Yuhanno 18:1-40

  • Yahudo Isoga xiyonat qiladi (1-9)

  • Butrus qilichini ishlatadi (10, 11)

  • Iso Hananning huzuriga olib ketiladi (12-14)

  • Butrus Isodan birinchi marta tonadi (15-18)

  • Iso Hanan huzurida (19-24)

  • Butrus Isodan ikkinchi va uchinchi marta tonadi (25-27)

  • Iso Pilat qarshisida (28-40)

    • «Shohligim bu dunyodan emas» (36)

18  Bularni aytgach, Iso shogirdlari bilan birga Qidron vodiysining*+ narigi tomoniga o‘tdi. O‘sha yerda bir bog‘ bor bo‘lib, u shogirdlari bilan bog‘ga kirdi+.  Isoning xoini Yahudo ham bu joyni bilardi, chunki Iso shogirdlari bilan u yerda tez-tez uchrashib turardi.  Shu bois, Yahudo bosh ruhoniylar va farziylar yuborgan bir guruh askarlarni va soqchilarni olib, u yerga keldi. Ularning qo‘llarida mash’ala-yu moychiroqlar va qurol-yarog‘lar bor edi+.  O‘zi bilan nima yuz berishidan xabardor bo‘lgan Iso ularga peshvoz chiqib: «Kimni qidiryapsizlar?» — deb so‘radi.  Ular: «Nosiralik+ Isoni»,— deb javob qaytarishdi. Iso: «O‘sha menman»,— dedi. Uning xoini Yahudo ham ular orasida turardi+.  Iso: «O‘sha menman»,— deb aytganida, ular orqaga chekinib, yerga yiqilishdi+.  Shunda Iso ulardan yana: «Kimni qidiryapsizlar?» — deb so‘radi. Ular: «Nosiralik Isoni»,— deb aytishdi.  Iso dedi: «O‘sha men ekanligimni sizlarga aytdim-ku. Agar meni qidirayotgan bo‘lsangiz, bularni qo‘yib yuboringlar».  Shu tariqa uning: «Sen menga berganlaringdan hech birini yo‘qotmadim»+,— degan so‘zlari bajo bo‘ldi. 10  Shu payt Simun Butrus yonidagi qilichini qinidan chiqardi-da, oliy ruhoniyning quliga bir urib, o‘ng qulog‘ini kesib tashladi+. Uning ismi Malxus edi. 11  Ammo Iso Butrusga: «Qilichni qiniga solib qo‘ying+. Otam menga bergan kosani* nahotki ichmasam?»+ — dedi. 12  Shunda bir guruh askarlar, mingboshi va yahudiylarning soqchilari Isoni ushlab, bog‘lashdi. 13  So‘ng uni Hananning huzuriga olib borishdi. U o‘sha yili oliy ruhoniy bo‘lgan+ Kayafaning+ qaynatasi edi. 14  Yahudiylarga bitta kishi xalq uchun o‘lishi yaxshiroq, deb maslahat bergan Kayafa ana shu edi+. 15  Simun Butrus bilan yana bir shogird Isoning orqasidan ergashib borishardi+. Bu shogird oliy ruhoniyga tanish bo‘lgani uchun, Iso bilan birgalikda oliy ruhoniyning hovlisiga kirdi. 16  Butrus esa darvoza tashqarisida qoldi. Shunda oliy ruhoniyga tanish bo‘lgan shogird chiqdi-da, darvoza oldida turgan cho‘ri qiz bilan gaplashib, Butrusni ichkariga olib kirdi. 17  O‘sha qiz Butrusdan: «Siz ham bu odamning shogirdlaridan biri emasmisiz?» — deb so‘radi. U bo‘lsa: «Yo‘g‘-e»+,— deb javob qaytardi. 18  Sovuq bo‘lgani uchun qullar va soqchilar ko‘mirdan gulxan yoqib isinib turishgandi. Butrus ham ular bilan birga isinayotgan edi. 19  Bu paytda bosh ruhoniy Isoni shogirdlari va ta’limotlari haqida so‘roq qilayotgan edi. 20  Iso unga shunday javob berdi: «Men dunyoga ochiqchasiga gapirdim. Men doim barcha yahudiylar yig‘iladigan joylarda, ibodatxonalarda va ma’badda ta’lim berdim+. Hech narsani pinhona gapirmadim. 21  Nega mendan so‘rayapsiz? Aytganlarimni eshitganlardan so‘rang. Men nima deganimni ular bilishadi». 22  Iso bularni aytgach, yonida turgan soqchilardan biri uning yuziga shapaloq tushirib+, dedi: «Bosh ruhoniyga shunday javob berasanmi?» 23  Iso unga: «Agar noto‘g‘ri gapirgan bo‘lsam, noto‘g‘riligini ayting menga, bordi-yu to‘g‘ri bo‘lsa, nega meni uryapsiz?» — dedi. 24  Bundan keyin Hanan uni bog‘langan holda oliy ruhoniy Kayafaning oldiga jo‘natdi+. 25  Simun Butrus isinib turganida, undan: «Siz ham uning shogirdlaridan biri emasmisiz?» — deya so‘rashdi. U bo‘lsa: «Yo‘q»+,— deb yana tondi. 26  Oliy ruhoniyning bir quli, Butrus qulog‘ini kesib tashlagan kishining+ qarindoshi: «Sizni bog‘da u bilan birga ko‘rdim, shekilli»,— deb aytdi. 27  Ammo Butrus tag‘in tondi va shu zahotiyoq xo‘roz qichqirdi+. 28  Isoni Kayafanikidan hokimning saroyiga olib kelishdi+. Tong otib qolgandi. Lekin uni keltirganlar harom bo‘lmaylik deya, hokimning saroyiga kirishmadi+. Aks holda ular Fisih taomini yeya olishmasdi. 29  Shu sababli Pilatning o‘zi ularning oldiga chiqib: «Bu odamga qarshi qanday da’voingiz bor?» — deb so‘radi. 30  Ular: «Jinoyatchi bo‘lmaganida, uni qo‘lingizga topshirmagan bo‘lardik»,— deb javob berishdi. 31  Pilat esa: «Uni olib ketib, o‘z qonuningiz bo‘yicha hukm qilaveringlar»+,— dedi. Yahudiylar: «Bizning hech kimni o‘ldirishga haqqimiz yo‘q»+,— deb javob berishdi. 32  Bu hodisalar Isoning qay tarzda o‘lishi haqidagi so‘zlari bajo bo‘lishi uchun yuz berdi+. 33  Shunda Pilat saroyga qaytib kirdi-da, Isoni chaqirib so‘radi: «Sen yahudiylarning shohimisan?»+ 34  Iso bunday javob berdi: «Buni o‘zingizdan gapiryapsizmi yoki sizga boshqalar aytdimi?» 35  Pilat: «Men yahudiy emasman. O‘z xalqing va bosh ruhoniylar seni qo‘limga topshirishdi. O‘zi sen nima qilib qo‘ygansan?» — deb savol berdi. 36  Iso quyidagilarni aytdi+: «Mening Shohligim bu dunyodan emas+. Bordi-yu, Shohligim bu dunyodan bo‘lganida edi, xizmatchilarim yahudiylarning qo‘liga tushmasligim uchun kurashgan bo‘lishardi+. Ammo Shohligim bu dunyodan emas». 37  Shunda Pilat: «Xullas, sen shoh ekansan-da?» — deb so‘radi. Iso quyidagicha javob berdi: «Shoh ekanligimni o‘zingiz aytyapsiz+. Men haqiqat to‘g‘risida+ shohidlik berish uchun tug‘ildim, ana shu maqsadda dunyoga keldim. Haqiqat tarafida bo‘lganlar ovozimga quloq solishadi». 38  Pilat unga: «Haqiqat? U nima o‘zi?» — dedi. Bu so‘zlardan so‘ng u yana yahudiylarning oldiga chiqib, shunday deb aytdi: «Men undan biron ayb topolmayapman+. 39  Bundan tashqari, sizlarning odatingiz bo‘yicha, Fisih bayrami munosabati bilan sizlar uchun bir kishini ozod etib kelaman+. Bu safar yahudiylarning shohini ozod qilishimni istarmidingiz?» 40  Ular yana: «Uni emas, Barabbani!» — deb baqirishdi. Barabba esa qaroqchi edi+.

Izohlar

Yoki «Qidronning qishki o‘zani».
«Kosa» so‘zi ramziy ma’noda Iso, Xudoning irodasi bilan soxta guvohlarning haqoratiga qolib, o‘lishini bildiradi.