Asosiy materiallarga o‘tish

Ularni yaxshi ko‘rishingizni ayting

Ularni yaxshi ko‘rishingizni ayting

Ong-Li ismli Yahovaning Shohidi Bolgariyada yashaydi. U Zlatka ismli yosh ayol bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazardi, bu ayolning turmush o‘rtog‘i esa tadqiq o‘tmasdi. Ong-Li shunday deydi: «Oilaviy hayot mavzusini muhokama qilayotganimizda, turmush o‘rtog‘imizga va bolalarimizga ularni yaxshi ko‘rishimizni aytish juda muhim ekanini ta’kidladim. Zlatka xomush bo‘lib menga qaradi-da, turmush o‘rtog‘iga va 9 yashar qiziga hech qachon sevgisini izhor etmaganini aytdi».

Zlatka: «Ular uchun hamma narsa qilishga tayyorman, ammo bu so‘zlarni ayta olmayman»,— deb tushuntirdi. Keyin gapida davom etib dedi: «Onam meni yaxshi ko‘rishini hech qachon aytmagan, buvim ham onamga uni yaxshi ko‘rishini hech qachon aytmagan». Ong-Li unga Yahova Isoni yaxshi ko‘rishini baland ovozda aytgani yozilgan oyatni ko‘rsatdi. (Matto 3:17) Shuningdek, Zlatkani Yahovaga bu haqida ibodat qilishga hamda turmush o‘rtog‘i bilan qiziga sevgisini izhor etishni maqsad qilib olishga undadi.

Ong-Li shunday deydi: «Oradan ikki kun o‘tgach, Zlatka Yahovaga ibodat qilib yordam so‘raganini xursandchilik bilan aytib berdi. Eri uyga kelganida, unga Muqaddas Kitobdan xotin erini hurmat qilishi va uni yaxshi ko‘rishi muhimligini bilib olgani haqida bo‘lishibdi. Biroz jim turgach, eriga uni sevishini aytibdi! Qizi ham uyga kelganida, Zlatka uni quchoqlab, yaxshi ko‘rishini aytibdi! Zlatka men bilan shunday deb bo‘lishdi: “Yelkamdan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi. Shuncha yillar davomida tuyg‘ularimni izhor qila olmagandim, ammo Yahovaning yordami bilan, nihoyat, ularni yaxshi ko‘rishimni ayta oldim”».

Ong-Li o‘zi yashayotgan hududdagi insonlarga Muqaddas Kitob tadqiqini taklif qilyapti

Ong-Li gapida davom etib dedi: «Bir haftadan keyin Zlatkaning erini uchratdim, u menga shunday dedi: “Ko‘pchilik siz Zlatka bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tayotganingizdan norozi bo‘lgandi. Lekin endi u Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotgani oilamizga foyda keltirayotganini ko‘ryapman. Nikoh rishtalarimiz yanada mustahkam bo‘ldi, hozir baxtliroqmiz”».