Yuhanno 19:1-42

  • Iso qamchilanib masxara qilinadi (1-7)

  • Pilat yana Isoni so‘roq qiladi (8-16a)

  • Iso Go‘lgotada ustunga mixlanadi (16b-24)

  • Iso onasining g‘amini yeydi (25-27)

  • Isoning o‘limi (28-37)

  • Iso dafn etiladi (38-42)

19  Shunda Pilat Isoni qamchilashga buyruq berdi+.  Askarlar bo‘lsa tikanlardan toj o‘rib, boshiga qo‘yishdi va egniga qirmizi rangli rido kiydirishdi+.  Keyin esa uning oldiga kelib: «Salom, yahudiylarning shohi!» — deb, yuziga tarsaki tushira boshlashdi+.  Pilat yana tashqariga chiqib, ularga dedi: «Mana, uni oldingizga chiqaryapman. Bilib qo‘yinglar, men unda hech qanday ayb topolmadim!»+  Shu payt boshida tikanli toj va egnida qirmizi rangli ridoda Iso chiqib keldi. Pilat ularga dedi: «Ana, u odam!»  Bosh ruhoniylar va soqchilar Isoni ko‘rishganida: «Uni ustunga mixlating, ustunga!»+ — deb baqirishdi. Pilat esa: «O‘zlaringiz uni olib mixlanglar, men unda hech qanday ayb topolmayapman!»+ — dedi.  Yahudiylar unga javoban: «Bizning qonunimiz bor va qonunga ko‘ra u o‘limga loyiq+, chunki u o‘zini Xudoning o‘g‘li deb atadi»+,— deyishdi.  Bu gapni eshitgan Pilat battar qo‘rqib ketdi.  Saroyga qaytib kirib, u Isodan so‘radi: «Sen qayerdansan?» Ammo Iso unga javob qaytarmadi+. 10  «Hali menga javob bermaysanmi? Yoki seni ozod etishga ham, mixlatishga ham haqqim borligini bilmaysanmi?» — dedi unga Pilat. 11  Iso unga javoban dedi: «Agar sizga yuqoridan berilmaganida edi, mening ustimdan hech qanday hokimiyatga ega bo‘lmas edingiz. Shuning uchun meni sizning qo‘lingizga topshirgan kishining gunohi og‘irroq». 12  Shunda Pilat Isoni qo‘yib yuborish imkoniyatini izlay boshladi. Biroq yahudiylar: «Agar uni ozod qilsangiz, siz podshohning* do‘sti emassiz. O‘zini shoh qilgan har qanday kimsa, podshohga qarshi chiqqan bo‘ladi»+,— deya qichqirishdi. 13  Bu so‘zlardan so‘ng, Pilat Isoni tashqariga chiqardi va hakamlik kursisiga o‘tirdi. Bu yer Tosh supa deb nomlanardi, ibroniychada esa Gabbata. 14  Bu orada Fisih bayramiga hozirlik ko‘rilayotgandi+. Soat o‘n ikkilar* edi. Pilat yahudiylarga qarata: «Ana, shohingiz!» — dedi. 15  Ular esa: «Yo‘qoting uni! Yo‘qoting! Uni ustunga mixlating!» — deb baqirishdi. Pilat: «Shohingizni ustunga mixlaymi?» — dedi. Bosh ruhoniylar unga javob berishdi: «Rim shohidan o‘zga shohimiz yo‘q». 16  Oxiri Pilat Isoni ustunga mixlash uchun ularning qo‘liga topshirdi+. Ular Isoni olib ketishdi. 17  Iso azob ustunini* o‘zi ko‘tarib, Boshsuyagi degan joyga chiqdi+. Ibroniychada u joy Go‘lgota deb nomlanardi+. 18  Uni o‘sha yerda mixlashdi+. Yon tomonlarida ikki kishi mixlangan bo‘lib, Iso ularning o‘rtasida edi+. 19  Pilat azob ustuniga bir lavha osib qo‘ydi. Unda: «Nosiralik Iso, yahudiylarning shohidir»,— degan yozuv bor edi+. 20  Iso mixlangan joy shaharga yaqin bo‘lgani uchun, ko‘pgina yahudiylar lavhadagi yozuvni o‘qib o‘tar edilar. Lavha yahudiy, lotin va yunon tillarida yozilgan edi. 21  Ammo yahudiylarning bosh ruhoniylari Pilatga: «“Yahudiylarning shohi”, emas, balki o‘zi aytganidek, “Men yahudiylarning shohiman”, deb yozib qo‘ying»,— deyishdi. 22  Pilat esa: «Nima yozgan bo‘lsam, shu»,— deb javob qaytardi. 23  Askarlar Isoni mixlashgandan so‘ng, uning ustki kiyimini to‘rt qismga bo‘lishdi, har bir askarga bir qismdan tegdi. Shuningdek, ichki ko‘ylagini ham olishdi. U bo‘lsa boshdan-oyoq choksiz to‘qima edi. 24  Shunda ular o‘zaro kelishib: «Kelinglar, uni yirtmay qur’a tashlaymiz. Qani kimga tusharkin?»+ — deyishdi. Bu esa Muqaddas Yozuvlardagi: «Kiyimlarimni o‘zaro bo‘lishib olib, libosim uchun qur’a tashlashdi»+,— degani bajo bo‘lishi uchun sodir bo‘ldi. Askarlar chindan ham shunday qildilar. 25  Isoning azob ustuni oldida uning onasi+, xolasi, Klopaning xotini Maryam va magdalalik Maryam turishgan edi+. 26  Iso onasini va uning yonida turgan sevikli shogirdini+ ko‘rib, onasiga dedi: «Bu sizning o‘g‘lingiz»*. 27  Keyin shogirdiga qarab: «Bu sizning onangiz»,— dedi. Shu hodisalardan keyin shogird Isoning onasini uyiga olib ketdi. 28  So‘ngra Iso barchasi amalga oshganini bilgach, Muqaddas Yozuvlardagi so‘zlar bajo bo‘lsin deb: «Chanqadim»+,— dedi. 29  U yerda achigan sharob to‘la ko‘za bor edi. Shunda issop* poyasiga shimgichni o‘rnatib, achigan sharobga botirishdi-da, Isoning og‘ziga tutishdi+. 30  Achigan sharobni tatib ko‘rgach, Iso: «Amalga oshdi!»+ — dedi-yu, boshini egdi va nafasi uzildi+. 31  Tayyorgarlik kuni*+ bo‘lgani uchun, yahudiylar jasadlarni Shabbat kuniga (o‘sha Shabbat kuni ulug‘ kun edi)+ azob ustunlarida qoldirmaslik maqsadida+, Pilatdan ularning oyoqlarini sindirib, ustunlardan tushirishni so‘rashdi. 32  Askarlar kelib, avval Iso bilan mixlangan birinchi, keyin esa ikkinchi kishining oyoqlarini sindirishdi. 33  Isoning oldiga kelishganda, u allaqachon o‘lganini ko‘rib oyoqlarini sindirishmadi. 34  Ammo askarlardan biri nayza bilan uning biqinini teshganida+, shu zahoti o‘sha joydan qon va suv oqib chiqdi. 35  Bularni ko‘rgan kishi shohidlik bermoqda va uning shahodati haqiqatdir. U sizlar ham ishoninglar deya, haqiqatni gapirayotganini biladi+. 36  Ushbu hodisalar Muqaddas Yozuvlardagi: «Uning birorta ham suyagi sindirilmaydi»+,— degan so‘zlar ro‘yobga chiqishi uchun yuz berdi. 37  Muqaddas Yozuvlarning yana bir joyida bunday aytilgan: «O‘zlari badanini teshgan kishiga ular qarab turishadi»+. 38  Bu voqealardan so‘ng, yahudiylardan qo‘rqqani uchun+ Isoning yashirin shogirdi bo‘lgan arimateyalik Yusuf, Pilatdan Isoni dafn etish uchun ruxsat so‘radi. Pilat unga ruxsat bergach, u kelib jasadni olib ketdi+. 39  Ilk bor kechasi Isoning oldiga kelgan Nikodim+ ham, o‘zi bilan taxminan o‘ttiz kilogramm* mirra* va aloe aralashmasini* olib keldi+. 40  Ular Isoning jasadini olib, yahudiylarning odatiga ko‘ra, bu xushbo‘y o‘tlar bilan uni zig‘ir kafanga o‘rab+, dafn qilish uchun tayyorlashdi. 41  U mixlangan joy yaqinida bir bog‘ bor edi. Bog‘da esa yangi qabr bo‘lib+, unga hali hech kimni qo‘yishmagandi. 42  Shu joy yaqin bo‘lganligi va yahudiylarning Tayyorgarlik kuni+ bo‘lgani uchun Isoni shu qabrga qo‘yishdi.

Izohlar

Yoki «qaysarning». Yun. sezar.
So‘zma-so‘z «chamasi oltinchi soat».
So‘zma-so‘z «Ey ayol, bu sizning o‘g‘lingiz».
Yoki «yuz funt». Ilovaning B14 mavzusiga q.
Boshqa variant «o‘rama».