2014-yilgi majlis hisoboti
Shohlik boshqaruvining 100-yilligi!
2014-yil 4-oktyabr kuni 19 000 kishi «Qo‘riqchi Minorasi Muqaddas Kitob va buklamalar Jamiyati (Pensilvaniya)» tomonidan o‘tkazilgan 130-yillik majlisga yig‘ilishdi. Majlis AQShning Nyu-Jersi shtati Jersi-Siti shahridagi Yahova Shohidlarining Anjuman Zalida bo‘lib o‘tdi. Dastur shuningdek, boshqa joylarga Internet orqali jonli efirga uzatildi.
Yahova Shohidlarining Yetakchi kengash a’zosi Mark Sanderson, dastur raisi sifatida xizmat qildi. Nutqining kirish qismida birodarimiz Sanderson, bu yilgi majlis tarixiy ahamiyatga ega ekanligiga urg‘u berdi. Chunki mazkur majlisda Masihiy Shohlik o‘rnatilganining 100-yilligi nishonlandi.
Birodarimiz Sanderson Shohlikning 100-yillik boshqaruvi davomida qo‘lga kiritilgan uchta muhim yutuqni aytib o‘tdi:
Umumjahon va’zgo‘ylik faoliyati. Yahovaning madadi bilan, Uning xalqi Shohlik haqidagi xushxabarni tinmasdan va’z qilyapti. 1914-yilda va’zgo‘ylar soni bir necha ming kishini tashkil etardi. Ammo 2014 xizmat yiliga kelib, ularning soni sakkiz milliondan oshib qoldi. Yahova bu ish amalga oshdi, demagunicha biz g‘ayrat ila va’z qilishni davom ettiramiz.
Shohlik fuqarolarining guruh sifatida himoyalanishi. Diniy hamda siyosiy rahbarlar bizga qattiq qarshilik qilishgan, hatto Yahovaning Shohidlarini butunlay yo‘q qilishga urinib ko‘rishgan. Ammo Yahova O‘z xizmatchilarini guruh sifatida himoya qilgan. Amerika Qo‘shma Shtatlari Oliy sudi va Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudida erishilgan bir nechta yuridik g‘alabalar, bugunga qadar Yahova bizni himoyalab kelayotganidan dalolat bermoqda.
Kelib chiqishi turlicha bo‘lgan insonlarning birlashishi. Xudoning Shohligi kelib chiqishi, millati hamda tili turlicha bo‘lgan kishilarni birlashtirib, ko‘plab qiyinchiliklarni yengishga yordam berdi. Bu Shohlik ularni Xudo xizmatchilarning birlashgan guruhi sifatida tashkillashtirdi. Birodarimiz Sanderson: «Bu mo‘jiza faqat Tangri Yahovaning qo‘li bilan sodir bo‘lishi mumkin»,— deb ta’kidladi. U, ushbu tarixiy majlisda ishtirok etish barcha uchun katta sharaf ekanini mehmonlarga yana bir bor aytib o‘tdi.
«Yahovaning do‘sti bo‘ling» turkumidagi multfilmlar.
Yillik majlisning keyingi dastur qismida, bolajonlar uchun mo‘ljallangan ko‘p seriali multfilmlar haqida gap bordi. Mana ikki yildan oshiq vaqt davomida barchamiz bu multfilmlardan bahra olmoqdamiz. Avval, birodarimiz Sanderson butun dunyo bo‘ylab bolajonlardan olingan video-intervyuni taqdim etdi. Videoda bolajonlar mazkur multfilmlardan olgan saboqlari uchun minnatdorchilik bildirishdi. Ularning samimiy va chin yurakdan aytgan so‘zlari barcha mehmonlarning qalbini zabt etdi.
Keyin mana shu multfilmlarning yangi seriyasi namoyish etildi. Bu video «Yahova sizga jasoratli bo‘lishga yordam beradi» deb nomlanadi. Mazkur 12 daqiqali multfilm, No‘monnning xotiniga Yahova haqida jasorat ila aytib bergan isroillik qizcha to‘g‘risidagi voqeaga asoslangan (4 Shohlar 5:1–14). Ushbu video 20 dan oshiq tillarda mavjud bo‘lib, 2014-yil 6-oktyabr, dushanba kuni jw.org saytiga joylashtirildi.
«JW Language».
Birodarimiz Sanderson smartfon hamda planshetlar uchun mo‘ljallangan yangi ilova chiqqani to‘g‘risida e’lon qildi. Mazkur ilova, xizmatini kengaytirishni istovchi Yahovaning Shohidlariga yangi til o‘rganishga ko‘maklashadi. Ushbu ilova 4 000 dan ziyod so‘z va iboralardan tashkil topgan bo‘lib, 18 ta tilda mavjud. Yaqinda esa, bu ilovaga qo‘shimcha so‘z, ibora, va’zgo‘ylik xizmati uchun muqaddima va hokazolar kiritish rejalashtirilmoqda.
JW Internet televideniesi.
Mehmonlar, Yahova Shohidlari tomonidan tashkillashtirilgan yangi Internet televidenie haqida eshitishganida juda ham quvonib ketishdi. Mazkur televidenieda hozircha ko‘rsatuvlar faqatgina ingliz tilida namoyish etiladi. Bu televidenie AQShning Nyu-York shtati Bruklindagi Bosh idoramizda joylashgan bo‘lib, unda videolarimiz, musiqalarimiz va Muqaddas Kitobning badiiy qiroatlari taqdim etiladi. Bundan tashqari, har oyi Yetakchi kengashning a’zosi yoki shu kengashning qo‘mitalaridagi yordamchilaridan biri yangi dasturlarni olib boradi.
Birodarimiz Sanderson mazkur televidenieda namoyish etilgan birinchi dasturning qisqacha lavhasini taqdim etdi. Mazkur dasturni Yetakchi kengashning a’zosi Stiven Lett olib bordi. Dasturda yangi telestudiyaning tayyorlash jarayoni qanday kechgani haqida aytib berildi. JW Internet televideniesi 2014-yil 6-oktyabrda ishga tushirilib, uni tv.mr1310.com manzili bo‘yicha topsa bo‘ladi.
«Shohlik boshqaruvining 100-yilligi va uning natijalari».
Yetakchi kengash a’zosi Semyuel Xyord, son jihatdan o‘sishimizga hamda va’zgo‘ylikda yaxshilanishimizga Xudoning Shohligi qanday yordamlashganini ko‘rsatuvchi videoni sharhlab berdi. Mehmonlar tarixiy videomateriallar, sahnalashtirilgan voqealar hamda uzoq vaqtdan beri Yahova Shohidi bo‘lganlarning intervyusini tomosha qilib, «Yaratilish fotodramasi»ning ishlab chiqarilgani va keng ko‘lamda namoyish etilgani, fonograflar, shohidlik berish uchun kartochkalar, informasion marshlar, karnay o‘rnatilgan mashinalar hamda va’zgo‘ylikka tayyorlaydigan turli xil maktablar borasida aniqroq tasavvurga ega bo‘lishdi.
Shohlik ilk 100-yillik boshqaruvi davomida erishgan natijalari borasida mulohaza yuritishdan qanaqa foyda olishimiz mumkin? Agar bu haqda mulohaza yuritsak, Shohlik haqiqatdan ham mavjudligiga bo‘lgan ishonchimiz va u kelajakda nimalarni amalga oshirishini ko‘rish istagimiz kuchayadi.
Topinish uchun qo‘shiqlar.
Yetakchi kengash a’zosi Deyvid Spleyn «Xudovand Yahovani tarannum eting» kitobining ingliz tilidagi nashri qaytadan ko‘rib chiqilishi rejalashtirilayotgani haqida e’lon qilib, barchani quvontirdi. Uning muqovasi va atrofi «Yangi dunyo tarjimasi» kabi kumushrang bo‘ladi. Bunday sifatli materiallardan foydalanib, qo‘shiqlar topinishimizda salmoqli o‘rinni egallashini ko‘rsatamiz.
Shuningdek, Spleyn birodarimiz hamdu sano kitobiga bir nechta yangi qo‘shiqlar kiritilishi haqida e’lon qildi. Ammo bu yangi qo‘shiqlarni kuylash uchun qayta ko‘rib chiqilgan kitobning chop etilishini kutmaymiz. Sababi, bu yangi qo‘shiqlar tayyor bo‘lishi bilanoq jw.org saytiga joylashtiriladi.
Baytil oilasi uchta yangi qo‘shiqning kuylanishini oldindan mashq qilib, yilgi uchrashuvda ularni kuylab berishdi. Spleyn akamiz «O‘rnatilgan Shohlik kelsin!» nomli qo‘shiqni kuylagan xorga dirijyorlik qildi. Bu qo‘shiq Shohlik o‘rnatilganining 100-yilligiga bag‘ishlangan. Xor qo‘shiqni kuylab bo‘lganidan keyin, mehmonlar ham ular bilan birga ushbu qo‘shiqni qaytadan kuylashdi. Keyinchalik mehmonlar xor bilan birgalikda «Bizga jasorat ato et» nomli boshqa bir yangi qo‘shiqni kuylashdi.
Intervyu.
So‘ng mehmonlar video tomosha qilishdi. Bu videoda, o‘nlab yillar davomida Baytilda xizmat qilayotgan uchta juftlikdan Gerrit Lyosh intervyu olgan. Juftliklar yillar davomida qanaqa o‘zgarishlarning guvohi bo‘lishganini aytib berishdi. Bunday o‘zgarishlar Xudoning xalqi olg‘a qadam tashlayotganining isbotidir. Lyosh birodarimiz tashkiliy o‘zgarishlar bo‘lishi, Muqaddas Kitobda oldindan yozilganini aytdi va barchani Yahovaning tashkiloti bilan hamqadam bo‘lishga undadi (Ishayo 60:17).
«Timsol va u kelajakda nimani tasvirlashi».
Bu nutqni Spleyn birodarimiz so‘zladi. Mazkur nutqda nega adabiyotlarimizda oldingidek tez-tez timsol va u nimani tasvirlashi haqida so‘z bormayotganining sababi tushuntirildi.
Ilgari adabiyotlarimizda Muqaddas Kitobda qalamga olingan ko‘pgina xudojo‘y erkagu ayollar bugungi kunda yashayotgan masihiylarning turli guruhiga ishora qiladi, deb aytilardi. Shuningdek, Muqaddas Kitobda yozilgan bir nechta voqealar Xudoning zamonaviy xizmatchilari bilan sodir bo‘ladigan hodisalarning bashoratli timsoli, deb o‘ylardik. Tan olib aytish kerakki, bunday izlanishlar qiziqarli bo‘lishi mumkin. Unda nega oxirgi paytlar adabiyotlarimizda timsol va u nimani tasvirlashi borasida kamdan-kam chop etilmoqda?
Muqaddas Kitobdan ko‘rinyaptiki, ba’zi qahramonlar yoki ba’zi voqealar kelajakda kimningdir yoki nimaningdir timsoli bo‘lgan. Muqaddas Kitobda timsol va u nimani tasvirlashi borasida aniq yozilgan bo‘lsa, biz buni bajonidil qabul qilamiz. Birodarimiz Spleyn: «Boshqa tomondan, agar Muqaddas Kitobda bu borada hech narsa aytilmagan bo‘lsa, biz ham bu haqda nimadir aytishdan ehtiyot bo‘lamiz»,— deb aytdi. Biz Xudoning Kalomida yozilganlardan yo‘q narsani izlashdan qochishimiz darkor. Moylanganmizmi yoki yer yuzida yashash umidiga egamizmi, agar timsol va u nimani tasvirlashiga haddan tashqari ko‘p e’tibor berishni boshlasak, Muqaddas Kitobda yozilgan hodisalardan amaliy saboqlar olishni nazardan chetda qoldirishimiz mumkin (Rimliklarga 15:4) *.
«Siz hushyor turasizmi?»
Bu nutqni birodarimiz Lett so‘zlab, o‘nta qiz haqidagi masalni tushuntirib berdi (Matto 25:1–13). Hozirgi paytda bizga ma’lumki masaldagi kuyov — Isoning, qizlar esa moylangan masihiylarning timsolidir (Luqo 5:34, 35; 2 Korinfliklarga 11:2). Bu masal oxirgi kunlarning eng avj nuqtasi bo‘lmish buyuk qayg‘u paytiga tegishli. Iso masalda aqlsiz qizlar haqida gapirayotib, uning ko‘pgina moylangan xizmatchilari sadoqatsiz bo‘lishiga va ularning o‘rniga boshqalarni tashlashiga ishora qilmagan. Iso bu masalni ogohlantirish sifatida keltirgan. Qizlarning beshtasi aqlli, beshtasi aqlsiz bo‘lgani singari, har bir moylangan masihiy ham tayyorlikni namoyon etishni hamda hushyor turishni yoki sadoqatsiz bo‘lishni o‘zlari tanlashadi.
Biz Xudoning Kalomida yozilganlardan yo‘q narsani qidirishdan qochishimiz darkor. Bunday yondashuvni inobatga olgan holda, mazkur masalning ikir-chikirigacha bashoratli ma’nosini izlamaymiz. Aksincha, masalning amaliy tomonlariga e’tibor qaratsak, oqilona yo‘l tutgan bo‘lamiz. Xoh moylanganlar, xoh «boshqa qo‘ylar» bo‘laylik, barchamiz «hushyor turib», boshqalar oldida nurimiz porlashiga harakat qilishimiz lozim (Yuhanno 10:16; Mark 13:37; Matto 5:16). Hech kim bizning o‘rnimizga sadoqatni saqlab qola olmaydi. Har birimiz ma’nan hushyor turib va xizmatda faol bo‘lib, hayotni tanlashimiz zarur (Qonunlar 30:19).
«Talantlar haqidagi masal».
Keyingi nutqni Yetakchi kengash a’zosi Entoni Morris so‘zladi. Bu nutqda birodarimiz tinglovchilarga talantlar haqidagi masalning oydinlashgan ba’zi tomonlarini aytib berdi (Matto 25:14–30). Bilamizki, masaldagi xo‘jayin (Iso) kelajakda qaytib kelganida qullariga (uning yer yuzidagi moylangan izdoshlari) samoviy hayotni ato etib, ularni mukofotlaydi. Iso yaramas va dangasa qul bilan nima bo‘lishi haqida gapirganida, aksariyat moylangan masihiylar oxirzamon paytida sadoqatsiz bo‘lib chiqishini bashorat qilmagan. Aksincha, u moylanganlarni g‘ayratli bo‘lishlari va yaramas qul namoyon etgan ruh hamda harakatlardan qochishlari kerakligini aytib ogohlantirgan.
Bu masaldan qanday saboq olishimiz mumkin? Masaldagi xo‘jayin qullariga qimmatbaho narsani ishonib topshirdi. Shunga o‘xshab, Hazrati Iso shogirdlariga uning nazarida qimmatbaho xazina bo‘lmish va’zgo‘ylik hamda shogird orttirish ishini ishonib topshirgan. U va’zgo‘ylikda qo‘limizdan kelgancha ishtirok etib, tirishqoq bo‘lishimizni kutadi. Morris akamiz mehmonlarni Shohlik ishida g‘ayrat ila qatnashayotgani uchun maqtadi.
«Yaqinda Xudoning xalqiga kim hujum qiladi?»
Yetakchi kengash a’zosi Jeffri Jekson dasturning yakunida qiziqarli nutq so‘zladi. Jekson birodarimiz kelajakda Mago‘g yurtidagi Go‘g (Ya’juj-Ma’juj) Xudoning xalqiga hujum qilishi haqida gapirdi (Hizqiyo 38:14–23).
Ilgari adabiyotlarimizda Go‘g bu, samodan pastga otilganidan keyin Shayton Iblisga berilgan nom deb tushuntirilardi. Biroq Jekson akamiz nega bunday tushuncha bir qator savollarni keltirib chiqarganiga diqqat qaratdi. Misol uchun, Go‘g mag‘lub bo‘lganida, Yahova uni «turli yirtqich qushlarga va yovvoyi hayvonlarga o‘lja» qilib berishini aytgan (Hizqiyo 39:4). Shuningdek Yahova, «Go‘g va uning to‘dasi uchun» yer yuzida qabriston tayyorlashini bashorat qilgan (Hizqiyo 39:11). Biroq qanday qilib ruhiy mavjudotlar bilan bunday hodisalar yuz berishi mumkin? Axir Shayton 1 000-yilga tubsizlikka qamaladi. U na o‘lja bo‘ladi, na qabristonga ko‘miladi (Vahiy 20:1, 2). Bundan tashqari 1 000-yillikning oxirida Shayton tubsizlikdan ozod etiladi va «yerning to‘rtta burchagidagi xalqlarni — Ya’juj bilan Ma’jujni yo‘ldan ozdirib, ularni jangga yig‘ish uchun chiqadi» (Vahiy 20:7, 8). Agar Shayton Go‘g bo‘lsa, u o‘zini-o‘zi yo‘ldan ozdirmaydi-ku.
Jeffri Jekson Mago‘g yurtidagi Go‘g Shaytonni emas, balki kelajakda Xudoning xizmatchilariga hujum qiladigan xalqlar ittifoqini tasvirlashini tushuntirib o‘tdi. Go‘gning hujumi, «Suriya shohi [«shimol shohi», YADT]» hujumi va «yer yuzi podshohlari» hujumi alohida-alohida hujumlarni tasvirlamaydi (Doniyor 11:40, 44, 45; Vahiy 17:12–14; 19:19).
«Suriya shohi [«shimol shohi», YADT]» kimni tasvirlaydi? Biz oldindan xulosa qilishni istamaymiz. Qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, kelajakda sodir bo‘ladigan bu hodisalar borasidagi tushunchamiz aniqlashayotganini ko‘rish imonimizni mustahkamlaydi. Biz Xudoning xalqiga hujum qilinishidan qo‘rqmaymiz. Sababi, Mago‘g yurtidagi Go‘g hujum qilganida mag‘lubiyatga uchrab, butunlay yo‘q qilinishiga hamda Xudoning xalqi abadiy qolishiga aminmiz *.
Xotima.
Mark Sanderson birodarimiz «Yangi dunyo tarjimasi»ning cho‘ntakka sig‘adigan nashri chop etilganini e’lon qildi. Shuningdek, Muqaddas Kitobning audio yozuvlari chiqishini aytib o‘tdi. Bu audio yozuvlarda Muqaddas Kitobdagi har bir qahramonga alohida ovoz beriladi. Bu audio yozuvlar Injilning Matto kitobidan boshlab jw.org saytiga qo‘yiladi.
Sanderson akamiz 2015-yilgi oyat Zabur 105:1 ga asoslanganini aytdi. Oyatda shunday deb yozilgan: «Egamizga shukrona ayting, U yaxshidir!» Mark birodarimiz barchani Yahovaga har kuni shukrona aytish uchun sabab izlashga undadi.
Dastur yakunida «Yahova — Sening ismingdir» nomli uchinchi yangi qo‘shiq kuylandi. Yetakchi kengashning yettita a’zosi ham sahnaga chiqib, xor hamda mehmonlar bilan birgalikda bu ajoyib qo‘shiqni kuylashdi. Chinakam tarixiy uchrashuvning bunday yakunlanishi ayni muddao bo‘ldi!
^ 22- x.b. Bu va keyingi ikkita nutq «Qo‘riqchi minorasi»ning 2015-yil, 15-mart sonida chop etiladigan maqolalarga asoslangan.
^ 30- x.b. Bu nutq «Qo‘riqchi minorasi»ning 2015-yil, 15-may sonida chop etiladigan maqolaga asoslangan.