Polisiya hamrohligida va’z qilish
Agar Yahova Shohidlaridan biri bo‘lsangiz, xushxabarni polisiya hamrohligida uyma-uy va’z qilishni tasavvur qila olasizmi? 2017-yili Mikroneziyada Jozef bilan aynan shunday voqea yuz berdi. U va yana uchta Yahovaning Shohidi olis orollardagi odamlarga va’z qilish uchun maxsus kampaniyada ishtirok etishdi.
Taxminan tush paytida ushbu to‘rtta va’zgo‘y aholisi chamasi 600 kishidan iborat bo‘lgan kichkina atollga (halqasimon marjon orolga) yetib kelishdi. Sohilda ularni orol hokimi qarshi oldi. Jozef keyin nima bo‘lganini shunday tushuntirdi: «Orol hokimi polisiya mashinasi bizni barcha uylarga olib borishi mumkinligini aytdi. Biz bunday taklifni eshitib hayratda qoldik, ammo xushmuomalalik bilan uni rad etdik. Biz odamlarnikiga odatdagiday uyma-uy yurib tashrif buyurmoqchi edik».
Va’zgo‘ylar piyoda yurib, iloji boricha ko‘proq odamlar bilan gaplashishga qat’iy qaror qilishgandi. Ular shunday deyishdi: «Odamlar mehmondo‘st edi va biz aytayotgan xabarga qiziqish ko‘rsatishdi. Shu bois har bir uyda o‘ylaganimizdan ko‘ra ko‘proq qolib ketdik».
O‘sha kuni kechroq polisiya mashinasi Jozefning yonidan ikki marta o‘tib ketdi, uchinchi martasida esa to‘xtadi. Polisiyachi Jozefga u hali tashrif buyurib ulgurmagan uylarga olib borishni taklif qildi. Jozef shunday deydi: «Men taklifni rad etdim. Ammo bu safar ular: “Vaqtingiz oz qoldi, shuning uchun qolgan uylarga sizlarni o‘zimiz olib boramiz”,— deb turib olishdi. Hali anchagina uylarga tashrif buyurishimiz kerak bo‘lgani uchun, bu safar ularning taklifini rad eta olmadim. Har bir uyning oldiga kelganimizda polisiyachilar menga oilaning familiyasini aytishardi va agar eshikni taqillatganimizda hech kim chiqmasa, signal chalib uy egasini chaqirib berishni taklif qilishdi.
Bunday yordam tufayli biz o‘sha kuni barcha uylarga tashrif buyurishga muvaffaq bo‘ldik. Biz odamlarga anchagina adabiyotlar qoldirdik va qiziqish ko‘rsatganlarga takroran tashrif buyurish uchun zamin yaratdik».
Polisiyachilar Jozefga: «Xushxabarni yoyishda qatnashish juda yoqimli bo‘ldi»,— deb aytishdi. Shohidlar quyosh botayotganida orolni tark etishdi. Sohilda turgan polisiyachilar esa yuzlarida tabassum, qo‘llarida Muqaddas Kitobga asoslangan adabiyotlarni ushlagancha qo‘l silkitib ular bilan xayrlashishdi.