Mark 2:1-28
2 Oradan vaqt o‘tib, Iso yana Kafarnahum shahriga kirdi. Uning uyda ekanligi haqida gap tarqaldi+
2 va yoniga katta xaloyiq yig‘ilib keldi. U yerda odam shu qadar ko‘p ediki, hatto eshik oldida ham joy qolmadi. Shunda Iso ularga xushxabarni ayta boshladi+.
3 Bu paytda uning yoniga to‘rt kishi shol odamni ko‘tarib keldi+.
4 Xaloyiq ko‘pligidan uni Isoning yoniga olib kira olishmagani uchun, ular tomni ochib, u turgan joyning ustini teshishdi-da, shol odamni to‘shagi bilan tushirib qo‘yishdi.
5 Iso ularning imonini ko‘rib+, shol odamga: «Bolam, gunohlaringiz kechirildi»+,— dedi.
6 O‘sha yerda ba’zi ulamolar o‘tirgan edi. Ular ko‘nglidan quyidagilarni o‘tkazishardi+:
7 «Nega u bunday deyapti? Axir u Xudoga qarshi gapiryapti-ku! Gunohlarni yolg‘iz Allohdan boshqa kim ham kechira olardi?»+
8 Ammo Iso darhol ularning nima haqda fikr yuritayotganini anglab, shunday dedi: «Nega ko‘nglingizdan yomon fikrlarni o‘tkazyapsizlar?+
9 Axir shol odamga: “Gunohlaringiz kechirildi”,— deb aytish osonroqmi yoki “O‘rningizdan turing-da, to‘shagingizni olib yuring”,— deyishmi?
10 Biroq bilib qo‘yinglarki, Inson O‘g‘li+ yer yuzida gunohlarni kechirish vakolatiga ega»+. So‘ng Iso shol odamga dedi:
11 «Sizga aytyapman: o‘rningizdan turib, to‘shagingizni oling-da, uyingizga ketavering».
12 O‘sha odam darhol o‘rnidan turib, to‘shagini oldi-da, hammaning ko‘z o‘ngida tashqariga chiqib ketdi. Buni ko‘rganlar qoyil qolib: «Biz hech qachon bunaqa ishlarni ko‘rmaganmiz!»+ — deya Xudoni sharaflashdi.
13 Iso yana dengiz bo‘yiga bordi. Uning yonida katta xaloyiq to‘plandi va Iso ularga ta’lim bera boshladi.
14 So‘ng u yo‘lida davom etib, soliq idorasida o‘tirgan Alfey o‘g‘li Levini* ko‘rdi-da: «Mening izdoshim bo‘ling»,— dedi. U esa o‘rnidan turib, Isoning ketidan ergashdi+.
15 Keyin Iso va shogirdlari Levining uyida dasturxon atrofida yonboshlashgan bir paytda, ko‘pgina soliqchilar va gunohkorlar ularga qo‘shilishdi, chunki ular Isoning orqasidan ergashib kelishgan edi+.
16 Isoning soliqchilar va gunohkorlar bilan ovqatlanib o‘tirganini ko‘rib, farziylar orasidan chiqqan ulamolar uning shogirdlariga: «Iye, u soliqchilar va gunohkorlar bilan ovqatlanib o‘tiribdimi?!» — deyishdi.
17 Bu gaplarni eshitib, Iso ularga dedi: «Sog‘lar emas, bemorlar shifokorga muhtoj. Axir men odil kishilarni emas, gunohkorlarni da’vat etgani kelganman»+.
18 Yahyoning shogirdlari hamda farziylar ro‘za tutishardi. Bir kuni ular Isoning yoniga kelib, undan so‘rashdi: «Nega Yahyoning hamda farziylarning shogirdlari ro‘za tutishadi-yu, sizning shogirdlaringiz ro‘za tutishmaydi?»+
19 Iso ularga shunday dedi: «Kuyov+ jo‘ralari bilan bo‘lgan paytda jo‘ralari ro‘za tutishadimi? Axir kuyov ularning yonida bo‘lganda ular ro‘za tutishmaydi-ku.
20 Ammo kuyov ulardan ayriladigan kunlar keladi+. O‘shandagina ular ro‘za tutishadi.
21 Hech kim eskirgan ustki kiyimga yangi matodan yamoq tikmaydi. Chunki yangi mato suvga kirganida, eskirgan kiyim battar yirtiladi+.
22 Shuningdek, hech kim yangi sharobni eski meshlarga quymaydi. Bo‘lmasa meshlar yirtilib, sharob to‘kilib ketadi va meshlar yaroqsiz bo‘lib qoladi. Aksincha, yangi sharobni yangi meshlarga quyishadi».
23 Shabbat kunlaridan birida Iso ekinzorni oralab o‘tib ketayotgandi. Uning shogirdlari esa bug‘doy boshoqlarini uza boshlashdi+.
24 Shunda farziylar Isoga: «Iye, shogirdlaring Shabbat kuni qonun bo‘yicha taqiqlangan ishni qilishyaptimi?» — deyishdi.
25 Iso esa ularga shunday dedi: «Dovud va u bilan bo‘lgan odamlar yeguliklari tugab, och qolishganida nima qilishgani to‘g‘risida o‘qimaganmisizlar?+
26 Bosh ruhoniy Abuatar+ haqida yozilganiga binoan, Dovud Xudoning uyiga kirib, baxshida qilingan* va ruhoniylardan boshqa hech kim yeyishi mumkin bo‘lmagan nonlarni+ o‘zi ham yegan, sheriklariga ham berganidan bexabarmisizlar?»
27 So‘ng Iso quyidagilarni ham aytdi: «Odam Shabbat kuni uchun emas, Shabbat kuni odam uchun berilgan+.
28 Shunga ko‘ra, Inson O‘g‘li Shabbat kunining Xo‘jayinidir»+.