Armageddon jangi nima?
Muqaddas Kitob asosida javob
Armageddon jangi insoniy hukumatlar va Xudo o‘rtasidagi so‘nggi jangni bildiradi. Bu hukumatlar Xudoga qarshi chiqib, hatto hozirning o‘zida Uning boshqaruviga bo‘ysunishni istamayapti. (Zabur 2:2) Armageddon jangi insoniy hukumatlarga chek qo‘yadi. (Doniyor 2:44)
«Armageddon» so‘zi Muqaddas Kitobda faqat bir marta Vahiy 16:16 da uchraydi. Bu kitobdagi bashoratga ko‘ra, qodir Allohning ulug‘ kunida yuz beradigan jangga barcha jahon shohlari ibroniycha «Armageddon» deb atalmish joyga to‘planadi. (Vahiy 16:14)
Armageddonda kimlar jang qiladi? Iso Masih Xudoning dushmanlari ustidan g‘alaba qozonish maqsadida samoviy qo‘shini bilan jangga chiqadi. (Vahiy 19:11–16; 19–21) Bu dushmanlar Xudoning hukmdorligiga qarshi chiqayotganlarni va hamda undan nafratlanadiganlarni o‘z ichiga oladi. (Hizqiyo 39:7)
Armageddon jangi Yaqin Sharqda sodir bo‘ladimi? Yo‘q. Armageddon jangi qandaydir muayyan joyni emas, balki butun dunyoni qamrab oladi. (Yeremiyo 25:32–34; Hizqiyo 39:17–20)
Ba’zida Armageddon «Hor-Magido‘n» (ma’nosi «Maxido‘ tog‘i») deb o‘giriladi. Maxido‘ qadimgi Isroil hududidagi shahar bo‘lgan. Tarixga ko‘ra, hal qiluvchi janglar, jumladan, Muqaddas Kitobda yozib qoldirilgan ba’zi janglar u yerda bo‘lib o‘tgan. (Hakamlar 5:19, 20; 4 Shohlar 9:27; 23:29) Ammo Armageddon tom ma’nodagi qadimgi Maxido‘ hududida bo‘lmaydi. Sababi, u yerda katta tog‘ yo‘q. Hatto Yizril vodiysini qo‘shganda ham, Xudoga qarshi chiqadigan barcha u yerga sig‘magan bo‘lardi. Armageddon xalqlar birgalashib, so‘nggi bor Xudoga qarshi chiqadigan vaziyatni anglatadi.
Armageddon jangida nimalar sodir bo‘ladi? Garchi bu jangda Xudo qudratidan qanday foydalanishini bilmasak-da, lekin o‘tmishda u do‘l, zilzila, jala, olov, oltingugurt, chaqmoq hamda kasalliklardan qurol sifatida foydalanganini bilamiz. (Ayub 38:22, 23; Hizqiyo 38:19, 22; Xabaqquq 3:10, 11; Zakariyo 14:12) Xudoning ba’zi dushmanlari sarosimada bir-birini o‘ldirishga tushadi. Lekin keyin Xudo ularga qarshi jang qilayotganini tushunib yetishadi. (Hizqiyo 38:21, 23; Zakariyo 14:13)
Armageddonda dunyo yo‘q bo‘lib ketadimi? Sayyoramiz yo‘l bo‘lib ketmaydi. Yer yuzi odamzodning abadiy uyi bo‘lib qoladi. (Zabur 37:29; 96:10; Voiz 1:4) Armageddonda odamlar yo‘q bo‘lib ketmaydi, aksincha, unda Xudoning xizmatchilaridan tashkil topgan buyuk olomon najot topadi. (Vahiy 7:9, 14; Zabur 37:34)
Muqaddas Kitobda «dunyo» so‘zi nafaqat yer yuziga, balki Xudoga qarshi chiqqan yovuz insonlarga ham ishora qiladi. (1 Yuhanno 2:15–17) Shuning uchun, Armageddonda yovuzlik to‘lib-toshgan bu zamonaga chek qo‘yiladi. (Matto 24:3)
Armageddon jangi qachon yuz beradi? Iso buyuk musibatning avj nuqtasi Armageddon haqida gapirib, shunday degan: «U kun va u soat haqida osmondagi farishtalar ham, O‘g‘il ham bilmaydi. Faqatgina samoviy Otam biladi». (Matto 24:21, 36) Biroq Muqaddas Kitobda Armageddon jangi Isoning hozir bo‘lish paytida yuz berishi aytilgan. Isoning hozir bo‘lishi esa 1914-yili boshlangan. (Matto 24:37–39)