Tirilish bu nima?
Muqaddas Kitob asosida javob
Muqaddas Kitobdagi «tirilish» deb tarjima qilingan so‘z «ko‘tarilish» yoki «qayta turish» ma’nosini bildiruvchi yunoncha anа́stasis so‘zidan kelib chiqqan. Tirilgan inson o‘lim holatidan hayotga qaytadi va o‘tmishda qanday inson bo‘lgan bo‘lsa, xuddi shunday bo‘lib tiriladi. (1 Korinfliklarga 15:12, 13)
Garchi «tirilish» so‘zi Ibroniycha Yozuvlarda uchramasa-da, u yerda tirilish ta’limoti aniq ko‘rsatilgan. Masalan, Xudo Ho‘sheya payg‘ambar orqali shunday va’da bergan: «Mozor changalidan ularni qutqaraman, o‘limdan ularni qaytarib olaman». (Ho‘sheya 13:14; Ayub 14:13–15; Ishayo 26:19; Doniyor 12:2, 13)
Odamlar qayerda tirilishadi? Ba’zi insonlar Masih bilan boshqarish maqsadida samoviy hayot uchun tirilishadi. (2 Korinfliklarga 5:1; Vahiy 5:9, 10) Muqaddas Kitobda bu «birinchi tirilish» deb nomlangan va «birinchi» so‘zidan yana boshqa tirilish borligini tushunsa bo‘ladi. (Vahiy 20:6; Filippiliklarga 3:11) Keyingi tirilish yer yuzida sodir bo‘ladi va aksariyat insonlar aynan mana shu tirilish paytida hayotga qaytadi. (Zabur 37:29)
Tirilish qanday sodir bo‘ladi? Xudo Isoga o‘lganlarni tiriltirish vakolatini bergan. (Yuhanno 11:25) Iso «mozorlarda bo‘lgan hammani», ya’ni har bir insonning shaxsiyati, fe’l-atvori va xotiralari qanday bo‘lgan bo‘lsa, shundayligicha hayotga qaytaradi. (Yuhanno 5:28, 29) Samoviy hayot uchun tiriladiganlar ruhiy tanaga ega bo‘lishadi, yer yuzidagi hayot uchun tiriladiganlar esa mutlaq sog‘lom jismoniy tanaga ega bo‘lishadi. (Ishayo 33:24; 35:5, 6; 1 Korinfliklarga 15:42–44, 50)
Kimlar tiriladi? Muqaddas Kitobda «adolatli va adolatsiz odamlarning tirilishi» haqida aytilgan. (Havoriylar 24:15) Adolatli insonlar qatoriga Nuh, Sora va Ibrohim kabi sadoqatli odamlar kiradi. (Ibtido 6:9; Ibroniylarga 11:11; Yoqub 2:21) Adolatsiz insonlar qatoriga esa Xudoning me’yorlari bo‘yicha yashamagan odamlar kiradi, chunki bu odamlar Uning me’yorlarini o‘rganib, ularga amal qilish imkoniyatiga ega bo‘lishmagan.
Biroq yovuzlashib ketgan insonlar o‘zgarishni istamagani uchun umuman tirilishmaydi. Bunday insonlar o‘lganida batamom yo‘q bo‘lishadi va ularning hayotga qaytish umidi boshqa bo‘lmaydi. (Matto 23:33; Ibroniylarga 10:26, 27)
Tirilish qachon yuz beradi? Muqaddas Kitobga binoan, samoda yashash umidiga ega bo‘lganlar Masihning hozir bo‘lish paytida tirilishi bashorat qilingan edi va bu davr 1914-yilda boshlangan. (1 Korinfliklarga 15:21–23) Yer yuzida yashash umidiga ega bo‘lganlar esa Iso Masihning ming yillik boshqaruvi paytida, ya’ni ro‘yi zamin jannatga aylanganida hayotga qaytishadi. (Luqo 23:43; Vahiy 20:6, 12, 13)
Nega tirilishga ishonish oqilona? Muqaddas Kitobda to‘qqizta tirilish haqidagi batafsil bayonotlarni topsa bo‘ladi. Bu tirilishlarning guvohlari ham bo‘lgan. (3 Shohlar 17:17–24; 4 Shohlar 4:32–37; 13:20, 21; Luqo 7:11–17; 8:40–56; Yuhanno 11:38–44; Havoriylar 9:36–42; 20:7–12; 1 Korinfliklarga 15:3–6) Lazarning tirilishi alohida e’tiborga loyiq. Boisi uning o‘lganiga to‘rt kun bo‘lgandi va Iso xaloyiq oldida mo‘jiza yaratib, Lazarni tiriltirgandi. (Yuhanno 11:39, 42) Hatto Isoning dushmanlari ham bu mo‘jizani inkor eta olishmagan, shuning uchun Iso bilan Lazarni o‘ldirishga til biriktirishgan. (Yuhanno 11:47, 53; 12:9–11)
Muqaddas Kitobdan ko‘rinyaptiki, o‘lganlarni hayotga qaytarish uchun Xudoning ham kuchi, ham istagi bor. U O‘zining mukammal xotirasida har bir inson shaxsiyatiga doir barcha tafsilotlarni saqlab, qudratli kuchi yordamida ularni tiriltira oladi. (Ayub 37:23; Matto 10:30; Luqo 20:37, 38) Xudo marhumlarni hayotga qaytara oladi va buni istaydi! Muqaddas Kitobda kelajakdagi tirilish to‘g‘risida gap ketganida, Xudo haqida shunday deyilgan: «Qo‘llaring bilan yaratgan ijodingni sog‘inasan». (Ayub 14:15)
Tirilish borasidagi noto‘g‘ri fikrlar
Noto‘g‘ri fikr: tirilish bu — jon bilan tananing birlashishidir.
To‘g‘ri fikr: Muqaddas Kitobga ko‘ra, jon bu — inson o‘limidan keyin yashashda davom etadigan shaxs emas, balki insonning o‘zidir. (Ibtido 2:7; Hizqiyo 18:4) Tirilgan inson jon bilan birlashmaydi; u tirik jon sifatida hayotga qaytadi.
Noto‘g‘ri fikr: ayrim insonlar tirilib, darhol yo‘q qilinadi.
To‘g‘ri fikr: Muqaddas Kitobga ko‘ra, «yomonlik qilganlar... hukm etilish uchun tiriladi». (Yuhanno 5:29) Lekin ular o‘tmishdagi emas, balki tirilganidan keyin qilgan ishlari asosida hukm qilinishadi. Iso: «O‘lganlar Xudo O‘g‘lining ovozini eshitadigan vaqt kelyapti... Uning ovoziga quloq tutganlar tiriladi»,— deb aytgan. (Yuhanno 5:25) «Quloq tutganlarning», ya’ni tirilganidan keyin o‘rganganlari bo‘yicha yo‘l tutgan insonlarning ismlari «hayot kitobiga» yozib qo‘yiladi. (Vahiy 20:12, 13)
Noto‘g‘ri fikr: inson tirilganida yana o‘limidan oldingi tanasida hayotga qaytadi.
To‘g‘ri fikr: o‘limdan keyin insonning tanasi chirib, tuproqqa aylanadi. (Voiz 3:19, 20)