliqchilarning boshlig‘i bo‘lib, boy odam edi.
3 O‘sha Iso qanaqa odam ekan, deb uni ko‘rishni juda ham istardi. Ammo u pakana bo‘lgani uchun va xaloyiq ko‘pligidan uni ko‘rolmadi.
4 Shunda u Isoni ko‘rish uchun xaloyiqdan oldin yugurib bordi-da, yovvoyi anjir* daraxtiga chiqib oldi. Sababi, Iso aynan shu yo‘ldan o‘tib ketishi kerak edi.
5 Iso o‘sha joyga yaqinlashib qolganda, Zakkayni ko‘rib unga shunday dedi: «Hoy Zakkay, tezroq pastga tushing. Chunki men bugun uyingizda qolishim kerak».
6 Zakkay tezda daraxtdan tushib, uni quvonch bilan kutib oldi.
7 Lekin buni ko‘rgan hamma: «U gunohkor odamnikida qoldi»+,— deb javrashardi.
8 Zakkay bo‘lsa o‘rnidan turib, Hazratimizga quyidagicha dedi: «Hazratim, endi mol-mulkimning yarmini kambag‘allarga tarqataman. Kimdan biror narsa tortib olgan* bo‘lsam, ularga to‘rt barobar qilib qaytaraman»+.
9 Bunga javoban Iso dedi: «Bugun shu uyga najot keldi. Zero bu odam ham Ibrohimning o‘g‘li.
10 Axir Inson O‘g‘li adashganlarni izlab topib, qutqarish uchun kelgan»+.
11 Bu gaplarni shogirdlar tinglab turishardi. Shunda Iso ularga boshqa masal aytib berdi. Boisi, Iso Quddusga yaqin bo‘lgani uchun, ular Xudoning Shohligi o‘sha zahoti odamlarga ko‘rinadi deb o‘ylashgan+.
12 Iso ularga shuni hikoya qilib berdi: «Asilzoda bir odam shohlikni qo‘lga kiritish uchun uzoq mamlakatga ketibdi+.
13 U yoniga o‘nta xizmatkorini chaqirtirib, 10 mina* pul beribdi. Keyin ularga: “Men kelguncha, bu pul daromad keltirishi uchun uni ishga solinglar”+,— debdi.
14 Lekin asilzodaning hamshaharlari uni yomon ko‘rishgani uchun uning orqasidan elchilar jo‘natib: “Bu odam ustimizdan shoh bo‘lishini xohlamaymiz”,— deb aytishibdi.
15 O‘sha kishi shohlikni qo‘lga kiritib qaytgach, pul berilgan haligi o‘nta xizmatkorni chaqirtirib, ular pulni ishga solib bundan qancha daromad topganini bilishni istabdi+.
16 Birinchi xizmatkor kelib: “Xo‘jayin, siz bergan minani o‘n barobar orttirdim”+,— debdi.
17 Unga javoban xo‘jayin: “Barakalla! Yaxshi xizmatkor ekansan. Kichik ishda ishonchimni oqlaganing uchun sen o‘nta shaharga hokimlik qilasan”+,— deya aytibdi.
18 Keyin ikkinchi xizmatkor kelib: “Xo‘jayin, siz bergan minani besh barobar orttirdim”+,— debdi.
19 Xo‘jayin esa javob berib: “Sen ham beshta shaharga hokimlik qilasan”,— debdi.
20 Bundan so‘ng boshqasi kelib: “Xo‘jayin, mana siz bergan mina. Men uni matoga o‘rab, saqlab qo‘ygandim.
21 Men sizdan qo‘rqardim, sababi siz qattiqqo‘l odamsiz. Bermasdan olasiz, ekmasdan o‘rasiz”+,— deb aytibdi.
22 Lekin xo‘jayin unga: “Voy yaramas xizmatkor! Men seni og‘zingdan chiqqan gaplaring bilan hukm qilaman. Demak, sen qattiqqo‘lligimni, bermasdan olishimni, ekmasdan o‘rishimni bilgan ekansan-da?+
23 Unda nimaga pulimni ishga solmading? Men qaytib kelganimda ularni foizi bilan olardim”,— debdi.
24 Xo‘jayin yonida turganlarga aytibdi: “Undan pulni olib qo‘yinglar-da, 10 mina puli bor kishiga beringlar”+.
25 Biroq ular: “Xo‘jayin, axir unda 10 mina puli bor-ku!” — deyishibdi.
26 Shunda u: “Sizlarga aytib qo‘yay, kimda bor bo‘lsa, unga ko‘proq beriladi. Kimda yo‘q bo‘lsa, qo‘lida bori ham tortib olinadi+.
27 Shoh bo‘lishimni istamagan dushmanlarimni esa bu yerga keltirib, ko‘z oldimda qatl qilinglar”,— debdi».
28 Bularni aytib bo‘lgach, Iso Quddusga yo‘l oldi.
29 Zaytun tog‘ida+ joylashgan Baytfagiya va Baytaniyaga yaqinlashib qolganda, Iso o‘zidan oldin ikki shogirdini jo‘natib+,
30 shunday dedi: «Ro‘parangizdagi qishloqga boringlar. U yerga kirganingizda, hali hech kim minmagan xo‘tikni bog‘langan holda topasizlar. Uni yechib olib kelinglar.
31 Mabodo kimdir sizlardan: “Uni nimaga yechyapsizlar?” — deb so‘rab qolsa, unga: “U Hazratimizga kerak”,— deb aytinglar».
32 Shogirdlar borib, Iso ularga nima aytgan bo‘lsa, shuni topdilar+.
33 Ular xo‘tikni yechishayotganida, uning egalari: «Nimaga xo‘tikni yechyapsizlar?» — deb so‘rashdi.
34 Ular bo‘lsa: «U Hazratimizga kerak»,— deyishdi.
35 Keyin uni Isoning yoniga olib kelishdi. Xo‘tikning ustiga kiyimlarini tashlab, unga Isoni mindirishdi+.
36 Iso xo‘tikni minib ketayotganda, odamlar yo‘liga kiyimlarini poyandoz qilishardi+.
37 Iso Zaytun tog‘iga yaqinlashib qolganda, uning ko‘pgina shogirdlari rosa quvonishdi. Shunda ular, o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan barcha ulug‘vor ishlar uchun Allohni olqishlab, baland ovozda shunday deyishdi:
38 «Yahovaning* nomidan Shoh sifatida kelayotgan muborak! Osmonda tinchlik, samoda bo‘lgan Xudoga esa sharaflar bo‘lsin!»+
39 Biroq xaloyiq ichidan ba’zi farziylar Isoga: «Ustoz, shogirdlaringizni tiyib oling»+,— deb aytishdi.
40 Iso ularga javob berib: «Ular jim bo‘lib qolishsa, mana shu toshlar baqiradi»,— dedi.
41 Quddusga yaqinlashib qolganda, Iso shaharga qaradi-da, yig‘lab+
42 shularni aytdi: «Koshki seni tinchlikka nimalar olib kelishini bilganingda edi... Lekin hozir bu ko‘zlaringdan yashirilgan+.
43 Axir shunday kunlar keladiki, dushmanlaring atrofingni o‘tkirlangan xodalar bilan qurshab, seni har tarafdan qamalga olishadi+.
44 Ular seni ham, bolalaringni ham yer bilan yakson qilishadi+. Xudo seni hukm qilish uchun kelganini fahmlamaganing uchun, bu yerda tosh ustida tosh qolmaydi»+.
45 Iso ma’badga kirdi va oldi-sotdi qilayotganlarni quvib chiqarayotib+,
46 shunday dedi: «Muqaddas Yozuvlarda: “Mening uyim ibodat qilinadigan uy deb ataladi”+,— deyilgan. Sizlar bo‘lsa uni qaroqchilar uyasiga aylantirib yubordingizlar»+.
47 Iso har kuni ma’badda ta’lim berardi. Bosh ruhoniylar, ulamolar va xalq ichidagi nufuzli kishilar uni o‘ldirish fursatini izlashardi+.
48 Ammo buni qanday uddalash mumkinligini bilishmasdi. Boisi, butun xalq Isoning gaplarini tinglab, oldidan ketmasdi+.
Izohlar
^ Yoki «shikamora».
^ Yoki «soxta guvohlik bilan tortib olgan».
^ Yunon minasi=340 g. Shuningdek, bahosi 100 draxmaga teng bo‘lgan. Ilovaning B14 mavzusiga q.