Qonunlar 18:1-22
18 Levi ruhoniylar va umuman butun Levi qabilasining Isroil xalqi bilan birga ulushi yoki merosi bo‘lmaydi. Ular Yahovaga atab olovda kuydiriladigan nazrdan, Uning merosidan yeyishadi+.
2 Ularga birodarlari orasidan meros berilmaydi. Ularning merosi — Yahovadir. Uning O‘zi bu haqda ularga aytgan.
3 Xalq orasidan biror kishi buqa yoki qo‘yni qurbonlikka keltirsa, uning yelkasi, jag‘i va oshqozoni ruhoniyga tegishli bo‘ladi.
4 G‘allangizning ilk hosilini, yangi sharob bilan moyingizni hamda qo‘y-echkingizning birinchi qirqilgan junini ham ruhoniyga beringlar+.
5 Sababi, Xudoyingiz Yahova Levi hamda uning o‘g‘illarini barcha qabilalaringiz orasidan tanlab olgan. Ular doimo Yahovaning nomidan xizmat qilishadi+.
6 Agar Isroildagi shaharlaringizdan birida yashayotgan levi o‘sha yerni tark etib+, Yahova tanlagan joyga*+ borishni istasa,
7 u o‘sha yerda Yahovaning oldida turib xizmat qilayotgan birodarlari bo‘lmish levilar singari, Tangrisi Yahovaning nomidan xizmat qilsin+.
8 Ota-bobolaridan qolgan mol-mulkni sotib, olgan daromaddan tashqari, u boshqa levilar bilan teng miqdorda oziq-ovqatni ulush qilib olsin+.
9 Allohingiz Yahova sizlarga berayotgan yurtga kirganingizda, u yerdagi xalqlarning jirkanch ishlariga taqlid qilishni o‘rganmanglar+.
10 Orangizda o‘g‘il-u qizlarini olovda kuydiradigan*+, folbin+, sehr-jodu bilan shug‘ullanuvchi+, belgilarga qarab fol ochuvchi+, sehrgar+,
11 issiq-sovuq qiluvchi, arvoh chaqiruvchi bilan maslahatlashadigan+, folbin+ yoki o‘liklarga murojaat qiluvchi bo‘lmasin+.
12 Chunki bunday narsalar bilan shug‘ullanadigan har qanday kishi Yahova uchun jirkanchdir. Axir Xudoyingiz Yahova bu xalqlarni aynan shu jirkanch ishlari dastidan oldingizdan haydab chiqaryapti-ku.
13 Allohingiz Yahova oldida benuqson bo‘lib qolinglar+.
14 Sizlar egallagani borayotgan yurtdagi xalqlar sehr-jodu bilan shug‘ullanuvchilar+ va folbinlarga+ quloq solishadi. Ammo Tangringiz Yahova bunday qilishingizga ruxsat bermagan.
15 Xudoyingiz Yahova o‘z birodarlaringiz orasidan menga o‘xshagan payg‘ambarni keltirib chiqaradi. Unga quloq solinglar+.
16 Xorevda yig‘ilgan kuni+ sizlar: “Tangrimiz Yahovaning ovozini eshitmaylik, ushbu buyuk olovni boshqa ko‘rmaylik, aks holda o‘lib ketamiz”+,— deya Allohingiz Yahovadan so‘raganingizda,
17 Yahova menga shunday deb aytgan edi: “Ularning aytgan so‘zlari to‘g‘ri.
18 Men ularga o‘z birodarlari orasidan senga o‘xshagan payg‘ambarni keltirib chiqaraman+, uning og‘ziga O‘z so‘zlarimni solaman+ va u buyurganlarimning barini ularga yetkazadi+.
19 Kimki o‘sha payg‘ambarning Mening nomimdan aytgan so‘zlariga quloq solmasa, uni javobgarlikka tortaman+.
20 Bordi-yu, biror payg‘ambar o‘zbilarmonlik qilib Mening nomimdan Men buyurmagan so‘zlarni aytsa yoki boshqa xudolarning nomidan gapirsa, u o‘ldirilsin+.
21 Ehtimol, xayolingizga: “Yahova bu so‘zlarni aytgan-aytmaganini qayerdan bilamiz?” — degan fikr kelishi mumkin.
22 Agar payg‘ambar Yahovaning nomidan gapirsa-yu, uning so‘zlari bajo bo‘lmasa yoki amalga oshmasa, unda bu so‘zlarni Yahova aytmagan bo‘ladi. Demak, bu payg‘ambar o‘zbilarmonlik qilgan. Undan qo‘rqmanglar”.
Izohlar
^ Ya’ni Yahova topinish markazi sifatida tanlagan joy.
^ So‘zma-so‘z «olovdan o‘tkazadigan».