Gigiena borasidagi Xudoning qonunlari o‘z vaqtidan ilgarilab ketgan
Isroil xalqi va’da qilingan yurtga kirishidan sal oldin, taxminan 35 asr avval Alloh ularga Misrdagi «dahshatli kasalliklardan» himoya qilishini aytgan. (Qonunlar 7:15) U buni turli yo‘llar orqali qilgan, masalan, gigiena va kasalliklarning oldini olish masalasida U batafsil yo‘l-yo‘riqlar bergan. Bir nechta misolni ko‘rib chiqaylik.
Qonunlar to‘plamida Isroil xalqidan cho‘milish va kiyim-kechaklarini yuvish talab etilardi. (Levilar 15:4–27)
Hojat chiqarish borasida Xudo ularga shunday degan: «Qarorgohning tashqarisida xilvat joyingiz bo‘lsin. Hojat chiqarish uchun o‘sha yerga borishingiz mumkin. Aslaha-anjomlaringiz ichida kurakcha ham bo‘lsin. Hojat chiqarish uchun tashqariga chiqqaningizda uning yordamida chuqurcha qazib, so‘ng najasni ko‘mib qo‘yasizlar». (Qonunlar 23:12, 13)
Yuqumli kasallikka chalingan deb taxmin qilingan kishilar karantin qilinardi, ya’ni ularni muayyan vaqtga alohida qilib qo‘yishardi. U kasallikdan forig‘ bo‘lishi, kiyimlarini yuvishi va «pok» deb hisoblanishi uchun cho‘milishi kerak edi. Shundagina ular xalq orasiga qaytishi mumkin bo‘lgan. (Levilar 14:8, 9)
Jasadga tekkan ham karantin qilinardi. (Levilar 5:2, 3; Sahroda 19:16)
Xudoning qonunlari tibbiyot sohasidagi tushunchalar va tozalik borasidagi nuqtai nazarni aks ettirib, o‘z vaqtidan ilgarilab ketgan edi.
Boshqa xalqlarda esa gigiena tushunchasi deyarli yo‘q edi. Mana bir nechta misol:
Axlat ko‘chalarda yotardi. Ifloslangan suv, buzilgan oziq-ovqat va boshqa qoldiqlar antisanitariyani yuzaga keltirib, kasalliklar avjiga chiqishiga va bolalarning o‘limiga sabab bo‘lardi.
Qadimda shifokorlar mikrob va kasalliklarni qo‘zg‘atuvchi mikroorganizmlar haqida hech nima yoki kam narsa bilishgan. Misrliklar «dorivorlar» sifatida kaltakesak qoni, birqozon najasi, o‘lik sichqonlar, siydik va mog‘orlagan nonni ishlatishardi. Tibbiy muolajalarda ham odamning, ham hayvonlarning axlati keng qo‘llanilardi.
Qadimda misrliklar Nil daryosi va sug‘orish kanallaridagi ifloslangan suvdagi turli xil parazitlar dastidan kasalliklarga yo‘liqardi. Masalan, Misrda ko‘p chaqaloqlar ich ketish va buzilgan oziq-ovqat dastidan paydo bo‘ladigan boshqa kasalliklardan o‘lib ketgan.
Isroil xalqi esa Xudoning qonunlariga ega edi va ularga rioya qilishgani uchun boshqa xalqlardagi insonlarga qaraganda sog‘lomroq bo‘lishgan.