Asosiy materiallarga o‘tish

Buyuk musibat nima degani?

Buyuk musibat nima degani?

Muqaddas Kitob asosida javob

 Buyuk musibat paytida insoniyat boshiga misli ko‘rilmagan qiyinchiliklar tushadi. Muqaddas Kitob bashoratiga ko‘ra, bu «oxirzamonda» yuz beradi. (2 Timo‘tiyga 3:1; Doniyor 12:4) Bu «shunaqangi musibat bo‘ladiki, Xudo dunyoni yaratganidan beri bunaqasi hali bo‘lmagan, bundan keyin ham bo‘lmaydi». (Mark 13:19; Doniyor 12:1; Matto 24:21, 22)

Buyuk musibat paytida yuz beradigan voqealar

  •   Soxta din yo‘q qilinadi. Soxta din hayratomuz tezlik bilan yo‘q qilinadi. (Vahiy 17:1, 5; 18:9, 10, 21) Siyosiy kuchlarning timsoli bo‘lgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti buni amalga oshirib, Xudoning irodasini bajaradi. (Vahiy 17:3, 15–18) a

  •   Haq dinga hujum qilinadi. Hizqiyo payg‘ambar olgan vahiyda «Mago‘g yurtidagi Go‘g» sifatida tasvirlangan xalqlar ittifoqi haq dinda bo‘lganlarni yo‘q qilishga urinadi. Biroq Xudo o‘z xizmatchilarini bu halokatdan qutqarib qoladi. (Hizqiyo 38:1, 2, 9–12, 18–23)

  •   Yer yuzi aholisi hukm qilinadi. Iso Masih barcha insonlarni hukm qilib, «xuddi cho‘pon qo‘ylarni echkilardan ajratgandek, odamlarni bir-biridan ajratadi». (Matto 25:31–33) Har bir insonga Isoning «birodarlarini», ya’ni u bilan samoda boshqaradigan kishilarni qo‘llab-quvvatlagani yoki qo‘llab-quvvatlamaganiga qarab hukm chiqariladi. (Matto 25:34–46)

  •   Samoviy Shohlikda boshqaradigan kishilar yig‘iladi. Masih bilan boshqarish uchun tanlangan sadoqatli kishilar yer yuzidagi hayotini tugatib, samoviy hayot uchun tirilishadi. (Matto 24:31; 1 Korinfliklarga 15:50–53; 1 Salonikaliklarga 4:15–17)

  •   Armageddon. «Qodir Allohning ulug‘ kunida yuz beradigan» bu jang «Yahovaning kuni» deb ham atalgan. (Vahiy 16:14, 16; Ishayo 13:9; 2 Butrus 3:12) Ushbu jangda Iso Masih tomonidan mahkum etilganlar yo‘q qilinadi. (Zafaniyo 1:18; 2 Salonikaliklarga 1:6–10) Yo‘q qilinadiganlar orasida Muqaddas Kitobda yetti boshli yirtqich hayvon sifatida tasvirlangan butun dunyoning siyosiy tuzumi ham bo‘ladi. (Vahiy 19:19–21)

Buyuk musibatdan keyin yuz beradigan voqealar

  •   Shayton va jinlar tubsizlikka qamab qo‘yiladi. Buyuk farishta Shaytonni va jinlarni «tubsizlikka» tashlaydi. U yerda ular go‘yo o‘lim holatida bo‘lganday, hech qanday faoliyat yurita olishmaydi. (Vahiy 20:1–3) Shaytonning tubsizlikdagi holatini qamoqda o‘tirgan mahbusning holatiga o‘xshatsa bo‘ladi. U hech kimga hech qanday ta’sir o‘tkaza olmaydi. (Vahiy 20:7)

  •   Masihning ming yillik boshqaruvi. Xudo Shohligining 1 000-yillik boshqaruvi insoniyatga ulkan barakalar keltiradi. (Vahiy 5:9, 10; 20:4, 6) Sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan «ulkan olomon» «buyuk musibatdan chiqib» keladi, ya’ni undan omon qoladi. Ular Masih yer yuzi ustidan ming yil davomida boshqarishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘radi. (Vahiy 7:9, 14; Zabur 37:9–11)

a Vahiy kitobida soxta din Buyuk Bobil yoki «buyuk fohisha» sifatida tasvirlangan. (Vahiy 17:1, 5) Buyuk Bobilni yo‘q qiladigan to‘q qizil yirtqich hayvon xalqaro tashkilotni tasvirlaydi. Bu tashkilotning maqsadi — dunyo xalqlarini birlashtirib, ularning vakili bo‘lish. Avvaliga u Millatlar Ittifoqi sifatida mavjud bo‘lgan, hozir esa Birlashgan Millatlar Tashkiloti deb ataladi.