Asosiy materiallarga o‘tish

TASODIFMI YOKI IJOD MAHSULIMI?

Delfinning «gidrolokatori»

Delfinning «gidrolokatori»

Delfinlar suv ostida suzayotganda, qaysi tomonga yo‘nalishni va tevarak-atrofda nima bo‘layotganini bilish uchun turli tovushlarni chiqarib, aks sadolarini eshitadi. Olimlar zamonaviy texnlogiyalarni yanada samarali qilish maqsadida suv ostidagi akustik sistemalarni rivojlantirish uchun delfinlar oilasining bir turi bo‘lmish afalinalarning (Tursiops trunsatus) tabiiy «gidrolokatorini» namuna sifatida qo‘llamoqchi.

O‘ylab ko‘ring. Delfinlar «gidrolokatori» yordamida qum ichiga yashirinib olgan baliqlarni topish va ularni toshdan farqlay olish qobiliyatiga ega. Edinburgdagi (Shotlandiya) Xeriot va Uatt nomidagi universitetda ishlaydigan Kit Braun ismli professorning aytishicha, delfinlar shuningdek, «10 metr uzoqlikdagi idishlar ichida nima borligini, masalan, chuchuk, sho‘r suv, sirop yoki moyni farqlay oladi». Olimlar ushbu ayrim xususiyatlarni inobatga olgan holda muayyan qurilmalarni rivojlantirmoqchi.

Delfinlar 10 metr uzoqlikdagi idishlar ichida nima borligini aniqlay oladi

Olimlar delfinlarning tovush signallarini va eshitish qobiliyatini tadqiq qilib, ularning bu xususiyatlarini qo‘llab ko‘rishdi. Natijada esa muayyan elektron qurilma kashf etildi va u torpedaga o‘xshash suv osti apparatining bir metrdan sal kamroq bo‘lgan silindr idishiga o‘rnatildi. Bu qurilma dengiz tubini tadqiq qilish uchun qo‘llaniladi va torpedaga o‘xshash avtomatik tarzda boshqariladigan suv osti kemalari uning yordamida yashirin narsalarni, masalan, kabel yoki trubalarni topishi hamda ularni tekshirishi mumkin. Uni ishlab chiqarganlarning fikricha, neft va gaz chiqarish sohasida u juda qo‘l keladi. Delfinlarning bu xususiyatidan namuna olingani natijasida kashf etilgan gidrolokator tufayli ilgarigiga qaraganda ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lish mumkin. Uning yordamida mutaxassislar suv osti qurilmalari uchun yaxshiroq joy topib, uning holatini tekshira oladi, masalan, neft platformalarida hatto soch tolasiday bo‘lgan yoriqlarni aniqlaydi yoki trubalardagi axlatni topa oladi.

Nima deb o‘ylaysiz? Afalinalar «gidrolokatori» evolyutsiya natijasida paydo bo‘lganmi? Yoki ijod mahsulimi?