Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Jinsiy yaqinlik haqidagi xayollar tinchlik bermayotgan bo‘lsa-chi?

Jinsiy yaqinlik haqidagi xayollar tinchlik bermayotgan bo‘lsa-chi?

 «Jinsiy yaqinlik haqidagi xayollar dabdurustdan kelib qoladi va boshqa narsalar to‘g‘risida o‘ylash imkonsiz. Bunday paytda kimdir ongimni boshqarayotganday tuyuladi». (Vera)

 «Jinsiy yaqinlik haqidagi fikrlarni nazorat qilish imkonsizday bo‘ladi. Shunday paytda qushday qanot qoqib uchib ketgim keladi». (Jon)

 Xo‘sh, siz ham o‘zingizni Vera hamda Jonday his qilasizmi? Agar shunday bo‘lsa, bu maqola siz uchun.

 Nima uchun bunday fikrlar paydo bo‘ladi?

 Aleks ismli bir yigit: «Tog‘am jinsiy aloqada bo‘lish ehtiyoji Xudoning in’omi va uni qondirish kerak deb aytgan»,— dedi.

 Tog‘asining gapida jon bor, Alloh to‘g‘ri maqsadni ko‘zlab bizni bu ehtiyoj bilan yaratgan. Aynan jinsiy munosabatlar tufayli hozirgi kunda yer yuzida odamlar bor. Unda nega jinsiy yaqinlik haqida haddan tashqari ko‘p o‘ylamasligingiz kerak? Quyida buning ikkita sababi keltirilgan:

  •   Muqaddas Kitobda aytilishicha, Xudoning niyatiga ko‘ra faqat qonuniy nikoh qurgan er va xotin jinsiy aloqa qilishi mumkin. (Ibtido 1:28; 2:24)

     Ushbu ilohiy me’yorga hurmat ko‘rsatsangiz va turmush qurmagan bo‘lsangiz, bu ehtiyojni qondira olmayotganingizdan ruhingiz tushishi mumkin. Agar odam bu haqida o‘ylayversa, axloqsizlikka qo‘l urishi hech gap emas. Bunday qilganlarning ko‘pi keyinchalik qaroridan pushaymon bo‘lgan.

  •   Jinsiy yaqinlik haqidagi xayollarni nazorat qilishga o‘zini tiyish fazilati ko‘maklashib, hayotning boshqa sohalarida ham asqatadi. (1 Korinfliklarga 9:25)

 Bu hozir ham, kelajakda ham muvaffaqiyat qozonishingizga yordam beradi. Darhaqiqat, ba’zi tadqiqotchilarning fikricha, o‘zini tiya bilgan bolalarning sog‘ligi yaxshiroq bo‘ladi, ular pul masalasida kamroq tashvishlanadi va qonunbuzarlik kabi muammolarga duch kelish ehtimoli kamayadi a.

 Nega bu haqida o‘ylamaslik oson emas?

 Dunyo jinsiy yaqinlik haqidagi gaplar-u fikrlarga ko‘milib ketgan. Yoshlarga shuningdek, tanasidagi gormonlari bilan bog‘liq jarayonlar ta’sir qiladi.

 «Televideniedagi dasturlarda turmush qurmay turib jinsiy munosabatlarda bo‘lishning hech yomon joyi yo‘qday ko‘rsatiladi. Agar nomunosib jinsiy yaqinlik asoratsiz qilib ko‘rsatilsa, nomunosib xayollar chulg‘ab olishi juda oson». (Rut)

 «Ishda jinsiy yaqinlik haqidagi behayo gaplarni haddan tashqari ko‘p eshitganim sayin, qiziqishim shunchalik oshib boraveradi. Odam axloqsizlikni oddiy holdek qabul qilib, bu noto‘g‘ri emas degan fikrga boradi». (Nikol)

 «Turli rasmlarni tomosha qilayotganda, hushyorlikni yo‘qotib qo‘yish oson. Qandaydir behayo rasm yalt etib paydo bo‘ladi-yu, miyangizga o‘rnashib qoladi». (Mariya)

 Bularning dastidan o‘zingizni havoriy Pavlusday his qilishingiz mumkin. U: «To‘g‘ri bo‘lgan narsani qilmoqchi bo‘lsam, yonimda yomonlik turadi»,— deb yozgan. (Rimliklarga 7:21)

Noto‘g‘ri xayollar ongingizda in qurmasin

 Nima qila olasiz?

 Fikringizni boshqa narsaga olib qoching. Umuman boshqa narsaga diqqat qarating. Bu yoqtiradigan ish, sport, mashqlar bo‘lishi mumkin. 21 yoshli Valeriya shunday dedi: «Menga Muqaddas Kitobni o‘qish yordam beradi. Chunki u yerdan Xudo haqida bilib olaman. U haqida o‘ylaganimda esa, behayo narsalar haqida o‘ylash uchun vaqt qolmaydi».

 Tabiiyki, jinsiy yaqinlik haqidagi xayollarga borasiz. Lekin ularni nazorat qilish o‘z qo‘lingizda. Ularga berilsangiz, qutulishga kuchingiz qolmaydi.

 «Jinsiy yaqinlik haqidagi fikrlar kelib qolsa, diqqatimni umuman boshqa narsaga qaratishga harakat qilaman. Bunday xayollar paydo bo‘lganining sababini aniqlashga intilaman va bu musiqa yoki rasm bo‘lsa, ularni o‘chirib tashlayman». (Yelena)

 Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Nima odillik, nima halollik... [yoki axloqan «pok», O‘zbekiston Bibliya Jamiyati 2016] bo‘lsa bular haqida fikr yuritinglar». (Filippiliklarga 4:8)

 Yaxshi do‘stlar tanlang. Agar do‘stlaringiz hadeb jinsiy yaqinlik haqida gapiraversa, fikrlarni pok saqlab qolish qiyin kechadi.

 «O‘smir bo‘lganimda uyatsiz xayollar bilan kurashardim. Bunday fikrlar paydo bo‘lganining sababi men birga vaqt o‘tkazgan odamlar edi. Noto‘g‘ri istaklarni qondirishga undayotgan odamlar orasida bo‘lsangiz, tuyg‘ularingizni boshqarish qiyin bo‘lib qoladi. Bu xuddi olovga moy quyganday». (Sara)

 Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Dono bilan yurgan dono bo‘ladi, nodonga sherik bo‘lgan esa aziyat chekadi». (Hikmatlar 13:20)

 Nomunosib o‘yin-kulgi turlaridan yiroqlashing. Sir emaski, bugungi ko‘p o‘yin-kulgi turlarida jinsiy yaqinlik olg‘a suriladi. «Menga musiqa juda ham ta’sir qiladi. Musiqa istaklarimni junbushga keltirishi mumkin»,— dedi Nikol.

 «Jinsiy munosabatlarga ishora qiladigan film va teledasturlarni tomosha qila boshladim. Bu menga qattiq ta’sir qiladi deb o‘ylamagandim. Nega bunday fikrlar paydo bo‘layotganining sababini darrov tushundim. Xullas, o‘sha film va teledasturlarni tomosha qilmay qo‘ydim. Natijada, jinsiy munosabatlar haqida ham uncha ko‘p o‘ylamaydigan bo‘ldim. O‘yin-kulgi turlarini donolik ila tanlab, behayo fikr-xayollar bilan ham kurashish osonroq bo‘ladi». (Joanna)

 Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Jinsiy axloqsizlik, har qanday ifloslik va ochko‘zlik orangizda hatto tilga olinmasin». (Efesliklarga 5:3, izoh)

 Xulosa. Ba’zi odamlar jinsiy istaklarni qondirish zarur deb o‘ylab, ularni hatto boshqara olmaydigan bo‘lib qoladi. Lekin Muqaddas Kitobda bu borada umuman boshqacha fikrlar yozilgan. Biz xayollarimizni nazorat qila olamiz va harakatlarimiz Xudo uchun muhim ekanini isbotlaymiz.

 Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Bundan buyon fikrlash tarzingizni va munosabatingizni o‘zgartiring». (Efesliklarga 4:23)

a Bu fazilatni turmush qurmaganlar rivojlantirishi o‘ta muhim, chunki oila qurishganda ham o‘zini tiyish kerak bo‘ladi.